June 15, 2022

“Sirli mijoz” – davlat xizmatlarini sifatli rivojlantirishga xizmat qiladi

Davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini oʻrganish, tahlil qilish, sohadagi muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish Adliyavazirliginingasosiy vazifalaridanbiri hisoblanadi.

Bu borada “Sirli mijoz” institutining roli va ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Ushbu institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-fevraldagi PQ–4210-son “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi oʻrnini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida sohada joriy etilgan.

“Davlat xizmatlarining sirli mijozi” (keyingi o‘rinlarda – “Sirli mijoz”deb yuritiladi) instituti davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning xizmat koʻrsatish jarayonida aholi bilan muomala qilish madaniyatini baholash imkoniyatini beradi.

Mazkur tadbir Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.

“Sirli mijoz” tadbirlarini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad vakolatli idoralarning kamchiliklarini aniqlab, masʼul xodimlarni jazolash emas, balki davlat xizmatlarining tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va sifatini oshirish, byurokratiya, sansalorlik va boshqa toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlashorqali mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi oʻrnini yaxshilashdan iboratdir.

Shu maqsadda, Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil I-choragi davomida “O‘zsuvta’minot” AJning hududlardagi filiallari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish holati “davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi asosida oʻrganildi.

Monitoring davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida koʻplab qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.

Qonun buzilishi holatlarining aksariyatini “yagona darcha” tamoyiliga zid ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatish, ortiqcha hujjat va to‘lovlar talab qilish, murojaatlarni asossiz ravishda rad etish va muddat buzilishlardan iboratdir.

Masalan, Asaka tuman suv taʼminoti filiali masʼul xodimi U.Q.ga murojaat qilinganida, filial rahbari nomiga texnik shart olish uchun ariza yozilishi, unga pasport nusxasi, tadbirkorlik guvohnomasi va bank rekvizitlari ilova qilinishi, texnik shart hamda hisoblagich uchun jami 1 005 000 soʻm miqdorida toʻlov qilinishini, texnik shart olish, hisoblagich oʻrnatish va shartnoma tuzish uchun Davlat xizmatlari markaziga borish shart emasligini maʼlum qilgan.

Bu kabi holatlar Andijon tuman filiali xodimi R.A., Buloqboshi tuman filiali rahbari X.K., Izboskan tuman filiali xodimi M.R., Jalaquduq tuman filiali xodimi F.Y., Xoʻjaobod tuman filiali xodimi D.T. hamda Qoʻrgʻontepa tuman filiali xodimi R.X.larning faoliyatida takrorlangan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-mart kunidagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarni suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentining

8-bandida iste’molchilar suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishi;

9-bandida obyektning aholi yashash joyi hududiga nisbatan joylashishi aks ettirilgan vaziyat rejasi (tarxdan ko‘chirma nusxasi), ulanayotgan obyektning suvdan foydalanish turlari, shu jumladan, o‘t o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatkichlari aks ettirilgan suv iste’moli va suvni chiqarib tashlash hajmi to‘g‘risidagi ma’lumot, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning mulkida bo‘lgan suv quvurlari – kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish uchun ruxsatnoma kabi hujjatlar taqdim qilinishi;

11-bandida esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10% miqdorida yig‘im undirilishi belgilangan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida orqali murojaat qilinganda belgilangan yig‘imning 90% undirilishi ko‘rsatilgan.

Yuqorida qayd etilgan qonun buzilishi holatlarini suv ta’minoti filiallari faoliyatida tizimli ravishda kuzatish mumkin.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida suv ta’minoti filiallari mas’ul xodimlarining beparvoligi, mas’uliyatsizligi va sustkashligi natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlariga o‘z vaqtida va belgilangan tartibda javob berilmasligi aholi va tadbirkorlik subyektlariga sifatsiz xizmat ko‘rsatilishiga, sohada korrupsiya holatlari ortishiga, vakolatli tashkilotlar tomonidan fuqarolarning arizalarini asossiz ravishda rad qilinishi natijasida fuqarolar tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga takroran murojaat qilishlariga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir etuvchi omillardan biri hisoblanadi.

Shu o‘rinda, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli organlardan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning belgilangan tartibi va muddatlariga rioya qilish, arizalarni asossiz ravishda rad qilinishi hamda sohada korrupsiyaviy holatlarni oldini olish so‘raladi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi nazorat faoliyatini yanada kuchaytirishi va kelgusida bu yo‘nalishda nazorat tadbirlarini o‘tkazgan holda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qo‘llab boradi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan

nazorat qilish boshqarmasi xodimi

S. Ibragimov