📌Davlat xizmatlari doimiy nazoratda
⚡️35 000 dan ortiq fuqarolarga parvarishlash nafaqasi tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 74-son Farmoniga ko‘ra 2022-yil 1-apreldan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasi tayinlanishi joriy etildi.
Mazkur xizmatdan foydalanish jarayonida fuqarolar bir qator muammo va kamchiliklarga duch kelayotganligi holati yuzasidan norozi bo‘lib Vazirlikning “Ishonch telefoni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari orqali yo‘llagan murojaatlari asosida Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi, xususan:
– nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning JShShIR ma’lumotlarini Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi elektron dasturi axborot tizimiga xato kiritilishi;
– parvarishlash nafaqasi tayinlanishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning qonuniy vakiliga to‘gridan-to‘g‘ri taqdim qilinib, bu haqidagi ma’lumotlarning axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritilmaganligi natijasida Pensiya jamg‘armasi tomonidan parvarishlash nafaqasini tayinlash rad etilishi holatlari aniqlandi.
Vaholanki, Farmonning 3-bandida Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-apreldan o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda taqdim etib borishlari kerakligi belgilangan.
O‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga taqdimnoma kiritildi.
Qo‘llanilgan ta’sir chorasi natijasida mavjud kamchiliklar bartaraf etildi hamda bugungi kunda 35 000 dan ortiq fuqarolarga parvarishlash nafaqasi tayinlandi.
Eslatma: fuqarolar tomonidan parvarishlash nafaqasi tayinlanishini so‘rab murojaat qilinganda Farmon ilovasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga kiritilmagan kasallik bilan xastalangan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarning qonuniy vakillariga parvarishlash nafaqasi tayinlanmaydi.