November 9, 2025

Ijodkorlik manbayi (1-qism) - Psixologik va falsafiy qarashlar

Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.

Ijod va ijodkorlik haqida ko‘p gapiramiz, lekin u aslida qayerdan boshlanadi-yu qayerda tugaydi? Bu shunchaki osmonga qarab turib kelgan ilhom chaqnashimi yoki miyaning jim ishlaydigan mexanizmidan tug‘ilgan natijami?

Psixologik va kognitiv yondashuv

Ijodkorlik — bu shunchaki chaqnash emas, balki jarayon. Asosan biz kutmaydigan zamon va makonda boshlanadi: ortiqcha o‘ylagan paytimizda emas, miyamiz jim turganda. Ba’zan siz fikrlayapman deb o‘ylaysiz, aslida esa miyangiz sizdan mustaqil tarzda fikr tayyorlayotgan bo'ladi. Shu biz sezmaydigan oraliq — ijodning yashirin ustaxonasi.

Psixolog Grem Vallas ijodning to‘rt bosqichini aytgan: tayyorgarlik, dam olish, chaqnash va tekshirish. Ammo bu “bosqichlar” bir-biridan aniq ajralmaydi, ular bir to‘lqinning to‘rt holati singari. G‘oya tayyorlanadi, yo‘qoladi, jim kutadi, so‘ng kutilmaganda qaytib chiqadi — go‘yo siz uni o‘ylamagan paytni tanlagandek.

Aslida, bu jarayonning ildizi bizning "Default Mode Network" deb ataluvchi tizimda, ya’ni miya hech qanday maqsadli ish bilan band bo‘lmaganda. Shuning uchun noodatiy g‘oyalarimizni ish stolida emas, shunchaki sayr qilayotganimizda, dushda yoki tongda turishimizdan oldin keladi. Bu lahzani miyaning “bo‘shliqdagi mehnati” desak bo'ladi.

Shunday qilib, ijodkorlik shunchaki yangi narsa topish emas, balki miyaga "sukunat" berib, u o‘zi nimani eshitayotganini anglashiga imkon berishdir. Shunda siz g‘oyani yaratmaysiz, balki u sizning ichingizda o'zi o'sib boradi.

Falsafiy yondashuv

Ko'plab faylasuflarning fikricha, ijod quvonchdan tug‘ilmaydi va u insonning ichidagi bo‘shliqni to‘ldirishga urinishidir. Shopengauer uchun bu bo‘shliqbu “istak” deb ataydi - u hech qachon tugamaydi hamda insonga tinchlik bermaydi. Inson xohlaydi, xohlaganini topadi, yana yangi narsani xohlaydi va shu doira uni ezish davom etadi. San’at esa shu doiradan bir zumlik tashqariga chiqish va hayotni tomosha qilish imkonini beradi. Bu lahzada ijodkor dunyoni o‘zgartirmaydi, shunchaki uni to‘liqroq kartinada ko‘ra oladi.

Kirkegard uchun esa ijod istakdan emas, xavotirdan tug‘iladi. Inson hayotning ma’nosizligi bilan yuzma-yuz keladi, lekin undan qocholmaydi. Keyinchalik esa shu qo‘rquvni biror ifoda, ko'rinishga aylantirishga urinadi — so‘z, musiqa, harakat orqali. Uningcha, xavotir — yo‘qotish emas, balki imkon, chunki u insonni o‘z chegarasini bilishga majbur qiladi. Ijod esa shu chegaradan tashqariga qadamdir.

Shunday qilib, Shopengauer uchun ijod — azobdan qochish, Kirkegard uchun esa azobni chiqarish (sublimatsiya) imkoni.

Biroq shu narsa aniqki, ushbu ikki yo‘l bir joyda tutashadi: inson o'z hayotini muammolariga chidolmay qolsa va o'zida uni ifodalashga bilim hamda ko'nikmakari bo'lsa, u nimadir yaratishni boshlaydi.