February 4, 2023

Hasan Basriy rohimahullohning hadis ilmida tutgan o'rni

MUQADDIMA

KIRISH:

1.    Hazrati Aliy roziyallohu anhu haqida ta'rif;

2.    Hasan Basriy rohimahulloh haqida ta'rif;

I.BOB:

1. Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganliklarini tasdiqlamaydigan kishilar;

2. Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganliklarini tasdiqlaydigan kishilar.

II.BOB:

1.    Hasan Basriy rohimahullohning mursal hadislari haqida ulamolarning fikrlari;

2.    Hasan Basriy rohimahullohni hadislarni mursal qilishga undagan sabablar;

3.    Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlaridan namunalar.

XULOSA

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR


BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Muqaddima

Olamlarning Robbi Alloh taologa hamd-u sanolar, ikki olam sarvari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavot-u durudlar bo'lsin! U zotning oilalariga, sahobalariga va ularning yo'lidan yurib, qiyomatga qadar sunnatlarini yetkazadigan zotlarga salomlar bo'lsin! Ammo ba'd:

Hadis ilmi Madinai munavvaradan tarqalishni boshladi. Shu sabab ham ulamolar Madinaga "Sunnat diyori", deya nom berishgan. Sahobalar roziyallohu anhum nabaviy hadislarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib olishdi va ularni boshqalarga yetkazdilar. Nabaviy hadislarni tobe'inlar sahobalarning og'zilaridan qabul qilib olishdi. Madina hadisn rivoyat qiladigan va hadislarni o'rganadiganlarni o'z ichiga qabul qilgan edi. Hadis imomlari hadis eshitishlik uchun Madinaga safar qilib dunyoning turli chekkalaridan kelishar edi. Keyinchalik Basra, Kufa va Shom kabi musulmonlarning ko'pchiligi yashaydigan joylarda ham hadis ilmi keng tarqala boshladi. Ushbu diyorlar hadis ilmi ishtiyoqmandlari uchun safar qilinadigan mashhur yerlarga aylandi va hadis ilmining tarqalishi va saqlanishida muhim vazifani bajardi.

Nabaviy hadislarning saqlanishida o'ziga yarasha davrlari ham bo'lib o'tgan. Darhaqiqat, Alloh taolo O'zining kitobi va rasulining sunnatini muhofaza qilish bilan bu dinning mudofaasini shunday zotlarning qo'liga topshirdiki, u zotlar barchaga ma'lum va mashhur bo'lgan din imomlaridir. Ulamolar u zotlarning nabaviy hadisini himoya qilishda ko'rsatgan matonatlarini zikr qilib, faqat ishonchli roviylardan hadis rivoyat qilishganini aytadilar. U zotlarning ko'rsatgan xizmatlari tengsiz va cheksizdir.

Hadis ilmi ulamolarining orasida hadis ilmining eng ahamiyatli turlaridan "Tahammul" va "Ado" juda mashhurdir. Bu istilohning qisqacha xulosasi shundan iboratki, shogirdning ustozidan hadis eshitishiga "tahammul", so'ng uni boshqalarga rivoyat qilishiga "ado", deyiladi. Har ikkalasining ham o'ziga yarasha shartlari bor. Bugungi asrimizga qadar hadislar mana shu zaylda yetib kelgan. Nabaviy hadislarni naql qilishda sanad silsilasining bor ekani Islom ummatini boshqa ummatlardan ajratib turadigan belgilaridan biridir. Ushbu havola qilinayotgan kurs ishi ham yuqorida zikr qilingan "tahammul" va "ado"ning ichiga kiradigan muhim mavzulardan biri bo'lib, uni "Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislari", deb nomladik.

Ushbu mavzuni tanlashga kaminani bir nechta sabablar undadi. Jumladan:

1-    Hasan Basriy rohimahulloh Hazrati Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklari atrofida aylangan bahslar;

2-    U zotning hadis eshitib, eshitmaganliklari borasida ixtilof qilgan ulamolardan har ikkala tomonning aytgan gaplari;

3-    U zotning hadis eshitmaganligi haqida so'z yuritgan ba'zi ulamolarning kitoblarida hadis eshitganliklariga dalolat qiladigan hadislarni kelganligi.

Quyida kurs ishimizni batafsil bayon qilishga harakat qilamiz. Alloh taolodan ushbu amalimizni xayrli va barcha uchun manfaatli qilishini so'rayman!


KIRISH

1.    Hazrati Aliy roziyallohu anhu haqida ta'rif:

Ismlari: Aliy ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttolib ibn Hoshim ibn Abdumanof Qurashiy Hoshimiy.

Kunyalari: Abulhasan. Ulamolarning ittifoqi bilan yoshlar ichida eng birinchi islomni qabul qilgan shaxs hisoblanadilar.

Tug'ilishlari: Payg'ambarlik kelishidan 10 yil oldin dunyoga kelganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramoqlarida tarbiya topganlar. Tabuk g'azotidan boshqa barcha o'rinlarda u zotdan ajralmaganlar. Tabuk g'azatiga qatnasha olmasliklarining sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotni Madinada o'rinbosar qilib qoldirganlar. U zotni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotimai Zahroga uylantiradilar. Ko'p g'azotlarda musulmonlarning bayrog'i u zotning qo'llarida bo'lar edi.

U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilganlar. U zotdan o'gillari Hasan va Husayn, Ibn Mas'ud, Abu Muso Ash'ariy, Ibn Abbos va boshqa sahobalar hadis rivoyat qilishgan. Tobe'inlardan Abdulloh ibn Shaddod, Toriq ibn Shihob, Abdurrohman ibn Horis ibn Hishom va boshqalar rivoyat qilishgan.

Aliy roziyallohu anhu chavondozligi, shijoati va peshqadamligi bilan mashhur edilar. Umar roziyallohu anhu tashkil qilgan majlisning a'zolaridan biri edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so'ng ilm va fatvo ishlarida bosh bo'lganlar.

Ibn Hajar rohimahulloh aytadilar: Imom Termiziy kuchli sanad bilan Omir ibn Sa'd ibn Abu Vaqqosdan, u kishi otalaridan rivoyat qiladilar: Muoviya ibn Abu Sufyon Sa'dni amir eta turib, "Abu Turobni tahqirlashingdan nima narsa seni to'sib turadi?", dedi. Sa'd: "Hozir men zikr qiladigan uch narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar. Bas, men (shu sabab) uni tahqirlamayman. Menda shu uch narsadan biri bo'lishi qizil tuyadan ham ko'ra suyukliroqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Aliyni ba'zi g'azotlardan qoldirganlarida shunday deganlarini eshitganman: Aliy u zotga: "Yo Allohning rasuli, ayollar va yosh bolalar bilan qoldirasizmi?", deganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: "Mening nazdimda Horunning Musoning oldidagi darajasida bo'lishga rozi bo'lmaysanmi? Faqat menda so'ng payg'ambarlik yo'q", deganlar.

Xaybar kunida u zotning shunday deganlarini eshitganman: "Bayroqni Allohni va rasulini yaxshi ko'rgan, Alloh va rasuli ham uni yaxshi ko'rgan kishiga beraman", dedilar. Bayroqni olishga harakat qildik. U zot: "Menga Aliyni chaqiringlar", dedilar. Uni keltirishdi. Uning ko'zida kasallik bor edi. U zot uning ko'zlariga tufladilar va bayroqni unga berdilar.

"Kelinglar o'g'illarimizni va o'g'illaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni chorlab-yig'aylik" oyati nozil bo'lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy, Fotima, Hasan va Husaynlarni chaqirdilar va "Allohga qasamki, bular mening ahlim", dedilar".

Imom Termiziy Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga "Seni faqat mo'min kishi yaxshi ko'radi. Seni faqat munofiq yomon ko'radi", deb xabar berganlar.

Vafotlari: Hijratning 40-yili Ramazon oyining 17-kechasida vafot etganlar. Uch yarim oy kam besh yil xalifalik qilganlar[1].

2.    Hasan Basriy rohimahulloh haqida ta'rif:

Ismlari: Hasan ibn Abul-Hasan Yasor Basriy. Otalari Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning mavlosidir. Boshqa bir rivoyatda: Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhuning mavlosidir. Onalari Xoyra Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari Ummu Salama roziyallohu anhoning mavlosidir[2].

Kunyalari: Abu Sa'id.

Tug'ilishlari: Ibn Sa'd aytadilar: "Hasan Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifaligining oxirgi ikki yilligida Madinada tug'ilgan"[3]. Bu hijratning 21-yiliga to'g'ri keladi.

Hajjoj ibn Nusayr aytadi: "Hasan Basriyning onasi Miyson[4]da asir tushadi. O'shanda u homilador edi. Farzandini Madinada dunyoga keltiradi".[5]

Yoshliklari: Vadil-quro[6] degan joyda voyaga yetadilar. Usmon roziyallohu anhu bilan juma namozini ado qilganlar va xutbalariga quloq tutganlar. 14-yoshlarida "Yavmud dor"[7] voqe'asiga guvoh bo'lganlar.[8]

Imom Mizziy aytadilar: "Aytishlaricha, Hasan Basriyning onalari uzoq qolib ketganlarida u zot yig'lab qolar ekanlar. Shunda Ummu Salama roziyallohu anho u kishiga ko'krak tutgan ekanlar. Onalari kelgunicha ovutib turgan ekanlar. U zotdagi hikmat va fasohat shuning barakasidan deb aytadilar".[9]

Imom Zahabiy rohimahulloh aytadilar: "Ummu Salama roziyallohu anho u kishiga go'dakliklarida ko'krak tutganliklari va bu bir necha marotaba bo'lganligi rivoyat qilinadi".[10]

Ustozlari: Imom Mizziy aytadilar: "Hasan Basriy Aliy ibn Abu Tolib, Tolha ibn Ubaydulloh va Oisha roziyallohu anhumni o'rganlar. Biroq, ulardan hadis eshitmaganlar".[11] "Anas ibn Molik, Savbon (bu kishi bilan uchrashmaganlar), Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriy, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar ibn Xattob, Abdulloh ibn Amr ibn Os, Abu Muso Abdulloh ibn Qays Ash'ariy, Usmon ibn Abul-Os Saqofiy (bir rivoyatda bu kishidan hadis eshitmaganliklari rivoyat qilinadi), Usmon ibn Affon, Uqba ibn Omir al-Juhaniy, Uqayl ibn Abu Tolib, Aliy ibn Abu Tolib, Ammor ibn Yosir (bu kishidan hadis eshitmaganlar), Umar ibn Xattob (bu kishini ko'rmaganlar), onalari Ummul-Hasan Xoyra roziyallohu anhum va boshqa ko'plardan hadis rivoyat qilganlar".[12]

Imom Mizziy Hasan Basriy rohimahulloh ko'rgan, ammo hadis rivoyat qilmagan sahobalar bilan ko'rishgan va hadis rivoyat qilgan sahobalar ichida Aliy roziyallohu anhudan ham hadis rivoyat qilganliklarini sobit qilmoqdalar.

Shogirdlari: Ayyub, Shaybon Nahaviy, Yunus ibn Ubayd, Ibn Avn, Humayd Tuvayl, Sobit al-Bannoniy, Molik ibn Dinor, Hishom ibn Hasson, Jarir ibn Hozim, Robi' ibn Subayh, Yazid ibn Ibrohim Tustariy, Muborak ibn Fazola va boshqa ko'plab tobe'in va taba'a tobe'inlar u zotdan hadis rivoyat qilishgan.[13]

Ulamolarning u zot haqida aytgan gaplari:

Muhammad ibn Sa'd rohimahulloh aytadi: "Hasan ilmlarni o'zida mujassam qilgan, olim, ulug', faqih, ishonchli, hujjat, omonatdor, ibodatgo'y, xudojo'y, serqirrali, fasohatli, chiroyli, kelishgan kishi edilar. U kishi mursal qilgan hadislar hujjat bo'lmaydi".[14]

Imom Zahabiy rohimahulloh aytadilar: Abu Burda aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'xshaydigan unga (Hasan Basriuyga) o'xshash biror kishini ko'rmadim".[15] Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: "Hasandan so'ranglar. Chunki, u yodda saqlovchidir. Biz esa, unutamiz".[16] Aliy ibn Yazid rohimahulloh aytadi: "Ibn Musayyib, Urva, Qosim va boshqalardan "Hasanga o'xshash biror kishini ko'rmadim. Agar sahoba bo'lib, ular kabi yoshda bo'lganida edi undan oldinga o'tish qiyin bo'lar edi", deb aytayotganlarini eshitganman".[17]

Imom A'mash rohimahulloh aytadilar: "Hali-hanuz Hasan hikmat sohibi bo'lib, uni nutq qiladi. Hasan Abu Ja'far al-Boqirning huzurida zikr qilinganida "Uning so'zi payg'ambarlarning so'ziga o'xshaydi", deb aytar edilar".[18]

Iyso ibn Yunus rohimahulloh aytadi: Fuzayl Abu Muhammaddan rivoyat qilinadi. U kishi autadilar: Hasanning shunday deganini eshitganman: "Men "yavmud dor" kunida 14 yosh edim va men Qur'onni jamlagan edim".[19]

Hasan Basriyning aytgan so'zlaridan: "Odam bolasi, sen kunlardan iboratsan. Bir kun ketganida, sening bir qisming ketadi". "O'lim dunyoning asl yuzini ochadi. U yerda aqlli kishi uchun xursandchilik qoldirmagan".[20]

Vafotlari: Hijratning 110-yili Rajab oyining boshida vafot etganlar. 88 yoshga yaqin umr kechirganlar.

Imom Mizziy aytadilar: "U zotning sifatlari va fazilatlari juda ham ko'p. qichqacha ma'lumot berish uchun mana shu miqdor bilan cheklandik. Tavfiq Allohdandir!".[21]


I.BOB:

1. Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganliklarini tasdiqlamaydigan kishilar:

1 – Abu Zar'a Hayva ibn Shurayh (158-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hasan Aliydan biror narsa eshitmagan".[22]

2 – Imom Ibn Ma'iyn (233-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hasan Aliy ibn Abu Tolibdan biror narsa eshitmagan".[23]

3 – Imom Ibn al-Madiyniy (234-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hasan Mushoji' ibn Mas'ud as-Salamiydan hadis eshitmagan. Hasanning Imron ibn Husoyndan sahih rivoyati yo'q… Madinada Usmon ibn Affondan boshqa biror kishidan hadis eshitmagan".[24]

4 – Imom Termiziy (279-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hasanning Aliy ibn Abu Tolibdan hadis eshitganliklarini bilmaymiz". Boshqa bir o'rinda: "Hasan Aliy roziyallohu anhuning zamonida bo'lgan va u kishi bilan ko'rishganlar. Lekin biz u zotdan hadis eshitganliklarini bilmaymiz", deganlar.[25]

5 – Imom Ibn Abu Hotim (327-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Abu Zar'adan Hasanning Badrda ishtirok etgan sahobalardan birini ko'rganliklari haqida so'rashdi. U kishi: "Ularni faqat ko'rgan. Usmon ibn Affon va Aliyni ko'rgan", dedilar. "Ulardan hadis eshitganmi?", deyishdi. U kishi: "Yo'q. aliy roziyallohu anhuga bay'at berilgan kunda Hasan 14 yosh edi. Aliyni Madinada ko'rgan. So'ngra Aliy roziyallohu anhu Kufa va Basraga ketganlar. Shundan so'ng u zot bilan ko'rishmagan. Hasan: "Zubayrni Aliyga bay'at berayotganini ko'rganman", degan".[26]

6 – Imom Ibn Hibbon (354-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hasan Umar roziyallohu anhuning xalifalik paytlarining oxirgi ikki yilligida tug'ilgan. "Yavmud dor" kuni 14 yoshda edi. Hijriy 37-yili balog'atga yetgan. Siffiyn kechalaridan birida Madinadan ketgan. Aliy bilan ko'rishmagan. Siffiyn voqe'asining ba'zisiga guvoh bo'lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 120 ta sahobalarini ko'rgan. Badrga ishtirok etganlardan faqat Usmon roziyallohu anhu bilan gaplashgan. Usmon roziyallohu anhu esa, Badrga qatnashmaganlar".[27]

7 – Imom Navaviy (676-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "U kishining Aliy ibn Abu Tolib bilan ko'rishganligi aytiladi. U sahih emas".[28]

8 – Imom Mizziy (742-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "(Hasan) fasohatli edi. Aliy ibn Abu Tolib, Tolha ibn Ubaydulloh va Oisha roziyallohu anhumni ko'rgan. Ulardan birortasidan hadis eshitganligi sahih emas".[29]

9 – Imom Zahabiy (748-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Mursal qilib Aliy, Ummu Salama va boshqa sahobalardan hadis rivoyat qilgan. Ulardan birortasidan hadis eshitmagan".[30]

10 – Imom Aloiy (761-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Umar roziyallohu anhuning xalifalik paytlarining tugashiga ikki yil qolganida tug'ilgan. "Vadil quro"da voyaga yetgan. Usmon, Aliy, Tolha va Zubayr roziyallohu anhumni ko'rgan. "Yavmud dor" hodisasiga 14 yoshligida guvoh bo'lgan. Uning Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumdan mursal qilib rivoyat qilgan hadislari bor ekani shubhasiz. Shuningdek, Aliy roziyallohu anhudan ham. Chunki, Aliy roziyallohu anhu xalifa etib bay'at berilganidan so'ng Iroqqa jo'nab ketganlar. Hasan Madinada qolgan va shundan so'ng u zot bilan ko'rishmagan".[31]

2. Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganliklarini tasdiqlaydigan kishilar:

Imom Suyutiy (911-hij. vaf.) rohimahulloh aytadilar: "Hofizlardan bir jamoat Hasan Basriyning Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan hadis eshitganliklarini inkor qiladilar va bu gapni ba'zi mutaaxxir olimlar ham ushlashgan. Shuningdek, u zotning hadis eshitganliklarini boshqa bir jamoat sobit qilgan va bu mening nazdimda rojih, ya'ni ustundir. Buning bir necha sabablari bor. Bu fikrni Hofiz Ziyouddin Maqdisiy rohimahulloh ham "Al-Ahadisu-l muxtoro" asarida tarjih qilgan va shunday deganlar: "Hasan ibn Abul-Hasan Basriy Aliydan rivoyat qilgan. Bir rivoyatda uning hadis eshitmaganligi aytiladi". Ushbu ibora borasida Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh Imom Maqdisiy rohimahullohga ergashadi.

Birinchi sabab: Ulamolar usulda tarjihning ko'rinishlarini zikr qilganlarida, "Sobit qiluvchi nafiy qiluvchidan muqaddamdir. Chunki, unda qo'shimcha ilm bo'ladi", deb aytishgan.

Ikkinchi sabab: Hasan Basriy rohimahulloh ulamolarning ittifoqi bilan Umar roziyallohu anhuning xalifaliklarining so'ngi ikki yilligida dunyoga kelganlar. Onalari Xoyra Ummu Salama roziyallohu anhoning mavlosi bo'lgan. Ummu Salama roziyallohu anho u zotni sahobalarning oldilariga unga baraka so'rashliklari uchun olib chiqar edilar. Bir kuni Umar roziyallohu anhuning oldilariga olib chiqqanlarida, u zot: "Yo Alloh, uni dinda faqih qilgin! Odamlarga uni mahbub qilgin!", deb duo qilganlar. Hofiz Jamoliddin al-Mizziy "Tahzib" asarida buni zikr qilgan.[32] Imom Askariy "Mavoiz" asarlarida buni sanadi bilan taxrij qilgan".

Imom Mizziy rohimahulloh aytadilar: "U 14 yoshligida "yavmud dor" hodisasiga guvoh bo'lgan. Ma'lumki, yetti yoshga to'lgan bolalar namozga buyurilar edi va jamoatga hozir bo'lardi. Usmon roziyallohu anhu shahid qilingunga qadar Usmon roziyallohu anhuning ortlarida namoz o'qiganlar. Bu vaqtda Aliy roziyallohu anhu Madinada edilar. U zot Kufaga Usmon roziyallohu anhuning vafotlaridan so'ng jo'nab ketganlar. Qanday qilib uning hadis eshitganligini inkor qilish mumkin?! Holbuki, u zot 14 yoshga qadar har kuni besh mahal jamoatga masjidda bo'lgan bo'lsalar?! Bunga qo'shimcha qiladigan bo'lsak, Aliy roziyallohu anhu mo'minlarning onalarini ziyorat qilar edilar. Ular orasida Hasan va onasi bor bo'lgan Ummu Salama roziyallohu anhuning uylari ham bor".[33]

Uchinchi sabab: Hasan Basriydan Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklariga dalolat qiladigan rivoyatlar kelgan. Imom Mizziy "Tahzib" asarida aytadilar: "Muhammad ibn Muso al-Haroshiy aytadi: Sumoma ibn Abiyda Atiyya ibn Muhoribdan, u kishi Yunus ibn Ubayddan rivoyat qilib aytadi: Hasandan so'rab, shunday dedim: "Ey Abu Said, siz "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar", deysiz. Holbuki, u zotni ko'rmagansiz?". U kishi: "Ey birodarimning o'g'li, sen mendan oldin biror kishi so'ramagan narsani so'rading. Agar seni mening nazdimda o'rning bo'lmaganida bu haqida senga xabar bermagan bo'lar edim. Men ko'rib turgan zamoningda (ya'ni, Hajjojning zamonida) turibman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar, deb aytgan har bir hadisni Aliy ibn Abu Tolibdan rivoyat qilganman. Lekin men Aliy roziyallohu anhuning nomini zikr qila olmaydigan zamonda turibman", deb javob berdilar".[34] Imom Suyutiy rohimahulloh aytadilar: "Nafiy qiluvchi kishining so'zi Aliy roziyallohu anhuning Madinadan chiqqanlaridan keyingi vaqtga e'tibor qilinadi".[35]

Aytamanki: Hasan Basriy rohimahullohning "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar, deb aytgan har bir hadisni Aliy ibn Abu Tolibdan rivoyat qilganman. Lekin men Aliy roziyallohu anhuning nomini zikr qila olmaydigan zamonda turibman", degan so'zlarida u zotning yashagan zamonlari og'ir zamon bo'lganligiga ochiq-oydin dalolat qiladi. U zamonda biror kishi Imom Aliy roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilishga imkon topa olmagan. Endi Imom Hasan Basriyning holatlarini asti qo'yavering. U zot o'z vaqtida shuhratda, ilmda va huzurida ilm talabida bo'lganlarning ko'pligida tanilganlardan edilar. Bu rivoyatning sanadi bor bo'lishi bilan sahih darajasiga ko'tarilmasa-da, Imom Muslimning sahihlarida keltirgan rivoyatlari buni qo'llab-quvvatlaydi. Imom Muslim rohimahulloh aytadilar: "Qutayba ibn Sa'id va Muhammad ibn Abbod aytadilar: bizga Hotim (ibn Ismoil) hadis aytib berdi, u kishi Bukayr ibn Mismordan, u kishi Omir ibn Sa'd ibn Abu Vaqqosdan, u kishi esa otalaridan rivoyat qiladilar: Muoviya ibn Abu Sufyon Sa'dni amir eta turib, "Abu Turobni tahqirlashingdan nima narsa seni to'sib turadi?", dedi. Sa'd: "Hozir men zikr qiladigan uch narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar. Bas, men (shu sabab) uni tahqirlamayman. Menda shu uch narsadan biri bo'lishi qizil tuyadan ham ko'ra suyukliroqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Aliyni ba'zi g'azotlardan qoldirganlarida shunday deganlarini eshitganman: Aliy u zotga: "Yo Allohning rasuli, ayollar va yosh bolalar bilan qoldirasizmi?", deganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: "Mening nazdimda Horunning Musoning oldidagi darajasida bo'lishga rozi bo'lmaysanmi? Faqat menda so'ng payg'ambarlik yo'q", deganlar.

Xaybar kunida u zotning shunday deganlarini eshitganman: "Bayroqni Allohni va rasulini yaxshi ko'rgan, Alloh va rasuli ham uni yaxshi ko'rgan kishiga beraman", dedilar. Bayroqni olishga harakat qildik. U zot: "Menga Aliyni chaqiringlar", dedilar. Uni keltirishdi. Uning ko'zida kasallik bor edi. U zot uning ko'zlariga tufladilar va bayroqni unga berdilar.

"Kelinglar o'g'illarimizni va o'g'illaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni chorlab-yig'aylik" (Oli Imron surasi, 61) oyati nozil bo'lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy, Fotima, Hasan va Husaynlarni chaqirdilar va "Allohga qasamki, bular mening ahlim", dedilar".[36]

Imom Muslimdan yana rivoyat qilinadi: Qutayba ibn Sa'id Abdulaziz ibn Abu Hozimdan, u kishi Abu Hozimdan, u kishi Sahl ibn Sa'dddan rivoyat qiladilar: Madinaga Marvon oilasidan bir kishi bosh etib tayinlandi. U Sahl ibn Sa'dni chaqirdi va undan Aliyni so'kishini so'radi. Sahl bundan bosh tortdi. Shunda u "Agar so'kishdan bosh yortsang, hech bo'lmasa Abu Turobni Alloh la'natlasin, deb ayt", dedi. Shunda Sahl: "Aliyning Abu Turobdan ko'ra ortiq yaxshi ko'radigan ismi yo'q edi. U ism bilan chaqirilganda xursand bo'lar edi", dedi.[37]

Ushbu rivoyatlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va tobe'inlar Bani Umayya zamonida Imom Aliy roziyallohu anhuning sha'nlari borasida sukut saqlashni yaxshi, deb bilishgan. Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadislar yo oshkora (ya'ni, sanadda zikr qilingan) tarzda bo'lgan va roviylar bu bilan ba'zi xatar va aziyatlarga duch kelgan yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mursal holatda rivoyat qilingan va bu yo'lni Hasan Basriy rohimahulloh ixtiyor qilganlar. Imom Mizziyning "Tahzibul kamol" va Imom Suyutiyning "Tadribur roviy"[38] asarlarida keltirgan rivoyatlar bunga dalolat qiladi.


II.BOB:

1.    Hasan Basriy rohimahullohning mursal hadislari haqida ulamolarning fikrlari:

Imom Jaloliddin Suyutiy rohimahulloh Imom Hasan Basriy rohimahullohning mursal hadislari borasida ulamolarning aytgan fikrlarini umumiy qilib keltiradilar:

1 – Imom Ibn Madiyniy rohimahulloh aytadilar: "Ishonchli kishilarning Hasan Basriydan rivoyat qilgan mursal hadislari sahihdir. Undan past bo'lgani (ya'ni, sahih bo'lmaganlari) juda ozdir".[39]

2 – Imom Abu Zur'a rohimahulloh aytadilar: "Hasan Basriyning "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar", deb rivoyat qilgan hadislarning barchasini aslini topdim. To'rt dona hadis bundan mustasno".[40]

3 – Yahyo ibn Said al-Qatton rohimahulloh aytadilar: "Hasanning "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar", deb boshlagan hadislarining aslini topdik. Bundan faqat bir yoki ikki hadis mustasno".[41] Ibn Hajar rohimahulloh aytadilar: "Shoyad Hasan Basriy jazm siyg'asida aytgan hadislarni nazarda tutdilar".[42]

4 – Bir kishi Hasan Basriyga "Ey Abu Said, siz bizga hadis aytib berganingizda "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar", deysiz. Qani edi bizni ham hadisni eshitgan kishingizga sanadimizni bog'lasangiz?", dedi. Shunda Hasan Basriy rohimahulloh: "Ey kishi, biz yolg'on so'zlamadik va bizga ham yolg'on so'zlashmadi. Biz Xurosonga g'azot qilganimizda biz bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 300 ta sahobalari bore di", dedilar.[43]

5 – Yunus ibn Ubayd rohimahulloh aytadilar: "Hasan Basriydan "Ey Abu Said, siz bizga "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar", deb hadis aytasiz. Siz u zotni ko'rmagansiz-ku?!", deb so'radim. U kishi: "Ey birodarimning o'g'li, sen mendan oldin biror kishi so'ramagan narsani so'rading. Agar seni mening nazdimda o'rning bo'lmaganida bu haqida senga xabar bermagan bo'lar edim. Men ko'rib turgan zamoningda (ya'ni, Hajjojning zamonida) turibman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar, deb aytgan har bir hadisni Aliy ibn Abu Tolibdan rivoyat qilganman. Lekin men Aliy roziyallohu anhuning nomini zikr qila olmaydigan zamonda turibman", deb javob berdilar".[44]

6 – Muhammad ibn Said rohimahulloh aytadilar: "(Hasan Basriyning) sanadi bilan zikr qilgan hadisi yoki eshitgan kishisidan qilgan rivoyati hasan va hujjatdir. Mursal qilgan hadislari hujjat emasdir".

7 – Hofiz Iroqiy rohimahulloh aytadilar: "Hasanning mursal hadislari ularning (muhaddislarning) nazdida shamolga o'xshaydi".[45]

8 – Imom Ibn Jarir rohimahulloh aytadilar: "Tobe'inlar mursal hadisni qabul qilishga ijmo qilishgan. Birinchi bo'lib uni qabul qilmagan kishi Imom Shofe'iydir".[46]

9 – Imom Ibn Abdul-Barr rohimahulloh aytadilar: Habib ibn Shahid aytadi: Menga Muhammad ibn Sirin "Hasandan aqiqaga doir hadisni kimdan eshitganligini so'ra", deb aytdilar. Undan so'raganimda "Samura (ibn Jundub roziyallohu anhu)dan", deb javob berdilar. (Imom Ibn Abdul-Barr rohimahulloh aytadilar): "Ishonchli kishilarning mursal hadislari mana shundaydir. Har qachon ulardan (sanad) so'ralsa, ishonchli kishilarga yo'llaydilar".[47]

10 – Imom Mizziy rohimahulloh aytadilar: Hammod ibn Salama Aliy ibn Zayddan rivoyat qiladi: Hasan bir hadis rivoyat qilganida, unga "Ey Abu Said, buni kimdan eshitgansiz?", dedim. U "Bilmadim. Lekin uni ishonchli kishidan olganman", dedi. Shunda unga "U sizga men rivoyat qilganman", dedim.[48]

11 – Mulla Aliy Qoriy rohimahulloh "Sharhun nuxba" asarida aytadilar: "Shuning uchun ham jumhur ulamolar uning holatining zohir ekani va sahobiydan rivoyat qilgan bo'lishligi ehtimoli bor ekani, ba'zi sabablarga ko'ra (sahobiyning ismini) hazf qilgan bo'lishi e'tiboridan mursal hadisning mutloq hujjat ekanini aytishadi. Shuningdek, roviyning sahobalarning jamoasidan rivoyat qilgan hadisi ham shu kabidir. Xuddi, Hasan Basriy rohimahulloh aytganlaridek: "(Hadisni) to'g'ridan-to'g'ri keltirdim, sababi uni yetmishga yaqin sahobadan eshitganman". Shuningdek, Hasan Basriy Aliy roziyallohu anhuning ismlarini hazf qilar edi. Sababi fitna xavfi bor bo'lganidir".[49]

Ko'rinib turibdiki, yuqorida keltirib o'tilgan naqllarda Imom Hasan Basriy rohimahulloh haqlarida maqtovlar va shahodatlar mavjud. Biroq, mursal hadislar umumiy tarzda qabul qilinavermaydi. Balki, chuqur tadqiq va bahs qilishga zarurat seziladi. Imom Suyutiy rohimahulloh "Tadrubur roviy" asarida mursal haqida Ibn Jarir rohimahullohning so'zlarini va Imom Shofe'iy rohimahullohning mavqiflarini keltirganlaridan so'ng mursal hadis ma'lum muddat ichida mashhur bo'lganiga, keyinchalik odamlarning o'zgarishi bilan yolg'onchilik va bid'atlar paydo bo'lgani sababidan mursal hadislar ichiga zaiflari ham aralashganligiga dalolat qiladigan ma'lumotlarni keltirganlar. Jumladan Imom Suyutiy rohimahulloh aytadilar: "Imom Bayhaqiy bu narsaga diqqat qaratdilar va "Madxal" asarlarida "Insonlarning o'zgarishi bilan yolg'onchilik va bid'atlarning paydo bo'lganidan so'ng mursal hadislarning zaiflashishiga dalolat qiladigan narsalar haqida", degan bobni zikr qilganlar. Unda Imom Muslimning Ibn Sirindan keltirgan rivoyatlarini zikr qilganlar: "Insonlarga shunday zamon keladiki, unda hadisning sanadi haqida so'ralmay qo'yadi. Fitna voqe bo'lganidan so'ng sanad haqida so'raladi va qaraladi. Agar roviy ahli sunnadan bo'lsa, hadisi olinadi. Agar ahli bid'atdan bo'lsa, hadisi tark qilinadi"[50].[51]

2.    Hasan Basriy rohimahullohni hadislarni mursal qilishga undagan sabablar:

1 – Hasan Basriy yashagan zamonda kuzatilib turgan holat. To'g'ri ilmiy tomondan olib qaraganda oltin davr bo'lgan. Ushbu davrda ko'plab sahobalar bor bo'lishgan. Tobe'inlar ulug' sahobiylar bilan zamondosh bo'lib, ulardan ilm olishgan. Hasan Basriy rohimahulloh kabi boshqa tobe'inlardan ham hadislarni mursal qilish sodir bo'lgan: Ibn Musayyib, Ato va Naxaiy kabi zotlar. Imom Hokim turli tomonlarda turib, hadislarni mursal qilgan zotlar haqida shunday deydilar: "Eng ko'p mursal hadislarni rivoyat qilganlar Madina ahlidan Said ibn Musayyib, Makka ahlidan Ato ibn Abu Rabob, Misr ahlidan Said ibn Abu Hilol, Shom ahlidan Makhul al-Dimashqiy, Basra ahlidan Hasan ibn Abul-Hasan va Kufa ahlidan Ibrohim ibn Yazid Naxaiy rohimahumullohlardir".[52]

Sanadni zikr qilmaslikka sabab roviyning o'zidan tepadagi shaxs bilan uchrashganligi ochiq-oydin bo'lganidir. Sanadni bayon qilish birinchi asrda joriy bo'lgan. Sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlariga yaqin bo'lish, roviylarning rostgo'yligi va omonatdorligidir. Bunga quyidagi rivoyat ham ishora qiladi: Abdulloh ibn Salama ibn Aslamdan rivoyat qilinadi: "Hech bir kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qasddan yolg'on aytadi, deb ayblamaganmiz. Toki mashriq ahlidan bir jamoa kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biz bilmagan hadislarni rivoyat qilgunga qadar. Men va Molik ibn Anas uchrashganimizda "Ey Abu Abdulloh, Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini bilishda kimdan ekanligi va kimdan olinganligini bilishimiz lozim bo'lmoqda", dedim. Molik "To'g'ri aytdingiz, ey Abu Salama. Men ham bir hadisni sanadi zikr qilinmasa qabul qilmas edim".[53]

2 – Imom Aloiy rohimahulloh Hasan Basriyning hadislarni mursal qilish sababini zikr qilib aytadilar: "U hadisni ishonchli bo'lgan bir jamoadan eshitgan bo'ladi. Ushbu hadis uning nazdida sahih bo'lib, uni sahih ekanini bilgan holda mursal qiladi".[54]

Yuqorida Hasan Basriyning aytgan so'zlarini ham keltirgan edik: "Biz yolg'on so'zlamadik va bizga ham yolg'on so'zlashmadi". Agar u zotdan bu hadisni kimdan eshitgansiz, deb so'ralsa, falonchidan deb aytar edilar. Misol uchun, Imom Ibn Abdul-Barr rohimahulloh aytadilar: Habib ibn Shahid aytadi: Menga Muhammad ibn Sirin "Hasandan aqiqaga doir hadisni kimdan eshitganligini so'ra", deb aytdilar. Undan so'raganimda "Samura (ibn Jundub roziyallohu anhu)dan", deb javob berdilar. (Imom Ibn Abdul-Barr rohimahulloh aytadilar): "Ishonchli kishilarning mursal hadislari mana shundaydir. Har qachon ulardan (sanad) so'ralsa, ishonchli kishilarga yo'llaydilar".[55]

"Tobaqotul kubro" asarida Ibn Sa'd rohimahulloh keltiradilar: Abdulloh ibn Burayda Hasan Basriydan bir hadisni eshitganida, "Ey Abu Said, uni kimdan eshitgansiz?", deb so'radi. Shunda u zot "Uni Abu Hurayra roziyallohu anhudan eshitganman", dedilar.[56]

Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: "Har qachon menda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan to'rt nafari (sanadda) jamlansa, ularni tark qilar va sanadni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog'lar edim".[57]

3 – Hasan Basriy yashab turgan zamonda kuzatilgan sabablar. Yuqorida bu haqida ulamolarning so'zlarini keltirdik. Hasan Basriyning bu ishlar maqtovga loyiq. Zero, ko'p hadislarning saqlanib qolishiga sabab bo'ldilar va ularni rivoyat qildilar.

Hadislarni mursal qilishlarining boshqa sabablari bo'lishi ham mumkin. Masalan, onalaridan eshitgan hadislarini ham mursal holatda rivoyat qilganlar. Chunki, onalari faqat sahobalardan rivoyat qilar edilar. Hamda ularning hayotlari sahobalarning uyida o'tgan. Yuqorida zikr qilingan sabablar Hasan Basriyning hadislarni mursal qilish sababini bayon qilishga yetrli bo'lsa kerak.[58]

3.    Hasan Basriy rohimahullohning Hazrati Aliy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlaridan namunalar:

1 – Imom Termiziy rohimahulloh aytadilar: Muhammad ibn Yahyo al-Quta'iy al-Basriy bizga hadis aytadilar: Bishr ibn Umar bizga hadis aytadilar: Hammam bizga hadis aytadilar: Qatoda bizga hadis aytadilar: Hasan Basriy bizga hadis aytadilar: Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qalam uch kishidan ko'tarilgandir: uxlayotgan kishidan to uyqudan uyg'ongunga qadar, yosh boladan to voyaga yetgunga qadar va aqli zaif kishidan to aqli kirgunga qadar".[59]

2 – Imom Ahmad rohimahulloh aytadilar: Muhammad ibn Ja'far bizga hadis aytadilar: Sa'id Qatodadan va u kishi Hasan Basriydan rivoyat qiladilar: Umar ibn Xattob roziyallohu anhu majnuna ayolni (zino qilgani uchun) toshbo'ron qilmoqchi bo'ldilar. U zotga Aliy roziyallohu anhu aytdilar: "Sizga undan nima naf? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: "Qalam uch kishidan ko'tarilgandir: uxlayotgan kishidan to uyg'ongunga qadar, yosh boladan to ulg'aygunga qadar va majnundan to tuzalgunga – yoki aqli kirgunga – qadar". Umar roziyallohu anhu toshbo'ronni bekor qildilar".[60]

3 – "Musnadi Abu Ya'lo" asarida shunday keladi: Havsaro ibn Ashros bizga hadis aytadilar: Uqba ibn Abu Sohba al-Bohiliy bizga hadis aytadilar: Hasan Basriyning shunday deganini eshitdim: Aliy roziyallohu anhuning shunday deganlarini eshitdim: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ummatimning misoli yomg'ir misoli kabidir". Imom Suyutiy rohimahulloh aytadilar: Ustozlarimizning ustozi Muhammad ibn Hasan ibn Soyrafiy rohimahulloh aytadilar: "Bu Hasanning Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganligi borasida ochiq-oydin hujjatdir. Bu hadisning rijollari ishonchlidir". Havsaroni Ibn Hibbon ishonchli, deganlar. Uqbani Imom Ahmad va Ibn Ma'iyn ishonchli, deganlar[61].[62]

4 – Imom Nasoiy rohimahulloh aytadilar: Hasan ibn Ahmad ibn Habib bizga hadis aytadilar: Shoz ibn Fayyoz bizga hadis aytadilar: Umar ibn Ibrohim Qatodadan, u kishi Hasan Basriydan, u kishi Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Hijoma qiluvchi ham, hijoma qildiruvchi ham ro'zasini ochadi".[63]

5 – Imom Ibn Moja rohimahulloh aytadilar: Horun ibn Abdulmalik al-Hammol bizga hadis aytadi: Ibn Abu Fudayk bizga hadis aytadi: Xalil ibn Abdulloh Hasan Basriydan, u kishi Aliy ibn Abu Tolib, Abu Dardo, Abu Hurayra, Abu Umoma al-Bohiliy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Amr, Jobir ibn Abdulloh va Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumdan rivoyat qiladilar: Ularning barchalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytadilar: "Kim Alloh yo'lida bir nafaqani yuborsa va uyida qoim tursa, u uchun har bir dirhamga yetti yuz dirhamning savobi bo'ladi. Kim Alloh yo'lida g'azotga chiqsa va bu yo'lda infoq qilsa, u uchun har bir dirhamga yetti yuz ming dirhamning savobi bo'ladi". So'ng ushbu oyatni tilovat qildilar: "Va Alloh kimga xohlasa, ko'paytirib beradi" (Baqara surasi 261-oyat).[64]


XULOSA

Ushbu kurs ishida quyidagi xulosalarga to'xtalamiz:

1 – Imom Hasan Basriy rohimahullohning dunyoga kelishlari Madinada bo'lgan. U zotning onalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari Umma Salama roziyallohu anhoning xizmatchilari bo'lgan. Onalari Ummu Salama roziyallohu anhoning xizmatlarida bo'lganida, Hasan Basriy yig'lab qolar edi. Ummu Salama roziyallohu anho Hasan Basriyning onalari kelgunga qadar ko'kraklarini unga tutib, ovurib turar edilar. Ulamolar Hasan Basriydagi hikmat va fasohat uning barakasidan deb bilishgan.

2 – Imom Hasan Basriy rohimahulloh Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning zamondoshlari bo'lganlar. Aliy roziyallohu anhu vafot etgan vaqtlari Hasan Basriyning yoshlari 19 yosh atrofida edi. Ulamolar Hasan Basriyning Aliy roziyallohu anhuni Madinada ko'rganliklarini sobit qilishadi. "Musnadi Abu Ya'lo" asarida hasan sanad bilan Hasan Basriyning Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklarini keltiriladi.

3 – Imom Hasan Basriy rohimahulloh Madinada sahobalarning ortida namoz o'qiganlar. Xususan, Usmon roziyallohu anhu va Aliy roziyallohu anhuning ortlarida. O'sha vaqtlari u zotning yoshlari 14 da bo'lgan. O'sha vaqtlari Qur'oni karimni yod olgan edilar. U zotlarning ortlarida namoz o'qiganliklari ulardan hadis eshitganliklariga ham dalil bo'ladi. Shayx Ahmad Shokir: "Lekin biz bunga (hadis eshitishlikka) zamondosh bo'lish kifoya deb aytamiz", deb aytadilar.

4 – Imom Suyutiy rohimahulloh Hasan Basriy rohimahullohning Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklarini aytganlar. Hadis eshitganliklarini rad etadigan kishilarning so'zlarini Aliy roziyallohu anhuning Madinadan Kufaga ketganliklaridan keyingi vaqtlarga deb e'tibor qiladilar. Imom Suyutiyning bu borada aytgan gaplari quvvatliroqdir.

5 – Hasan Basriy rohimahullohning ba'zi rivoyatlarda mursal qilishliklarining sabablari mavjud. Xossatan, o'sha vaqtdagi siyosiy holat shuni taqozo qilgan. Bu haqida rivoyatlar ketirilgan. Yunus ibn Ubaydning rivoyati bunga misol bo'la oladi.

6 – Ulamolarning Hasan Basriyning Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklari borasida qilgan ixtiloflarida avvalboshda u zotning hadis eshitganliklarini rad etganlar, so'ngra u zotning hadis eshitganliklariga dalolat qiladigan boshqa rivoyatlarni keltirganlar mavjud. Imom Termiziy va Imom Nasoiy rohimahumalloh buni rivoyat qilganlar.

7 – Hasan Basriyning Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarning sanadining sahih yoki hasan bo'lishi u zotning Aliy roziyallohu anhudan hadis eshitganliklarini qo'llab-quvvatlaydi.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1.    "Usdul-g'oba fi ma'rifatis sahoba", Abul-Hasan Aliy ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Jazariy, "Dorul kutubil ilmiyya" nashriyoti

2.    "Al-Isoba fi tamyizis sahoba", Shayxul-Islom Ibn Hajar al-Asqaloniy, "Dorul kutubil ilmiyya" nashriyoti

3.    "Tarixu Ibn Ma'iyn", Abu Zakariyyo Yahyo ibn Ma'iyn al-Bag'dodiy, "Ihyo turosil islamiy" nashriyoti

4.    "Tarixul islam va vafoyatil mashohir val a'laam", Shamsiddin Abu Abdulloh Zahabiy, "Dorul g'arb al-islamiy" nashriyoti

5.    "Tarixu Bag'dod", Abu Bakr Ahmad ibn Aliy Xatib al-Bag'dodiy, "Dorul g'arb al-islamiy" nashriyoti

6.    "Tadribur roviy fi sharhi taqribin Navaviy", Abdurrohman ibn Abu Bakr Jaloliddin Suyutiy, "Doru Toyba" nashriyoti

7.    "At-Tamhid limaa fi muvatto minal ma'oniy val asonid", Abu Umar Yusuf ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdul-Barr an-Namariy, "Vizarotu umimil avqof" nashriyoti

8.    "Tahzibul asmo val lug'ot", Abu Zakariyya Muhyiddin ibn Yahyo ibn Sharaf Navaviy, "Dorul kutubil ilmiyya" nashriyoti

9.    "Tahzibul kamol fi asmoir rijol", Yusuf ibn Abdurrohman ibn Yusuf Jamoliddin Mizziy, "Muassasatur risala" nashriyoti

10.   "Jome'ut tahsil fi ahkomil marosil", Salohiddin Abu Said Xalil ad-Dimashqiy, "Olamul kutub" nashriyoti

11.    "Al-Jome'ul kabir" (Sunani Termiziy), Muhammad ibn Iyso Termiziy, "Dorul g'arb al-islamiy" nashriyoti

12.   "Al-Hoviy fil fatovo", Abdurrohman ibn Abu Bakr Jaloliddin Suyutiy, "Dorul fikr" nashriyoti

13.   "Hilyatul avliyo va tobaqotul asfiyo", Abu Nu'aym Ahmad ibn Abdulloh ibn Mehron al-Isfahoniy, "Dorul fikr" nashriyoti

14.   "Siyaru a'lamin nubalo", Shamsiddin Zahabiy, "Muassasatur risala" nashriyoti

15.   "Sharhu nuxbatil fikar fi mustalahoti ahlil asar", Aliy ibn Sulton Abul-Hasan Nuriddin Mulla al-Qoriy, "Dorul arqom" nashriyoti

16.   "Tobaqotul kubro", Abu Abdulloh Muhammad ibn Sa'd al-Bag'dodiy, "Doru Sodir" nashriyoti

17.   "Fathul mug'iys bi sharhi alfiyatil Iroqiy", Shamsiddin Abul-Xoyr Muhammad ibn Abdurrohman Saxoviy, "Maktabatus sunna" nashriyoti

18.  "Al-Kifoya fi ilmir rivoya", Abu Bakr Ahmad ibn Aliy Xatib al-Bag'dodiy, "Maktabatul ilmiyya" nashriyoti

19.  "Al-marosil", Abu Muhammad Abdurrohman ibn Muhammad ibn Idris ibn Abu Hotim ar-Roziy, "Muassasatur risala" nashriyoti

20.  "Vafayotul a'yon va anba'u abnaiz zamon", Abul-Abbos Shamsiddin Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Xalikon, "Doru Sodir" nashriyoti


[1] "Isoba fiy tamyizis sahoba" (4\464), "Hilyatul avliyo va tobaqotul asfiyo" (1\61), "Usdul g'oba fiy ma'rifatus sahoba" (4\87)

[2] "Tahzibul kamol" (5\95-96)

[3] "Tobaqotul kubro" (7\156)

[4] Iroqning Vosit va Basra shaharlari o'rtasida xurmozorlari ko'p yer. "Mo'jamul buldon" (5\242)

[5] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\564)

[6] "Vadil-quro" deb nomlanishiga qishloqlari juda ko'p bo'lgan yer bo'lgani sababdir. Bugungi kunda "Vadil-ula" moni bilan mashhur bo'lgan Madinaning shimoliy qismida joylashgan hududni o'z ichiga oladi. "Mo'jamul ma'olimil jug'rofiya fiy siyratin nabaviyya" (250-B.)

[7] "Yavmud dor" voqeasi – Usmon roziyallohu anhuning Madinada o'z hovlilarida qamal qilingan voqe'a

[8] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\564)

[9] "Tahzibul kamol" (6\97)

[10] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\565)

[11] "Tahzibul kamol" (6\97)

[12] "Tahzibul kamol" (6-97)

[13] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\566)

[14] "Tobaqotul kubro" (7\157-158)

[15] "Tahzibul kamol" (6\104)

[16] "Tahzibul kamol" (6-104)

[17] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\564)

[18] "Hilyatul avliyo" (2\147)

[19] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\577)

[20] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\585), "Hilyatul avliyo" (2\149)

[21] "Tahzibul kamol" (6-126)

[22] "At-talxisul habir fiy taxriji ahadisir Rofi'iy al-Kabir libni Hajar" (1\470)

[23] "Tarixu ibni Ma'iyn" (4\260)

[24] "Al-Ma'rifatu vat tarix" (2\52)

[25] "Al-jome'ul kabir" (3\84)

[26] "Marosil libni Abi Hotim ar-Roziy" (31-bet)

[27] "As-siqot libni Hibbon" (4\123)

[28] "Tahzibul asmo val-lug'ot" (1\161)

[29] "Tahzibul kamol fiy asmoir rijol" (6\97)

[30] "Siyaru a'lamin nubalo" (4\566)

[31] "Jome'ut tahsil" (162-bet)

[32] "Tahzibul kamol" (6\104)

[33] "Tahzibul kamol" (6\97)

[34] "Tahzibul kamol" (6\124)

[35] "Al-Hoviy lil-fatova" (2\122)

[36] "Sahihi Muslim", "Sahobalarning fazilatlari" bobi, 4\1871

[37] " Sahihi Muslim", "Sahobalarning fazilatlari" bobi, 4\1874

[38] "Tadribur roviy" (1\231)

[39] "Tahzibul kamol" (6\124)

[40] "Ad-duofa" (3\757)

[41] "Sharhu ilali Termiziy" (530-bet)

[42] "Tadribur roviy" (1\228)

[43] "Tahzibul kamol" (6\124)

[44] "Tahzibul kamol" (6\124)

[45] "Fathul mug'iys bi sharhi alfiyatil hadis" (1\327)

[46] "Tadribur roviy" (1\230)

[47] "At-Tamhid limaa fil muvatto minal ma'oniy val asonid" (1\37)

[48] "Tahzibul kamol" (6\121), "Tobaqotul kubro" (7\164)

[49] "Sharhu nuxbatil fikar fi mustalahi ahlil asar" (403-bet)

[50] "Sahihi Muslim", Muqaddima, "Isnod dindandir" bobi, (1\15)

[51] "Tadribur roviy" (1\228-229)

[52] "Ma'rifatu ulumil hadis" (25-bet)

[53] "Al-Kifoya fi ilmir rivoya", "Mursal hadislarni qabul qiladigan kishilarning hujjati" bobi.

[54] "Jome'ut tahsil" (87-bet)

[55] "At-Tamhid limaa fi muvatto minal maoniy val asonid" (1\37)

[56] "Tobaqotul kubro" (7\158)

[57] "Jome'ut tahsil" (71-bet)

[58] "Hasan Basriy va hadisihul mursal" (495-bet)

[59] "Sunani Termiziy", "Had vojib bo'lmaydiganlar" bobi, (4\32), Imom Termiziy ushbu hadisni hasan g'arib, deganlar

[60] "Musnadi Imom Ahmad" (2\95), Shayx Ahmad Shokir ushbu hadisning isnodini ko'rinishidan mursal bo'lsa ham sahih deganlar.

[61] "Tarixi Bag'dod" (14\194)

[62] "Al-Hoviy lil fatovo" (2\125)

[63] "Sunani Nasoiy", "Ro'za" kitobi, "Ro'zador kishining hijoma qildirishi" bobi, (3\326)

[64] "Sunani Ibn Moja", "Jihod" kitobi, "Alloh yo'lida sadaqa qilishning fazilati" bobi, (4\312)