December 29, 2019

Soch oqarishi

Sochga oq tushishini qarilik alomati deyishadi. Lekin turli yoshda sochlar oqarishi mumkin. Biz 14 yoshdagi sochlari oqargan bolani ham, keksayib qolgan bo'lsa-da, sochlariga hali oq tushmagan qariyalarni ham ko'rdik.

Ko'pchilik sochga oq tushishini fojia hisoblab, sochlarini bo'yashga tushadilar. Agar u o'zini biroz yoshroq sezsa, biz uning tarafidamiz. Lekin, bilingki, siz o'zingizni xavfga qo'ymoqdasiz. Soch bo'yog'i ta'sirini kuzatib borish zarur. Chunki biroz ko'proq bo'yoq ishlatib yuborilsa, sochga, hatto sog'likka zarar yetishi turgan gap.

Metall asosidagi soch bo'yoqlari ishlatilganida zaharlanish hollari dermatologlar tomonidan tez-tez qayd etiladi. Zaharlanish oqibati bo'yoq ishlatilgandan so'ng tezda sezilishi mumkin, ba'zan esa bir necha yillardan so'ng bilinadi. Uy sharoitida soch bo'yash har doim muvaffaqiyatli chiqavermaydi, shuning uchun mutaxassislarga murojaat qilgan ma'qul.

Agar sochingizni o'zingiz bo'yamoqchi bo'lsangiz, avval tekshirib ko'ring, ba'zi sochlar bo'yoqni qabul qilmaydi yoki juda xunuk rang hosil qilishi mumkin. Sochingizning kichik bir tutamini bo'yab ko'ring. Natijasiga qarab ish tutasiz. Bosh terisida qandaydir kasallik alomatlari sezilsa, bo'yoqni umuman ishlatib bo'lmaydi. Ba'zan bosh terisi bo'yoqni yoqtirmasligi mumkin. Quloq orqasidagi terini yuvib, biroz bo'yoq surtib, bir kunga qoldiring, so'ngra sovunlab yuvib tashlang, yallig'lanish bo'lmasa, bo'yoqni ishlatishingiz mumkin. Bir bo'yoq ustidan ikkinchisini ishlatmang. Sochlar sinishi mumkin yoki kutilmagan rang hosil bo'ladi. Barcha bo'yoqlar sochni quritadi.