November 10, 2025

Heminguey effekti — Nega ishni yarimta qoldirib ketish kerak?

Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.

Asosiy g'oyalar:

  • Miyamiz tugallanmagan vazifalarni eslab turadi va ularni tugatishga majbur qiladi.
  • Ernest Heminguey bu mexanizmni o'z ijodida amalda qo'llagan va bugungi psixologiya uni tasdiqlaydi.

Ernest Heminguey 1934-yilda yosh yozuvchi Arnold Samuelsonni o'ziga shogird qiladi va eng qimmatli maslahatlardan birini beradi:

"Asosiysi, qachon to'xtashni bilish. Ish yaxshi ketayotganda, qiziqarli joyga yetib, keyingi qadam aniq bo'lganda — aynan o'sha paytda to'xta."

Ko'pchilikka ushbu usul shunchaki dangasalikdan kelib chiqqan bahonadek tuyuladi. Axir, bugunimizdagi cheksiz mehnat qilish ardoqlanadigan ish madaniyati davrida ishni yarimta qoldirish, zaiflik emasmikin? Lekin qizig'i, psixologiya Hemingueyni bu masalada yoqlaydi.

1920-yillarda psixolog Bluma Zeigarnik restoranda ofitsiantlarning bir xususiyatini payqaydi: ular buyurtmalarni mukammal eslab turishadi, lekin mijozlar ketganidan keyin hamma narsa xotiralaridan o'chadi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, tugallanmagan vazifalar miyamizda psixologik taranglik yaratadi va shu sababli esda qoladi. Vazifa tugagach esa, taranglik yo'qoladi.

Keyinchalik Zeigarnikni hamkasbi Ovsiankina yana bir yangi yondashuv taklif qildi: tugallanmagan vazifalar bizni tinimsiz bezovta qiladi va ularni tugatish istagi hali boshlanmagan ishlardan ancha kuchliroq. Shunday qilib, boshlagan ishni tugatish — bizning tabiiy psixologik mexanizmimiz.

Heminguey bu bilimlarni qanday ishlatgan, deysizmi? "Qiziqarli joyda to'xtang va keyingi qadam nimligini bilib turing". Qiziqarli joyda to'xtatish ertaga qaytishni osonlashtiradi. Xuddi serial ko'rayotganda eng qiziqarli joyida to'xtatilsa, davomini ko'rishni xohlaganingizdek. Keyingi qadam aniq bo'lsam ertaga "nima qilaman?" deb o'ylab o'tirmaysiz. Harakatlanish allaqachon boshlangan bo'ladi.

Zamonaviy tadqiqotlar yana shuni tasdiqlaydiki, bu effekt juda samarali "layfxak" bo'lishi mumkin - agar "vazifani tugatish uchun yana nima kerakligini aniq bilsangiz." Sababi, bunday holatda muvaffaqiyatga erishish ishonchi oshadi.

Amalda qanday qo'llaymiz? Hozir boshlang, ha, yarim soatga bo'lsa ham o'sha ishni boshlang va agar qiziqarli joyda to'xtatsangiz, keyin qaytish oson. Juma kuni ham yetarlicha ishlang va ishdan uyga shoshilmang (stress dam olishga xalaqit beradi), biroq ishingizni to'liq tugatmang ham (dam olishga vaqt qolmaydi). Biroz oldingi siljish ko'rguningizcha ishlang va bu noaniqlikni kamaytiradi hamda dushanba kuni o'sha ishni tugatish osonlashadi.

Aytgancha, Heminguey Samuelsonni shunday ogohlantirgan: "Hech qachon ichingizdagini borini to'kmang. Erta uchun biroz saqlab qoling." Va yana shuni ham ta'kidlaydi: "Men eng yaxshi holatimda ishlashim uchun to'g'ri dam olish muhim. Sog'ligim — mening asosiy kapitalim."

Shunday qilib, eng yaxshi ish — bu to'xtovsiz ish emas. Eng yaxshi ish — to'g'ri joyda to'xtatilgan, ertaga davom ettiril(adi)gan ish, chunki haqiqiy muvaffaqiyat — sprint emas, marafon.