Qirol Sher — “Asl men” qachon tug‘iladi?
“Ba’zan odam kuchli bo‘lgani uchun emas, boshqa yo‘li qolmagani uchun o‘zini topadi.”
Simbaning butun yo‘li shunday boshlanadi: u o‘zini otasini o'limiga aybdor deb biladi va o‘z ichki ovozi unga shunday deydi: "Sen qochishing kerak. Sen hech kim ko‘rolmaydigan joyda yashashing kerak." Bu — uning bolalikda o‘ziga chizgan “men” suratining birinchi bo‘lagi. U voyaga yetgach ham shu suratni ko‘tarib yuradi: aybdorlikki hissi, qo‘rquv, yaqinlasholmaslik. Biz kattalar ham ko‘pincha aynan shunday qilamiz — bolalikda chizilgan shaxsiy doirani kattaroq kartonga ko‘chirib olamiz.
Ammo filmning eng muhim lahzasi — Simba yangi obraz yaratgan payt emas, balki eski obrazidan nima uchun kechishi kerakligini anglagan payt. Rafiki uni daraxtzor ichiga olib kirib, “Ichingdagidan qocholmaysan” deganida, Simbaning butun ruhiyati tebrana boshlaydi. Suv yuzida uning surati ko‘rinadi, keyin yana tebranish va birdan surat buziladi. Mana shu buzilish — oynaning birinchi darzidir. Psixologiyada buni identifikatsiyaning sinishi deb aytishadi, lekin aslida u halokat emas, yangi ibtidoning boshidir.
Mufassaning ruhi paydo bo‘lganda esa, Simba nafaqat birinchi marta o‘tmishini, balki o‘zining boy berilgan imkoniyatini ko‘radi. Bu juda muhim detal, axir odam sinovda kim ekanini bilmaydi, sinovdan qaytishga jur’at qilganida esa o‘zini tanimay qoladi. Shu tariqa, Simba o‘zida birinchi marta shunday so‘roqni uyg‘otadi: “Men bundan kattaroq ishlarga qodir emasmanmi?”. Mufasa “Sen o‘ylaganingdan ko‘proqsan” deganida — aslida Simbaga emas, bizlarga aytilgan undov emasmidi?
Asl men — o‘zini qayerga olib kelib qo‘ygani bilan emas, qayerdan qaytishga qaror qilgani bilan belgilanadi. Simba yillar davomida chetga surgan jasorat, mas’uliyat, oqibat — hammasi bir necha lahzada qaytadi, chunki odamning eng kuchli qismi hech qachon yo‘qolmaydi, shunchaki qachon yana chaqishini bilmay turibdi. Sinov odamni sindirmaydi, balki sindirilgan joydan nimadir chiqib kelishiga imkon beradi. Bu filmda ushbu g'oya juda nozik ko‘rsatilgan: biz odamni kuchli qiladi deb o‘ylaydiganimiz o'sha voqea yo hodisa emas, balki odamning o‘sha hodisaga bergan javobi uni kuchli qilrarkan.
Simba qaytishni tanlaganida, u birinchi marta “kim bo‘lishi mumkinligini” ko‘radi. Xulosa shundaki, Qirol She'rning buyuk sabog'i: Asl men — tug‘ma emas. U tanlovdan tug‘iladi. Qachon qochish tugasa va odam o‘zini qaytarishga jur’at topsa, shunda “men” deb atalgani paydo bo‘ladi. Bu filmda Simba o‘z qirolligini qaytaradi, aslida esa u o‘zini qaytaradi.
— Ajnabiy Zobit