Shofirkon tumanida zamonaviy Davlat xizmatlari markazi binosi foydalanishga topshirildi
Mustaqilligimizning 32 yilligida Davlat xizmatlari markazining ochilishi nafaqat Shofirkonliklar uchun, balki barchamiz uchun muhim voqeadir. Endilikda ushbu markaz orqali fuqarolar 300 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin boʻladi.
Yangi Davlat xizmatlari markazi ham davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili asosida, yaʼni yashash joyidan qatʼiy nazar foydalanish imkonini beradi. Shu oʻrinda takrorlanmas meʼmoriy dizaynga ega Markaz Shofirkon tumanining 184 000 dan ortiq aholisiga xizmat koʻrsatish uchun barcha shart-sharoitlarga ega.
Yangi binoda adliya boʻlimi, yuridik xizmat koʻrsatish markazi, FHDYO boʻlimi va davlat xizmatlari markazining bir joyda boʻlishi hudud aholisiga yana bir qulaylik yaratadi.
Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati va Shofirkon tuman hokimi A.Fayzulloyev, adliya boʻlimi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishib, Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida fuqarolarimizga yaxshi qulayliklar yaratilganligini taʼkidlab oʻtishdi.
Bino qurilishida, zamonaviy shaharsozlik normalariga muvofiqlik va fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor berildi. Bu yerda elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish burchagi tashkil qilingan. Tashrif buyuruvchilar xizmatlardan mustaqil foydalanishlari, shuningdek turli imkoniyatlardan xabardor boʻlishlari uchun axborot stendlari va posterlar qoʻyilgan, bolalar oʻyin maydonchasi, ovqatlanish joyi, mini-kutubxona va bepul Wi-fi bilan taʼminlangan hamda fuqarolar uchun qulay kutish maydoni, sovutish tizimi, shuningdek, markaz nogironlar aravachalari hamda qoʻshimcha infratuzilma va Brayl shriftidagi maʼlumotlar bilan jihozlangan.
Binoda yaratilgan sharoit va qulayliklarni inobatga olib, kuniga 500 nafargacha fuqaroga erkin tarzda davlat xizmatlari koʻrsatish imkoni mavjud.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi, davlat xizmatlari hamda yuridik xizmat koʻrsatish Markazi tuman adliya boʻlimi tarkibiga kiritilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona tizimga aylantirildi. Aniqroq aytganda, yagona “Adliya uyi” shakllantirildi.
Bu esa huquqiy muammosi bor yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ehtiyoji boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarga 4 ta tuzilma xizmatidan “Bir darcha” tamoyili asosida, bir joyning oʻzida foydalanish imkonini beradi.
Endi tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari keng, yorugʻ va shinam xonalarda, qulay sharoitda koʻrsatib boriladi.
Binoda imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Bir soʻz bilan aytganda, har bir fuqaroga — alohida eʼtibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.