January 8, 2020

Qo’y go’shti

Bu beozor va jannati jonivorni ta'riflash va tanishtirishning hojati yo'q. Hamma yurtlarda, barcha xalqlar tomonidan eng yuvosh, go'sht va yog'i yoqimli, hazmli va mazali hayvon sifatida ko'paytirilib, boqiladigan qo'y asosan xonadonlarda, ya'ni odamlar tomonidan parvarish qilinadi va ko'paytiriladi.

Qo'y go'shtining eng yaxshisi semiz, bir-ikki yoshlisinikidir. Uch va undan katta yoshdagi qo'ylar go'shti qattiq, hazm bo'lishi og'irroq, boz ustiga inson tanasi va sog'ligi uchun foydali moddalar ko'p emas. Eng yemishli, mazali va odam bahra oladigan joyi - biqin, bo'yin, kift va unga yaqin bo'lgan joylarning go'shti.

Mizoji ikkinchi darajada issiq va ho'l.

Shifobaxshlik xislatlari: qo'y go'shti tez hazm bo'ladi, oziqalik quvvati ko'p, undan odamda toza va barqaror qon paydo bo'ladi, tanani yayratib, semirtiradi.

Yuragi, jigari va buyragini yegan kishining yuragi, jigari va buyragini baquvvat qiladi. Agar miyasi ko'p yeyilsa, odamning aqliga salbiy ta'sir qiladi, ya'ni xardamxayollik, xotira sustligi va boshqa noxushliklarni keltirib chiqaradi. Go'shtini loviya va no'xat bilan obdon qaynatib, sirka va asal bilan yeyilsa va tez-tez iste'mol qilib turilsa, badanni baquvvat qiladi. Quvvatsizlik, hushdan ketish, yurak o'ynashi va oriqlab ketishning oldini oladi.

Badanida biror narsaga urib olish, yiqilish va boshqa sabablar bois zarba yegan, ko'kargan, qontalash bo'lgan joyi bor odamlar qo'yni so'ygan paytda go'shtini olib, o'sha joyga issiqma-issiq bog'lasa, dardni daf etadi, shishlarni qaytaradi va jarohat o'rni qolishiga yo'l qo'ymaydi. Shuningdek, badanning shunday zaxmi bor joylarni yangi uzilgan terisiga o'ralsa, o'sha zaxmlarga shifo bo'ladi.

Ilonlar, charrora (katta) chayonlar, qoraqurt chaqqan joylarga qo'yning go'shtini kuydirib bog'lansa, yaxshi davo bo'ladi.

Kuydirilgan go'shtining kuli surmaga o'xshatib ko'zga tortilsa, ko'zdagi xolni yo'qotadi, agar uni sirka bilan aralashtirib surtilsa, teridagi oq dog'larni yo'qotishda foyda beradi.

Agar qo'y go'shti yengil va tez hazm bo'lishini istasangiz, uni sirka va sut bilan iste'mol qiling, shunda uning zararli tomonlarini daf etadi. Shuningdek, qatiq chakkisi, qurut va tatum bilan yeyilsa, oson hazm bo'ladi.