January 19, 2020

Asal arining mumi

Tabobatda ming yillar davomida qo'llanilib kelinayotgan ushbu vosita asalari uyasi bo'lib, odamlar ham oziqa, ham shifo uchun iste'mol qiladigan asal aynan ana shu uyalarda jamlanadi. Uning uch xili bor. 1. Asalarilar qancha yo'l bosib, gul va giyohlar bag'ridan saralab yiqqan va avaylab olib kelgan nektarini ana shu uyalarda jamlab asalga aylantiradi. Asali olingan uyalar ham inson sog'lig'i, boshqa ehtiyojlar uchun asqotadi. Biz asalari uyasi deb aytayotganimiz, tabobatda asalari mumi nomini olgan ushbu ne'mat qizil-sariq rangga moyil bo'lib, yumshoq, yog'li va xushbo'yligi bilan ham e'tiborni tortadi. Qolaversa, uning yangisidan asalning hidi keladi. 2. Bu o'sha asal qiyomiga yetadigan xonalar ustidagi pardalar bo'lib, ularda asal bo'lmaydi. Bu yaxshiyu yomonlikda o'rtachadir. 3. Bunisi taslit nomi bilan mashhur bo'lib, ranggi qora, asalarilar uning uyasini balo-qazolardan asrovchi modda sifatida, tibbiyot tili bilan aytganda, infeksiyalardan muhofaza qilgandek, uyasidagi asaldonlar devorlariga surkaydi. Boshqa mumlarga qaraganda muolaja uchun bunisi unchalik samarali emas. Buni ruschasiga propolis deyishadi.

Asalari mumining mizoji ikkinchi darajada issiq va ho'llikda mo'tadildir. Quvvati bir yilgacha muqarrar bo'ladi.

Shifobaxshlik xislatlari: uning umumiy xususiyati badandagi quyuq moddalar va shishlarni tahlil qiluvchidir, keraksiz moddalarni pishiruvchi va badandan chiqarib haydashga tayyorlovchi hamda asablarni yumshatuvchi hisoblanadi. Shuningdek, malhamlardagi isloh qiluvchilik va saqlovchilik xislatlariga ega.

Uning ikki grammini bug'doy donasiga o'xshatib kesib-kesib kunjut yog'ida ivitib ichilsa, ichki zaxmlar ( jumladan me'da va o'pka zaxmlarini, ichaklarning yallig'lanishi va eski ichketar ) ga shifo bo'ladi. Shuningdek, badandagi zaharlarni daf etadi, ko'krak ichidagi a'zolar dardi, yo'tal va sil kasalligiga davo bo'ladi, badanning turli joylarida qotib qolgan sutni tahlil qiladi va shifo bag'ishlaydi. Tomoq og'rig'ini bartaraf etib ovozni musaffo qiladi.

Agar asalari mumini kuydirib bemorga tutuni hidlatilsa, harorati bor bemorlarni terlatadi, burunni yomon hidlardan tozalaydi, qo'lansa hidlar aziyatidan xalos qiladi.

Asalari mumini qizilgul yog'ida yoki zaytun yog'ida eritib, u bilan huqna qilinsa, ichaklar yallig'lanishiga bag'oyat foydalidir. Binafsha yog'iga aralashtirib surtilsa, ko'krak qafasi ichidagi a'zolar dag'alligi va badanning boshqa dag'alliklarini daf qiladi, shishlarni pishiradi, yallig'lanish va qo'tirga qarshi dori bo'ladi va zaxmlar og'zini kengaytirib, yiring va iflos moddalarni chiqib ketishiga sharoit yaratadi, zaharli o'qlar zaxmini daf qiladi.

Gulsafsar yoki oq gul yog'ida tayyorlangan mum yog'i yuzga surtilsa, rang-ro'yini qizil va musaffo qiladi, yuzdagi sepkil dog'larni yo'qotadi, asablarni yumshatadi. Agar ushbu mumyog'ini sariq yoki qizil mumdan gulsafsar yoki qizil gul yog'i aralashmasidan tarkib topgan bo'lib, uch hafta quyoshga tashlab qo'yib, keyin surtilsa, quloq ostidagi shishlarni bartaraf qiladi va shishlarga moddalar yig'ilishini to'xtatadi.