Ijodkorlik manbayi (2-qism) - Biologik va zamonaviy yondashuvlar
Shunga o'xshash tarjimalar va tahlillar qidirayotgan bo'lsangiz, Telegramdagi "Ajnabiy Zobit" faoliyatiga qiziqib ko'ring.
Nega inson yaratuvchan mavjudot? Nega tabiat unga ijod qilish, she’r yozish yoki rasm chizish ehtiyojini berdi?
Evolyutsion yondashuv
Amerikalik olim Joffriy Millerning fikricha, ijod — nafaqat madaniyat mahsuli, balki evolyutsion tirik qolish strategiyasi. Bizning ajdodlarimiz uchun yaratuvchanlik, ijodkorlik real ustunlik bergan: kim atrofni chuqurroq anglay olsa, uni narrativ yoki ramzga aylantira olgan bo‘lsa, u ko‘proq e’tibor, ishonch va ittifoq topa olgan.
Millerning "sexual selection" nazariyasiga ko‘ra esa, ijod — bu go‘zallik orqali signallar yuborish usuli. Masalan, qush qanotini yoyib raqsga tushadi, inson esa musiqa yozadi yoki fikrini go'zal shaklga solishga urinadi — har ikkisi ham yashirin ma’noda: “men tirikman, men boshqacharoq odamman” degan signal.
Ammo ijod faqat genetik raqobat mahsuli emas. U hayotdagi beqarorlik va moslashishga bo‘lgan ehtiyojdan ham tug‘iladi. Inson g‘oyalarni shunchaki estetik zavq uchun emas, balki tartibsizlikni tushunish va unga javob topish uchun yaratadi. Shunday qilib, ijod — hayotning kutilmagan o‘zgarishlariga berilgan eng moslashuvchan javobdir.
Zamonaviy yondashuv
Bugungi kunda “ijod” deganda biz endi yolg‘iz daho obrazini emas, balki tizim ichidagi oqimni ko‘ramiz. Psixolog Mihaly Csikszentmihalyi aytganidek, ijodkorlik hech qachon faqat bir shaxsdan chiqmaydi — u uch kuchning o‘zaro harakatida paydo bo‘ladi: individ (shaxs), soha (bilim maydoni) va jamiyat (baholovchi muhit).
Bir odam yangi g‘oya topishi mumkin, ammo u soha tomonidan tan olinmasa, u hali “ijod”ga aylanmaydi. Bu yondashuv ijodni “oqim” (flow) holati bilan ham bog‘laydi. Inson o‘zini ishga to‘liq berib, vaqtni, natijani va hatto o‘zini unutganida, ya’ni o‘zi bilan dunyo o‘rtasidagi chegaralar yo'qolganda — aynan o‘sha paytda haqiqiy ijod yuz beradi. Shuning uchun ijod natija emas, balki holatdir: o‘zini yo‘qotish orqali ma’noga yetish jarayoni.
Demak, evolyutsion yondashuv ijodning ildizini moslashuv va hayotiy zaruratda ko‘rsa, zamonaviy yondashuv uni ma’no va uyg‘unlik holatida ko‘radi. Biri “inson nega yashaydi?” degan savolga javob izlaydi, ikkinchisi esa “inson qachon o‘zini tirik his qiladi?” deb so‘raydi.