October 21, 2020

Uch Nasihat

Bir odam qushlar uchun tuzoq qo'yibdi. Tuzog'iga bir qush ilinibdi. Qush tuzoqdan qutulish uchun qanchalik harakat qilmasin , buning uddasidan chiqolmabdi. Uni ushlab olgan odamga :

- Ey inson! Sen qancha ho'kizlarni , qo'ylarni yeding. Tuyalarni qurbon qilding. Hech qachon ularga to'ymading-u mening shu kichkina jussamga to'yarmiding? Meni qo'yib yubor , evaziga senga uchta o'g'it aytayin , aqllimanmi-yo'qmi , shunda ko'rasan. O'g'itlarimning birinchisini qo'lingda , ikkinchisini tomga qo'nib , uchinchisini esa daraxtning ustida aytaman. Agar o'g'itlarimga quloq solsang , baxtli hayot kechirasan , - debdi.

Odam qushni istar-istamay eshitibdi. Nima deyishiga qiziqib qolibdi. U rozi bo'libdi. Qush odamning bu holini ko'rgach :

- Qo'lingdaligimda aytmoqchi bo'lgan so'zim shu : bo'lar-bo'lmas narsalarga ishonma.

Bu gap odamga yoqibdi. Qolgan o'g'itlarni ham eshitmoqchi bo'libdi. Qushni istamasa ham qo'yib yuboribdi. Qush uchib borib tomga qo'nibdi. Ikkinchi o'gitini aytibdi :

- Qo'lingdan ketgan baxtga achinma!

Ikkinchi o'g'itini aytganidan so'ng , qush uchib borib daraxtning baland shoxiga qo'nibdi. Unga qarab turgan odamga :

- Mening ichimda kichkinagina javohir bor edi. Agar meni qo'yib yubormaganingda u seni juda ham boy qilar edi. Sen ham , farzandlaring ham boy-badavlat bo'lardingiz. Ammo senga nasib etmadi , qimmatbaho javohirni qo'ldan chiqarding , - debdi.

Odam bu gaplarni eshitib faryod qila boshlabdi. Uning dod-faryodini eshitgan qush :

- Biroz oldin senga qo'lingdan ketgan baxt uchun achinma , deb o'g'it bermadimmi? Qo'ldan chiqardim , deb nega o'zingni qiynaysan? Sen yo o'g'itimni tushunmading yoki karsan. Birinchidan , ichimga javohir qanday sig'sin?

Odam qushning bu so'zlaridan o'ziga kelibdi. Ahmoqona ahvolga tushganini tushunibdi. Darhol o'zini qo'lga olib :

- Unday bo'lsa uchinchi o'g'itingni ayt , - debdi.

- Ha , oldingi o'gitlarimga juda ham yaxshi amal qilding. Uchinchi o'g'itni eshitmoqchimisan. Unday bo'lsa quloqlaringni ochib yaxshilab eshit : " Ahmoq odamga o'g'it berish , toshga urug' ekkan bilan barobardir ".

Qush o'g'itlarini aytganidan so'ng uchib ketibdi. Odam hayron bo'lib orqasidan qarab qolibdi.

Xulosa

Aql insonga sarmoyadir , biror ishni bajarishda inson , albatta , aqlga suyanishi kerak.