December 8, 2019

Qo'rquvni yengib o'tish

Qo'rquvni yengib o'tish uchun jismoniy, aqliy va ruhiy kuch kerak. Siz o'z qo'rquvingizni o'zingiz yengib o'tishingiz zarur. Buning uchun oqilu donoligingizni unutmang.

Ma'lumki, diniy kitoblarda ta'kidlanganidek, qo'rquvni yengish uchun ruhiy kuch bulog'ini topishingiz mumkin.

Tangriga suyansangiz, sizga qo'rquvni emas, faqat quvvat, sevinch va sog'lom fikrni ato etadi.

Baxtsizlik va muvaffaqiyatsizlik bilan kurashayotgan erkagu ayollarga bu gapni o'rgating, ular buni qayta-qayta takrorlasinlar, toki ular ishonchi mustahkamlanib borsin. Tabiiy hayot dasturiga rioya qilgan holda siz qo'rquv va tanglikdan najot so'rab, Yaratganga murojaat qiling, yolvoring!

Kundalik ibodatingizda siz bu kuchga ro'baro' kelishingiz mumkin. Inson faqat qornini to'ydirish uchungina dunyoga kelmagan.

Qo'rquvdan qochmang, sababini bilishga urining va jismoniy tuyg'u sifatida qabul qiling, aldanib qolmang. Sharq xalqlari ertagida keltirilishicha, bir odamni devlar quvlayotganmish, kecha-yu kunduz qochib qutula olmaganidan so'ng holsizlanib to'xtaydi va orqasiga qarasa, hech narsa yo'qmish, qo'rqqanidan dev ko'ziga xayolan ko'ringan ekan.

Yana xalos bo'ladigan ikkinchi tuyg'u bor, bu o'zingizga o'zingizning rahmingiz kelishi. Ushbu tuyg'uni o'zingizdan tezda haydang, chunki bu o'zgalardan keladigan yordam va xayrixohlikni yo'q qiladi.

Qachonlardir sizning hayotingizga g'am-g'ussa bostirib keladi, bu tabiiy hol, unga tik qarang, bilingki, vaqt barcha narsaga davodir.

Hech qachon mag'lubiyatni qabul qilmang. Esingizda bo'lsin, yana bir imkoniyatni qidirib ko'ring.

Yana bir maslahat - o'tmishingiz bilan yashamang. O'tmishda biz turtki, hatto, tepki yeganmiz, bu esa yurakda izini qoldiradi. O'tmishdan faqat yaxshi dars olish zarur. O'tmishning hammasi ham yomon bo'lavermagan, ko'plab baxtli kunlarni boshdan kechirganmiz, buni esdan chiqarib bo'lmaydi. Lekin o'tmishingiz juda baxtli o'tgan bo'lsa ham, unda to'la qolib ketmaslikka harakat qiling, chunki hayot o'zgaradi.

Bizning quvvatimiz asab kuchimizga bog'liq, shuning uchun quvvatga ega bo'lib, sog'liq va baxt-saodat tomon harakat qilaylik