Kubrik nega juda “zerikarli” va uzun filmlar oladi? (va nega aynan shuning uchun ularni ko‘rish kerak)
"Zerikarli" ta'rifi — Kubrik uchun haqorat emas, balki shunchaki uslub. U tomoshabinni shunchaki quvontirishdan ko'ra, fikrlashga undashni afzal ko'radigan rejissyor.
Taniqli kinotanqidchi Tomas Allen Nelson Kubrik kinolarini "labirint" va "tasodif estetikasi" ustiga qurilgan deb ta'riflaydi: voqealar doim ham aniq-oydin emas, balki ochiq talqin uchun berilgandek; ma'no esa tayyor xulosa shaklida berilmaydi — uni topish tomoshabinga qoladi. Mana shu labirint metaforasi Kubrikni tushunishning eng to'g'ri kalitidir.
1) Nega zerikarli? Chunki, "zerikish" — strategiya, kamchilik emas
Kubrik hikoyani tezlashtirish o'rniga, vaqtni cho'zadi: uzoq sahnalar, sekin ritm, dialogdan ko'ra sukunat. Bu "bo'shliq" sizni passiv tomoshabindan faol sharhlovchiga aylantiradi. Ayniqsa 2001: A Space Odyssey'da buni yaqqol ko'rishimiz mumkin: uzoq davom etgan kadrlar, deyarli gap-so'z yo'qligi va tayyor xulosasiz sahnalar — bularning barchasi ko'rganingizni o'zingiz izohlashga majbur qiladi. Natijada esa, film tugasa ham, savollar tugamaydi.
2) Nega uzun? Chunki mavzu "tez hikoya"ga sig'maydi
Kubrikning asosiy mavzulari — evolyutsiya, insoniylik ta'rifi, nazorat va yo'qolib borish. Bunday g'oyalar "uch daqiqalik hikoya"ga sig'ishi mumkin emas. U vaqtni cho'zib, tafakkurni chuqurlashtiradi, ya'ni tomoshabin kadrlardan "ma'no qazib olishi" uchun ritmni sun'iy ravishda tezlatmaydi. Nelsonning "tasodif estetikasi" iborasi ham aynan shuni anglatadi: kadrlar mantiqiy qafasda emas, ochiq talqinda bir-biriga bog'lanadi va shu tariqa, labirint ichida yo'lni o'zingiz topasiz.
3) Nega "sovuq" kayfiyat? Chunki kamera — jarrohlik asbosidir
Kubrik kamerani hissiy manipulyatsiya uchun emas, aniq kuzatish uchun ishlatadi. Bir nuqtali simmetriya, muzday kompozitsiya va klassik musiqa (Strauss, Ligeti va boshqalar) hissiy "yo'lboshchi"ni kamaytiradi va reaksiyangizni o'zingiz belgilaysiz, film muallifi emas. 2001'da u hatto buyurtma qilgan million dollarlik musiqasini rad etib, mavjud klassik asarlarni tanlaydi. Natijada film "musiqa + sukunat" orqali fikr yuritadi, dialog orqali emas.
4) Sukunat va harakat: "zerikish" o'rniga hayrat
The Shining'dagi "Steadicam" harakati — sekin, ammo beqiyos aniqlikda olingan: kamera yo'laklarda suzadi, go'yo yuragingizning urishini eshitganday bo'lasiz. Bu "tez montaj" emas, balki tana bilan his qilish. Garret Braunning ixtirosi yordamida Kubrik dahshatni chinqiriq orqali emas, sukunat va harakat muvozanati orqali keltiradi. Shu tariqa, ko'z ritmni tutadi, miya esa bo'sh maydonni ma'no bilan to'ldiradi.
5) "Zerikarli" kino sizga nima beradi?
- Tafakkur qilish odati. Juda tez dopaminlarga o'rganib qolgan odamlar davrida, sabr — sezgi va tafakkur qobilyatini o'stiradi;
- Uch o'lchamli yondashuv. Kubrik tayyor javob bermaydi, xulosa — sizniki.
- Vaqtni boshqacha his qilish. U kadr davomiyligini "fikr uzunligi"ga tenglaydi: mavzu qanchalik katta bo'lsa, vaqt ham shunchalik cho'ziluvchan bo'ladi.
- Zehn gigiyenasi. Shovqinli dramaturgiyadan keyin Kubrikning sukunati miyani "qayta sozlaydi".
6) U nimani sinaydi?
Kubrik tajriba o'tkazadi: "inson + tizim" to'qnashuvi (Full Metal Jacket), "inson + texnologiya" paradoksi (2001), "inson + ichki labirint" (The Shining). Har gal savol bir xil: erkinlik qayerda tugaydi? Javob esa filmlarda berilmaydi, xuddi labirintdan chiqish yo'lini o'zing topishing kerak degandek bizga Kubrik.
Xulosa
Kubrik "uzun" va "zerikarli" emas, u keng va zarur. Uning filmlari shunchaki tomosha qilinmaydi; ular bilan birga yashab ko'riladi. Agar javobdan ko'ra savolni, tezlikdan ko'ra chuqurlikni, shovqindan ko'ra sukunatni qadrlasangiz, labirintga kiring. Yo'l bor, lekin xarita yo'q. Nelsonning ogohlantirishi ham shu edi: Kubrik filmlari uning labirinti, ma'noga yetish esa tomoshabinning vazifаsidir.
Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.