Tarjimalar
April 7

"Shunchaki baxtsiz hodisa" filmiga taqriz: Bevosita Erondan kelgan ozodlik qissasi

O'zining so'nggi filmida, bir paytlar taqiqqa uchragan kinorejissyor Ja’far Panohiy qarshilik ko'rsatish haqidagi chigal, ta'sirchan va kutilmaganda kulgili voqeani hikoya qiladi.

O'tkir va ta'sirchan "Shunchaki baxtsiz hodisa" Eron filmi — tragikomediya, biroq u qandaydir qat'iy qolipga sig'maydi. Aslida bu ssenariy muallifi va rejissyor Panohiyning bevosita hayotdan, xususan, o'zining kechmishlaridan ilhomlanib yaratgan asari bo'lib, o'zida turli ohang va janrlarni g’aroyib tarzda uyg'unlashtira olgan. Asar bir vaqtning o'zida qasos haqidagi drama, jamoaviy harakat komediyasi, qisqa masofali yo'l sarguzashti hamda asta-sekin avj oluvchi axloqiy trillerdir. Darhaqiqat, u yilning eng muhim kinoasarlaridan biri sanaladi. Asosiy g'oya — jabrdiydalarning o'z jabrkorlariga qarshi vaziyatni o'zgartirishi — qonun va madaniyat, shirin orzular hamda dahshatli tushlarning murakkab qorishmasini namoyon etadi.

"Shunchaki baxtsiz hodisa" — Panohiy 2023-yilda Tehronning Evin qamoqxonasidan ozod etilganidan so'ng suratga olgan ilk filmidir. U hibsga olingan boshqa kinorejissyorlar taqdiri bilan qiziqqani uchun u yerda yetti oy panjara ortida o'tirib chiqqandi. Bu uning 2010-yildagi hibsdan keyin Evinga ikkinchi marta tushishi edi. O'shanda "davlatga qarshi tashviqot"da ayblanib, qamoqxonada uch oy yotgan, yakka kamerada saqlanib, doimiy tergovlarga tutilgan. Ozodlikka chiqqach, u uy qamog'ida saqlangan. Garchi kino suratga olish taqiqlangan bo'lsa-da, Panohiy ijoddan to'xtamadi. Jumladan, qisman iPhone'da olingan "Bu kino emas" (2012) nomli o'ziga xos hujjatli filmini yaratdi. U ushbu kartinani hamkasbi Mojtaba Mirtahmasb bilan birgalikda ishlagan va asarni Erondan yashirincha olib chiqishga muvaffaq bo'lgan.

"Shunchaki baxtsiz hodisa" asarini yaratishda Panohiy o'z tajribasiga hamda ikkinchi bor qamalganida uchrashgan boshqa siyosiy mahbuslarning kechmishlariga tayandi. Endilikda Panohiyga kino olish taqiqlanmagan, biroq u ushbu loyihani ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi hokimiyat organlariga topshirishni istamay, asarni yashirincha suratga oldi. Shuningdek, yana hibsga olinish xavfini sezgan holda, raqamli materiallarning ehtiyot nusxasini har kuni saqlab borishni kanda qilmadi. Unga nisbatan qo'llanilgan uzoq yillik sayohat taqiqi bekor qilinishi natijasida, may oyida bo'lib o'tgan Cannes kinofestivalida film “Palme d’Or” mukofotini qo'lga kiritgach, Panohiy uni shaxsan qabul qilib olish sharafiga muyassar bo'ldi.

"Shunchaki baxtsiz hodisa" — jinoyat va jazo haqidagi qissa. Aynan shu mavzu shafqatsiz harakatlardan tortib, yuksak ma'naviy asarlargacha bo'lgan sanoqsiz filmlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Bu ayniqsa Amerika kinosiga xos tendensiya bo'lib, u yerda ijodkorlar ko'pincha qonunbuzarlar mavzusiga o'zgacha ishtiyoq bilan yondashadilar. Sherif, detektiv yoki superqahramon yovuzlikning tomiriga bolta urguniga qadar quturib yurgan qabihlikdan ko'ra ko'proq milliy tomoshaboplikni o'zida mujassam etgan boshqa narsa yo'q. Eski “Hollywood”dagi senzura qoidalari adolatning shunday tartibda qaror topishini talab qilgan bo'lishi ehtimol, biroq bugungi filmlar odatda shu andozaga ko'r-ko'rona ergashaveradi. Hatto o'zini qonun va tartib libosiga o'ragan filmlar ham aksariyat hollarda qasos haqidagi hikoyalar singari zaiflik qiladi, yagona farqi — jazoni endi sudyalar va hakamlar hay'ati belgilashidadir. Xo'sh, agar adolatning o'zi adolatsiz bo'lsa-chi?

Aynan shu savol "Shunchaki baxtsiz hodisa" asarining butun ruhiga singib ketib, tomoshabinga tinchlik bermaydi. Shunga qaramay, ko'zlarida xavotir aks etgan, qalin mo'ylovli, xushmuomala mexanik Vohid (Vohid Mobasseri) — kunduz kuni Tehran shahrining gavjum ko'chasida hech kimga sezdirmasdan bir odamni o'g'irlab ketganida, qonun va adolat haqida umuman o'ylamayotgani aniq ko'rinardi. U odam, Iqbol (Ebrahim Azizi), o'tgan tunlarning birida mashinasi buzilib, tasodifan Vohidning ustaxonasiga yordam so'rab kelgandi. Vohid uni ko'rishdan avvaloq ovozidan tanigandi, aniqrog'i, Iqbol yurganida chiqadigan vahimali va ritmik g'iyqillashni darhol ilg'ab olgandi. Bu ovoz esa Vohidning yodiga qamoqxonada uni shafqatsizlarcha qiynoqqa solgan Cho'loq laqabli, protez oyoqli jallodni tushirardi.

Panohiy odam o'g'irlash sahnasini ortiqcha bezaklarsiz, o'ta aniqlik va tejamkorlik bilan sahnalashtiradi. Qo'lda tutilgan kamera asosan Iqbolni poylab borayotgan asabiy Vohidga qaratilgan. Hammasi yashin tezligida va shafqatsiz yuz beradi. Vohid o'ljasini osongina yer tishlatib, belkurak zarbasi bilan hushsizlantiradi-da, oq furgonga bosadi. Panohiy butun sahna davomida ehtiyotkorlik bilan uzoqroq masofa saqlaydi: siz Vohidning belkurak bilan qandat tushirganini ko'rasiz, ammo Iqalning o'zini ko'rmaysiz. Bu esa tomoshabinni mushohadaga chorlovchi teran va aqlli rejissyorlik yechimidir. Vohid zarba berib bo'lgach, Panohiy kadrni sahroga buradi. Uzoq planda mexanikning o'zi qaziyotgan chuqur ichida turganiga ko'zingiz tushadi. Chuqur shunchalik tubsiz kovlanganki, qahramonning boshi zo'rg'a ko'zga tashlanadi — uning bir tomonida furgon, ikkinchi tomonida esa bargsiz, yalang'och daraxt qaqqayib turibdi.

Bu sahna asosan tabiatning viqori hamda kelgusida ro'y berishi kutilayotgan mudhish zo'ravonlik o'rtasidagi keskin ziddiyat tufayli ham e'tiborni tortadi: Vohid tez orada Iqbolni tiriklayin ko'mishga kirishadi. Panohiy jimjimador uslublarga toqat qilolmaydi. Filmning aksariyat qismida uning vizual yondashuvi deyarli sezilmaydi va rejissyorning asosiy maqsadi voqeani aniq yetkazishga qaratilgan. Shunga qaramay, "Shunchaki baxtsiz hodisa"ning ilk daqiqalaridanoq, u bosiq teatrlashtirish va qariyb hujjatli uslubdagi realizm o'rtasidagi nozik chiziqda ustalik bilan harakatlanadi. Misol uchun, teatrda tez-tez uchraydigan holatdek, film zulmat qa'rida boshlanib, yana zulmat bilan nihoyasiga yetadi. Ko'zingizni qisib qarasangiz, atrofdagi manzara sahna dekoratsiyasi bo'lib xizmat qilayotganini ko'rasiz. Undagi yolg'iz daraxtning ko'rinishi esa "Godoni kutib" asaridagini yodga soladi.

Film tobora murakkablashib borarkan, hayratlanarli darajada absurd va kulgili tus oladi. Iqbol o'zining o’sha odam emasligini ta'kidlashi Vohidning barcha rejalarini chippakka chiqarib, uni butunlay kutilmagan sarguzashtlar domiga tortadi. Vaqtni boy bermay, u Iqbolni furgonga qaytarib kiritadi va asirining shaxsini aniqlashda ko'maklashishlaridan umidvor bo'lib, boshqa sobiq mahbuslarni qidirishga tushadi. Iqbol tirik, ammo tobutga monand ish qutisiga solib qo'yilgan bir vaziyatda, Vohid o'tmishda mahbus bo'lgan, hozirda esa kelin-kuyovlarni suratga olish bilan shug'ullanuvchi yana bir sobiq mahbus — fotograf Shiva (Maryam Afshari)dan yordam so'raydi. Egniga oq ko'ylak kiygan kelin, Gulruh (Hadis Pakbaten) ham xuddi shunday qismat egalaridan biri bo'lib chiqadi. Ko'p o'tmay, u va qolgan sheriklari mutlaqo noma'lum manzil sari furgonga o'tirishadi.

Xuddi "Godotni kutib" asaridagi o'sha masxarabozlar — Vladimir va Estragon singari, "Shunchaki baxtsiz hodisa" qahramonlari ham aksariyat vaqtlarini yoqimsiz kutish holatida o'tkazadilar. Hatto Vohid va boshqa hamrohlari ochiq qabr tepasiga qaytib kelishganda ham, asirning aslida kim ekanligiga shubha bilan qarab, nima qilarini bilmay boshlari qotadi. ("Uzoqdan, birga ko'rgan o'sha pyesamizni eslatib yubording," — shu tariqa "Godoni kutib" bilan bevosita bog'liqlikka ishora qilinadi). Ular uzoq masofalarni bosib o'tisharkan, ushbu safar to'xtalishlar, chalg'ishlar va adashishlarga to'la bo'lgan chinakam falsafiy sayohatga aylanib ketadi. Ular janjallashib, ortidan til topishishadi, bir-birlariga dildan yorilib, qamoqxonadagi mudhish xotiralari bilan bo'lishishadi hamda xavotir ichida keyingi qadamlar ustida bahslashishadi. Ular ehtimol o'zlari uchun ham qabr qaziyotgan bo'lishlari mumkinligini juda yaxshi anglab turishardi.

Qahramonlarning filmdagi ikkilanishini zamonaviy Eronning metaforasi sifatida ko'rish mumkin. Ammo bu kino tom ma'noda hayotga — ayni paytda yuz berayotgan tarixga chuqur ildiz otgan. Voqelik bu yerda ekrandan toshib chiqadi va u sizni larzaga solishi tayin. Men uni birinchi marta ko'rganimda, hijob mamlakat kiyinish madaniyatining majburiy qismi bo'lishiga qaramay, Shivaning yalangbosh yurganini ko'rib, hayratdan yoqamni ushladim. To'g'ri, Shiva ba'zan omma oldida boshini yengil sharf bilan o'rab oladi. Biroq u va bu yerdagi qolgan barcha insonlar Eronning yaqindagi "Ayol, Hayot, Ozodlik" norozilik harakatidan oldingi muhitdan mutlaqo boshqa dunyoda yashaydilar. Bu esa filmga ekran va real dunyo o'rtasidagi chegarani xiralashtirib, uning to'qimaligini yanada teranlashtiruvchi hayratlanarli haqqoniylik baxsh etadi.

"Shunchaki baxtsiz hodisa" asosan so'z o'yinlariga qurilgan bo'lsa-da, o'zida shafqatsizlik lahzalarini ham jamlagan. Ammo undagi eng hayratlanarli jihati, Panohiyning bag'rikengligidir. Film ijtimoiy noroziliklarga to'xtalib o'tadi. Bir payt qahramonlardan biri "tizim"ni so'kkanida, boshqasi "u tizimni o'sha haromilar yaratgan!" deb javob qaytaradi. Butun kino davomida Panohiy o'zining aslida nima o'ylayotganini qat'iy oshkor qilmaydi. Aksincha, u o'z qahramonlariga o'z fikrlarini erkin bildirish va g'azabini sochish imkonini beradi, o'zi esa ularning shaxsiyatidagi g'alatiliklarni, o'tkir qirralarni va sof insoniylikni kuzatadi. Hech kim nima qilishni bilmaydi. Biroq qahramonlarning ekzistensial azoblari film tugaganidan keyin ham davom etishi tayin bo'lsa-da, Panohiy sizga bir narsani aniq yetkazishni xohlaydi: Estragon va Vladimir kabi, ular ham bu kutishda yolg'iz emaslar.


Manba: https://www.nytimes.com/2025/10/15/movies/it-was-just-an-accident-review.html
Tarjimon: Ajnabiy Zobit