November 13, 2025

Billur saroy ichidan yozilgan maktub

Aziz pingvin do‘stim,

Bu yana men — devona rafiqingiz Zobit. Yana "Rus telbasi" haqida gaplashgani sizga yozyapman.

Men o'ylab qolyapmanki, balki biz ham o'shal Dostoyevskiy aytgan “Billur saroy” ichida yashayotgandirmiz. Har narsa qulay, chiroyli, mantiqli. Faqat bir muammo bor, bu saroyda na havo bor, na yurak. Dostoyevskiy uchun bu “rivojlanish” degan orzu — tiriklikni o‘ldirgan yangi "afsona" edi. Va kulgili tomoni shuki, biz bugun o‘sha afsonaning ichida yashayapmiz.

Yer ostidagi odamning eng yomon ko'radigan odami — Zverkov. U jamiyat orzu qiladigan “mukammal odam”: o‘ylamaydi, azob chekmaydi, hamma bilan yaxshi chiqadi. U “baxtli odam”ning tirik reklamasidek. Ammo Dostoyevskiy kinoya bilan ko‘rsatadiki, Zverkov aslida faqat pianino tugmasi(klavishi). Kimdir bosadi, u chaladi. Ovoz bor, lekin ovoz orqasida inson yo‘q. Shuning uchun Yer ostidagi odam singan tor bo‘lishni afzal ko‘radi. Hech kim uni eshitmaydi, lekin u hech bo‘lmaganda o‘z ovozini eshitadi.

Endi sizga uchta saboq haqida gapirsam:

1. Mukammallik — eng sovuq qamoq

Billur saroy chiroyli, lekin u yerda hayot yo‘q. Hammasi hisoblangan, lekin hech kim bir-birini his qilmaydi. Agar hayotda hamma narsa to‘g‘ri ishlasa, demak, u yerda hech kim tirik emas.

2. Zverkovlar dunyosi — tartibli kulfat

Zverkovda ovoz bor, lekin u ovozning egasi yo‘q. Balki jamiyat bizdan aynan shunday bo‘lishni xohlayotgandir? Tartibli, indamas, hammaga qulay. Lekin inson ba’zan xato qilishga, qarshi chiqishga intiladi, chunki shunda u o‘zini tirikligini his qiladi.

3. Romantik yurak — oxirgi tiriklik belgisi

Yer ostidagi odam romantizmni, orzu qilishni ustidan kuladi, hammasini mantiqqa solmoqchi bo‘ladi, hislarini esa yulib tashlaydi. Lekin baribir Liza paydo bo‘ladi va bir zumga bo‘lsa ham, yuragi shuv etadi. O‘sha lahzada u qo‘rqadi, chunki bu lahzada u yana inson bo‘lib qoladi. Odam ba’zan aynan qochgan narsasiga eng ko‘p muhtoj bo‘ladi: muloyimlikka, iliqlikka, kimnidir seni qurolsiz holingni ko‘rishiga.

Dostoyevskiyning kinoyasiyam shunda: aql o‘zini himoya qiladi, yurak esa halokat keltiradi, lekin yuraksiz hayot faqat o'sha cheklangan "Billur saroy" va qobiq bo‘lib qoladi.

Shunday qilib, pingvin do‘stim, bizning “saroy”imiz bugun o'zimizga qulay, tartibli, chiroyli, lekin "havosi" yo‘q. Balki bir-ikki oynasini sindirib, ozgina shamol kiritish vaqti kelgandir?

Sovuqlikdan ozgina issiqlik tilab,
— Ajnabiy Zobit

Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.