February 27, 2021

Ibrat

Ovi yurishmagan burgut uyasiga qaytib keldi. Qarasa , yosh burgutchalar yonida bir begona qushning bolasi o'tiribdi. Uni ko'rib charchagan va ochqagan burgutning jahli chiqdi , alamini shu qushdan olib burdalab tashlamoqchi bo'ldi. Lekin tezda o'zini qo'lga oldi-da , chaqirilmagan mehmonga:

- Sen qayerdan kelib qolding? - dedi.

Bahaybat burgutni ko'rib o'zini yo'qotib qo'ygan qushcha zo'rg'a:

- Men uyimdan bugun birinchi marta uchib chiqdim va adashib qoldim , charchab shu yerga qo'ndim , - dedi.

Qushcha do'mboqqina va juda mazali ko'rinardi. Ammo burgut yemishini ov qilib topishga odatlangani uchun bu ojiz qushchaga hujum qilishni o'ziga ep ko'rmadi. Bundan tashqari , mag'rur qushlar qilib tarbiyalayotgan bolalariga bu ish yomon ibrat bo'lishini o'ylab , jahl bilan orqasiga burilib uchishga tayyorlandi. Biroq ketishidan oldin qushchaga qarab:

- Men qaytib kelguncha bu yerdan ket! Bu yer sening joying emas! - deb osmonga ko'tarildi.

Xulosa

"Qush inida ko'rganini qiladi" , deyishadi mashoyixlar. Bolalar otalarining ishlaridan ibrat olib katta bo'ladilar.