Hayotning ma'nosi nimada?
“Eng chin haqiqatlar — bu taqiqlangandek tuyuladigan fikrlar. Ularni aytib bo‘lmaydi. Ular faqat topiladi, pichirlab aytiladi yoki yozilgan satrlardan seziladi.”
Juda cheksiz va yirik savol mavjud: Hayotning mazmuni va maqsadi nima?
Bu savol shunchalik keng va katta savolki, men unga uch xil javob beraman.
1-javob: Bu shaxsiy narsa
Hayotning ma’nosi — bu aynan sizniki. Boshqalar, deylik Budda, Osho yoki men – bergan har qanday donolarcha ta’rif, tushuntirish sizga oxir-oqibat bema’nidek tuyuladi, chunki haqiqatni hech kim siz uchun topib bera olmaydi. Muhimi javob emas, savolning o‘zi. O‘sha savol bilan yashang, uni ichingizda qaziyvering. Bu yillar, balki o‘n yillar talab qilishi mumkin. Ammo bir kuni sizga bema’ni tuyulmaydigan javobni topasiz va u hayotingizning ildiziga aylanadi.
2-javob: Hayotda hech qanday ma’no yo‘q
Hayotning aniq va tayyor maqsadi ham, ma’nosi ham yo‘q. Osho shunday degan edi: “Bu suv ustiga yozish yoki qumdan uy qurish kabidir.” Aslida, siz koinot tarixining o‘n milliard yillik davrida mavjud bo‘lmagansiz. Va yana yetmish milliard yil davomida koinot so‘nib bitgunga qadar mavjud bo‘lmaysiz.
Siz qilgan har bir narsa bir kun yo‘qoladi. Insoniyat yo‘qoladi. Yer yo‘qoladi. Hatto Marsni zabt etganlar ham yo‘qoladi. Bir necha avloddan keyin sizni hech kim eslamaydi — siz rassom bo‘ling, shoirmi, chempionmi, kambag‘almi, farqi yo‘q. Demak, hech qanday tug‘ma ma’no yo‘q.
Ammo siz o‘zingiz uchun ma’no yaratishingiz mumkin. Siz tanlaysiz:
- “Bu men shunchaki tomosha qilayotgan teatrmi?”
- “Balki bu hayot - o‘zimni to‘liq his etish imkoniyatidir?”
- “Yoki shunchaki menga yoqadigan narsalarni orqasidan quvayapmanmi?”
Bularning bari — siz o‘ylab topgan ma’nolar. Koinotda hech qanday tub, turg’un, tayyor “maqsad” yo‘q. Agar bo‘lganda ham, siz baribir keyingi savolni berardingiz:
“Nega aynan shu ma’no?”
Va bu savollar tugamas edi — “Nega?” degan zanjir abadiy davom etadi. Men abadiy hayot haqidagi diniy javoblarga ishonmayman. Chunki men uchun bu g‘oya mantiqsiz: qanday qilib Yerda atigi yetmish yil yashash sizni abadiyatda hukm qilish uchun yetarli bo‘lishi mumkin? Qanday Xudo sizni abadiy ravishda hukm qiladi — atigi shu qisqa vaqtga asoslanib?
Menimcha, o‘limdan keyingi hayot — siz tug‘ilishdan oldingi holatga o‘xshaydi: hech narsani his qilmaysiz, hech kimni tanimaysiz. Xuddi shunday: o‘lgach ham, hech narsa haqida qayg‘urmaysiz — na o‘zingiz, na yaqinlaringiz va na insoniyat haqida.
3-javob: Ehtimol, ma’no bordir, lekin u sizni qoniqtirmaydi
Bu javob biroz murakkabroq. Men o‘qigan ilmiy manbalardan bir nechta g‘oyalarni bir-biriga bog‘lab ko‘raman. Ehtimol, hayotda bir ma’no bordir-u, lekin u biz kutganchalik emas.
Fizikada vaqtning yo‘nalishi entropiya degan tushunchadan kelib chiqadi. Termodinamikaning ikkinchi qonuniga ko‘ra, entropiya doimo ortib boradi, ya’ni koinotdagi tartib asta-sekin buziladi, erkin energiya esa kamayadi.
Ammo tirik mavjudotlar – inson, o‘simlik, jamiyat – bu jarayonni lokal darajada teskari aylantiradi. Biz harakat qilganimiz sari, global miqyosda entropiyani yanada tezlashtiramiz. Shunday qilib, biz aslida koinotning o‘limi sari yetaklayapmiz — u paytga kelib esa, energiya tenglashadi, farqlar yo‘qoladi, hamma narsa bitta butunga aylanadi.
Biz yashash orqali, yaratar ekanmiz — kompyuterlar, san’at, oilalar, sivilizatsiyalar — o‘sha yakuniy holatga tezroq yaqinlashaveramiz. Har bir murakkablik — koinotni tezroq tugatadi, lekin bizni birlik sari olib boradi.
Xulosa
Ehtimol, hayotning ma’nosi — o‘z savolingizni topishdadir.
Ehtimol, hayot — shunchaki o‘zini anglayotgan koinotdir.
Va biz, har birimiz, shu anglash jarayonidagi bir lahzamiz xolos.
Muallif: Naval Ravikant Tarjimon: Ajnabiy Zobit