“@tezkor_murojaat_bot”ga murojaat – masalaga tezkor yechim
Davlat xizmatlari sohasida, xususan, xodimlarning muomala madaniyati, xizmat ko‘rsatish sifati, elektron tizimlarda yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash, yechimini topishda aholi va tadbirkorlik subyeklari bilan samarali aloqani ta’minlash maqsadida vazirlik tizimida murojaatlarni sayyor va shaxsiy qabullarda, elektron pochtalar orqali, “Ishonch telefoni” hamda ijtimoiy tarmoqlarda orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, joriy yilning may oyida aholi va tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish, davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolariga tezkor yechim topish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida @tezkor_murojaat_bot telegram boti ishga tushirildi.
Ma’lumot uchun: Mazkur @tezkor_murojaat_botga Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDY organlari faoliyati bilan bog’liq e’tirozlar yoki davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yuzasidan takliflarni audio, video va boshqa formatlarda yo’llash mumkin. Botga yuborilgan murojaatlar real vaqt rejimida ko‘rib chiqilib, ularga mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan javob beriladi.
Tashkil etilganiga endigina 1 oy bo’lgan bo’lsa-da, mazkur botga qisqa davr ichida davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid jami 1 133 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularga Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti hamda Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi mas’ul xodimlari bilan birgalikda javoblar berilishi ta’minlab kelinmoqda.
Kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning asosiy qismini, pensiya va nafaqalar olish tartibi (177 tasi), FHDY organlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari yuzasidan (116 tasi), Davlat xizmatlari markazlari ish vaqti, telefon raqamlari, ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish tizimi (109 tasi), uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlanishi tartibi (73 tasi) to‘g‘risidagi murojaatlarni tashkil etadi. Shuningdek, 47 tasi kadastr sohasi, 42 tasi turli masalalar bo‘yicha ma’lumotnomalar olish, 32 tasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, 25 tasi ichki ishlar sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, 23 tasi tadbirkorlik faoliyati, 23 tasi bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga navbatga qo‘yish, 21 tasi ta’lim sohasidagi, 20 tasi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish, 16 tasi elektron raqamli imzo olish, 11 tasi litsenziya va ruxsatnomalarga oid, 4 tasi id.egov.uz tizimida identifikatsiya qilish bilan bog‘liq murojaatlar tashkil qiladi. Qolgan 394 tasi davlat xizmatlarini ko‘rsatilishiga oid bo‘lmagan murojaatlardir.
Vazirlik tizimi oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri aholi va tadbirkorlik subyektlariga tezkor, qulay hamda professional davlat xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.