Kamyu va Sartr o‘rtasidagi nozik chiziq: absurdizm va ekzistensializm
Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.
Asosiy g'oyalar:
- Ekzistensializm ham, absurdizm ham hayotda turg'un yoki yagona ma'no yo'qligidan boshlanadi va hech qanday ilohiy kuch bizga maqsad yaratib bermaydi deb ishonishadi.
- Albert Kamyu ifodalaganidek, absurdizm hayotning ma'nosizligini tan olib, illyuziyalarsiz yashash, hatto kulish orqali zavq topish haqida.
- Jan-Pol Sartr va Simon de Bavuar ifodalagan ekzistensializm esa, insonning “radikal erkinligi” orqali shaxsiy ma'nosini yaratishi va tanlagan qadriyatlarga sodiq qolishi haqida.
Yaqin do'stlar, lekin turli yo'llar
Ekzistensializm va absurdizm — bugungi dunyoda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda eng mashhur falsafiy yo'nalishlardan. Ekzistensialistlar deyilganda odatda Sartr va de Bavuar, absurdistlar deyilganda esa Kamyu yodga olinadi. Ular Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda yashagan. Bir-birlarini yaxshi bilgan, birga vaqti chog'lik qilishgan. Ammo, bir xil davr va oradagi do'stlikka qaramay, ularning falsafasi bir-biridan keskin farq qiladi.
Kamyu ko'p hollarda ekzistensialist deb ataladi, lekin u o'zi bunga qarshi chiqqan. Vaqt o'tishi bilan u va Sartr o'rtasidagi munosabatlar soviy boshlagan. Lekin nimaga? Ularning g'oyalari o'rtasidagi asl tafovut nima ediki yaqin do'stlikni sovuttira olgan?
“Tomiri bir”
Har ikkala oqim bir narsani tan oladi: bizni kuzatib turgan, maqsad beradigan oliy kuch yo'q. Hayotning ma'nosi qandaydir toshlarga yozilmagan yoki adangizni bolaligingizda o'rgatgan nasihatlarida yashirinmagan. “Yakka-yu yagona” degan “to'g'ri yo'l” yo'q.
“Inson tabiati yo'q, chunki uni o'ylab topadigan Xudo yo'q. Demak, inson o'z mohiyatini o'zi yaratadi.”
“Xudoning yo'qligi ekzistensialist uchun og'ir holat, chunki u bilan birga 'ilohiy qadriyatlar' ham yo'qoladi. Endi hech qanday oldindan belgilangan yaxshilik yoki mukofot yo'q — faqat insonlarning o'zi bor. Agar Xudo yo'q bo'lsa, hamma narsa mumkin. Ammo bu yana shuni anglatadiki, inson endi hech kimni ayblay olmaydi — u qilgan har bir ishi uchun o'zi javobgar.”
Baxt, ma’no qanday topiladi?
Shu nuqtadan ularning yo'llari ajraladi. Absurdizm shunday deydi: biz ma'nosiz olam bilan yarashishimiz kerak. Hayot — bu mantiqsiz sir. Kamyuning so'zlari bilan aytganda:
“Inson sabab va quvonch istaydi, ammo u koinotning sukunati bilan to'qnashadi. Aynan shu to'qnashuvdan 'absurd' tug'iladi.”
Yagona yo'l — yashashni davom ettirish. Umid emas, qabul qilish. Hayotda oliy ma'no yo'qligini tan olish – bizni ishonishga nimadir topishga majbur qiladi. Kamyu shunday yozgan edi:
“Agar hayotga qarshi gunoh bo'lsa, u umidsizlikda emas, boshqa hayotga umid qilishda va shu hayotning buyukligidan qochishda.”
Absurdizmni bir qora yumor jihati bor — Biz ma'no izlaydigan va usiz yasholmaydigan mavjudotlarmiz, lekin ma'nosiz olamga tashlanganmiz. Shu kulgili haqiqatni anglash balki bizni “tirik” saqlab turuvchi yagona narsadir.
O'z taqdiringni o'zing yoz
Ekzistensialistlar esa boshqa yo'lni tanlaydi. Ular “hayotning ma’nosini faqat tashqaridan yoki bu dunyodan narida topish mumkin” degan fikrni shubha ostiga oladilar. Ma’no obyektiv bo‘lishi shart emas. Bizga qanday yashash kerakligini aytib turadigan tashqarida biror narsa bo‘lishi ham shart emas. Har birimizda Sartr “radikal erkinlik” deb atagan narsa bor — bu insonning o‘ziga maqsad berish qobiliyati. Bizning barchamiz o‘z hayotimizning ma’nosini o‘zimiz yaratishimiz kerak.
Har birimiz biroz tin olib yoki yaqin do‘stimiz bilan suhbatlasha turib nimaga ishonishimizni, nimani himoya qilishimizni aniqlashimiz kerak. Menga maqsadni farzandlarim beradimi? Yoki kasbimmi? Qandaydir musobaqaga tayyorgarlik, dunyoni kezish, kitob o‘qish, taom pishirish yoki qo‘shiq aytish — shular mening kimligimni belgilaydimi?
Biz o‘z “radikal erkinligimiz”ni kimligimiz va nimani qadrlashimizni shakllantirishga yo‘naltirishimiz kerak. Inson bo‘lish — bu o‘z taqdirimizni o’zimiz yozib, mavjudlikka aylantirishdir.
“Erkinlik — barcha ma’no va qadriyatlarning ildizi. U mavjudlikni oqlovchi, hayotni mazmunli qiluvchi asosiy manba.”
Xulosa
Absurdizm ham, ekzistensializm ham o'ziga xos jozibaga ega. Biri sizni hayotning ma'nosizligi ustidan kulishga o'rgatadi, ikkinchisi esa o'sha ma'nosizlikda o'zingizni yaratishni.
Ammo siz qaysi birini afzal ko’rasiz: absurdona kulib yashashnimi yoki ma’noni o‘zingiz yaratishni?
Tarjimon: Ajnabiy Zobit