Yalpiz
Ba'zi hududlarda buni bog' yalpizi, deyishadi. Oddiy yalpiz barglariga qaraganda, buning barglari maydaroq, nozikroq va yoyiqroq.
Uning shifobaxshlik xislatlari: yalpiz tabobatda oq yalpizga qaraganda hamma tomonlama kuchli va foydaliroqdir. Agar buni yeyilsa, tanaga issiqlik bag'ishlaydi, halovat keltiradi, yurakni baquvvat qiladi, quyuq qonni suyultiradi. Badandagi sovuq mizoj moddalarni haydaydi, ho'l yalpizni arpa uniga aralashtirib peshonaga surtilsa, sovuq tufayli sodir bo'lgan bosh og'riqqa shifo bo'ladi.
Yalpizni tuyib tilga bosilsa, uning dag'alligini yo'q qiladi va agar uni chaynalsa, tish og'riqlarini to'xtatadi.
Uning sharbatini iste'mol qilinsa, qon ketishi va qon qusishini to'xtatadi, ko'krak osti a'zolari va yelkadagi og'riqlarga shifo bo'ladi. O'pka sohasidagi o'pkaning o'zi va ko'krak ichidagi a'zolar rutubatlarini pishiradi va tashqariga haydashga tayyorlaydi, shuningdek, ko'krak ostidagi a'zolarni zararli moddalardan tozalaydi.
Yalpizning ikki-uch shoxini nordon anor suvi bilan iste'mol qilinsa, hiqichoqni bosadi, yurak bezovtaligi, qayt qilish va ich ketishni to'xtatadi, ishtahani ochadi, me'da bezovtaligini bosadi, yurak va me'da dardiga shifo bo'ladi, yalpizni ozroq mustaqo bilan chaynalsa, hiqichoq va yurak o'ynashini qoldiradi, yurakka quvvat beradi, xursandchilik bag'ishlaydi, sariq kasalligini daf etadi va erlik quvvatini oshiradi, yalpizni anor donasi bilan yeyilsa ham ichketarni to'xtatadi.
Yalpizdan bir kunda bir marta yeyish miqdori 9 grammgacha. Yalpizni tuz bilan birga tuyib bog'lansa, quturgan it qopganda badanga o'tgan zaharni daf etadi. Agar uni chaynab badanga bog'lansa, chayonning zahri shiddatini sindiradi. Buni tuyib arpa uni bilan xamir qorib bog'lansa, tanadagi chiqiq va toshmalarni pishiradi va ularga shifo bo'ladi.