January 5, 2020

Anor

Bu mo'jizali ajib xislatli mevani kimlar ta'riflamaganu, nimalarga qiyoslashmagan. Lekin Markaziy Osiyo xalqlari uni asosan xushxo'r va tanaga rohat bag'ishlovchi meva sifatida iste'mol qilganlar, donasidan sharbatlar tayyorlashgan, po'chog'idan ichketarni to'xtatishda foydalanganlar.

Tib ilmining sohibqironi Abu Ali ibn Sino anorning urug'i asal bilan qo'shib ishlatilsa, tish va quloq og'rig'iga foyda qiladi, burun ichiga surtilsa, dori bo'ladi, nordon-chuchuk anor me'daning yallig'lanishiga foyda qiladi desalar, "Tuhfai Husayniy" risolasining muallifi Sayyid Muhammad Hasrat anorning guli qon tuflash dardini daf etuvchi, ichak yarasiga malham, tish milkiga quvvat baxsh etuvchi dori ekanini aytadi.

Anordan ming yillar davomida xalq tabobati qanchadan-qancha xastaliklarni davolash, yara va shishlarni qaytarishda foydalanilgan.

Shirin anorning mizoji umuman sovuq, birinchi darajada ham, ikkinchi darajada ham ho'l. Po'stining mizoji sovuq va quruq, ancha qabziyatli.

Anorning shifobaxshlik xususiyatlari: anorning ozuqalik jihati oz, lekin uni yegan odamda sog'lom qon paydo bo'ladi. Uni issiq mizojli kishilar yeyishsa, erlik quvvatini oshiradi, badan a'zolarini zararli moddalardan tozalaydi, har xil tiqilmalarni ochadi, ichni yumshatib, peshobni yurishtiradi, chanqatadi. Taomdan keyin yeyilsa, hazmni tezlashtirib, ovqatni me'dadan chiqib ketishini osonlashtiradi. Shuningdek, jigarni tozalab, quvvat bag'ishlaydi, ish faoliyatini yaxshilaydi. Bundan tashqari sariq suv, jigar sustligi, sariq xastaligi, taloq kasalliklari, yurak o'ynashi, ko'krak qafasi a'zolari dardi, issiq yo'talga shifo bo'ladi, odam ovozini ravon va jarangdor qiladi, badanni semirtiradi, qo'tir va qichimani daf etadi, rang-ro'yni ochadi.

Biroq shirin anorni haddan ko'p yeyilsa, hazmni buzadi, me'dani zaiflashtiradi, bodli bo'lganligi bois terining qatlamlarini dag'allashtiradi, shuningdek, isitmasi bor odamlarga zarar qiladi. Bunday paytda yuz bergan holatni bartaraf etmoq uchun nordon anor yemoq lozim. Bordiyu sovuq mizoj odamlarga zarar qilsa, zanjabil yeyishsa, hammasi o'tib ketadi.