February 27, 2025

Tubanlik.

Tubanlik girdobidaman. Dunyo iqtisodiyotidagi odamlar bir marta oʻlim kunlari kelgandagina hayotdan koʻz yumishsa, men har kuni oʻn marotaba oʻlaman. Omadsizman, tugʻilganimdan to hozirgi davrga qadar omadsizligimcha kelmoqdaman, ammo vanihoyat ikki kun avval ota-onam asfala sofinga ravona boʻlishdi, negadir hamma qora kiyimda "taʼziya" bildirgani kelishdi, qiziq tarafi aslida ular oʻlgan odamlarga ta'ziya bildirish uchun emas, ular oʻlgani sharafiga tarqatiladigan tekin ovqatlarni bezbetlarcha yeyish maqsadida, yoki mening ustimdan mazax qilish uchun bu yerga kelishgan. Anavi chap tarafda yalpayib oʻtirgan xotin dadamni jazmani boʻlgan, soxta yigʻlashiga oʻlaymi, kamiga yoniga bolasini ham olib olgan, oʻzicha dadamning uyidan umid qilayabdi, meni mol-mulkka qiziqadigan odam deb hisoblashadi shekilli. Aslida ham shunday edim, besh yil mobaynida boyish maqsadida itday oʻqidim, natijada bitta "isqirt" boyvachchani kaltaklaganim sababli universitetdan haydashdi, qizigʻi oʻsha boyvachcha bitta odamni mashinada urib yuborganda uni hatto qamashmagandi ham, men esa arzimagan ishim uchun "surgun" boʻldim. Bu la'nati dunyoda adolat oʻlgan. Mehr ham allaqachon oʻlgan. Boylikka boʻlgan qiziqish ham oʻlgan. Hammasini jazmani va uni "haromi" bolasiga beraman. Ota-onam har doim qabrlari bir-biriga yonma-yon boʻlishini istashardi, mana orzulari amalga oshdi. Bir vaqtda, bitta mashinada, bir xil jarohat bilan yaralanib, bir vaqtda oʻlishdi. Qabrlari ham yonma-yon. Ertalab mazza qilib koʻchada orom olayotgandim, belimga botib ketgan la'nati oʻrindiqni hisobga olmaganda, oromimni xolam ota-onam oʻlganini aytib ostun-ustun qilib tashladi, aslida ularni ta'ziyasiga ham bormoqchi emasdim, bu farzandlik burchim emish, xolajonim oʻzlaricha dono. Siqilib ketdim, hammayoqda sovuq qiyofa, qoralikka burkangan ayollar, energiya degan narsadan asar ham yoʻq, bunday muhitlarni oʻlguday yomon koʻraman, yangi miyyamda oʻylagan qoʻshigʻimni bastalab bersammikan, qiziqroq muhit paydo boʻlardi. Oh, aqlimga balli. Yoʻlni chetida tashlab kelgan gitaramni xotirlab, darrov olib kelib, musiqa chalishni boshladim, negadir menga hamma ahmoqqa qaraganday qarayabdi, aslida buni nima ahamiyati bor, aytgancha ular meni yaxshi koʻra olishmayabdi, teparoqqa chiqishim kerak, mashinani ustiga chiqib chala boshladim. Sokinroq musiqa, axir bu yerda odamlar oʻldi, ularni arvohiga hurmat koʻrsatish kerak, qoʻshiqni ayta boshladim.