Fargʼonada yana bir DXM filiali ish boshladi
Davlat xizmatlari koʼrsatish sohasida aholi orasiga chuqurroq kirib borib, fuqarolarning dardu tashvishlari bilan birga boʼlish niyatida markazdan yiroq, qatnov qiyin boʼlgan olis choʼl va togʼli hududlarda ham davlat xizmatlari markazlari filiallari tashkil etilmoqda. Filiallarning yerli aholi taklifi asosidagi belgilangan kun va vaqtda ishlayotgani xalqqa manzur boʼlayotir. Boisi, markazga tushish uchun uzoq yoʼl bosishmaydi, mablagʼ yoʼqotmaydi, vaqt sarflamaydi.
Bugungi kunga kelib Fargʼonada DXM filiallari soni 11 taga yetdi. Аyni damda Beshariq tumanida “Rapqon”, Soʼx tumanida “Tul”, Uchkoʼprik tumanida “Oq suv”, Buvayda tumanida “Buvayda”, Fargʼona tumanida “Shoximardon”, “Chimyon”, Quva tumanida “Аkbarabod”, Furqat tumanida “Chekchuvaldoq”, Quvasoy shahrida “Qoʼchqorchi”, Fargʼona shahrida “Qirguli” filiallari faoliyat olib bormoqda. Birgina filiallar tomonidan 2022 yilning shu davriga qadar fuqarolarga 31 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʼrsatildi.
Koʼp millatli Katput qishlogʼi Oltiariq tuman markazidan 25 km uzoqlikda joylashgan. Qoʼshni Qirgʼiziston sarhadlari bilan tutashib ketgan bu MFY da davlat xizmatlari markazi “Katput” filialining ish boshlashi minglab oilalar uchun chinakamiga quvonchli xabar boʼldi, deyish mumkin.
Gap shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida uzoq masofadan keladigan fuqarolar uchun ayni muddao boʼldi. Chunki bu yangi ochilgan filial endilikda “Katput”ning “Yangi asr”, “Tolkoʼcha”, “Boʼrboliq” hududining “Zilol”, “Shalola”, “Gulobod” mahalla fuqarolari yigʼinining 15 minga yaqin aholisi uchun xizmat qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, DXM filialida ham fuqarolar va tadbirkorlar uchun markazdagi kabi 170 dan ortiq xizmatlardan toʼliq foydalanish mumkin.
Davlat xizmatlari markazlari filiallari ayni kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga mobilь davlat xizmatlarini koʼrsatishi bilan ahamiyatli. Hudud aholisiga koʼrsatilayotgan xizmatlar boʼyicha huquqiy maslahatlar, yoʼl-yoʼriqlar beriladi.
Аytish mumkinki, bugun davlat bilan xalq oʼrtasidagi muloqot yangi bosqichga koʼtarildi. Xalqning ogʼirini yengil, uzogʼini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan davlat xizmatlarini koʼrsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.