š HÄgemonikon va ProsochÄ: Stoik bo'lish yo'lidagi 0-qadam
Qalbimizning eng teran va xilvat burchaklarida siz ham, men ham juda yaxshi anglaydigan, biroq tan olishdan mudom qochadigan bir haqiqat bor. Biz o'zimizga o'zimiz xo'jayin emasmiz.
Tonggi yorug'lik ko'z qovoqlarimizga tushar-tushmas, ong-u shuurimiz hali uyg'onishga ulgurmay, qo'limiz telefonga cho'ziladi. Bu harakatni biz ongli ravishda qilmaymiz. Qo'l beixtiyor harakatlanadi. Aynan shu lahzadan boshlab to tun cho'kkunga qadar biz o'z umrimizni emas, balki qandaydir sharpa olomonning hayotini yashaymiz. Kimdir bizga o'tkinchi shodlik baxsh etadi, yana kimdir qalbimizni qahrga to'ldiradi. Bizni umuman ko'rmagan, hayotimiz va o'limimizga zarracha parvo qilmaydigan mutlaqo begona insonlar bizni goh tahqirlab, goh ko'klarga ko'tarishadi.
Biz esa bu fojiali asirlikni soddalik bilan "hayot" deb ataymiz.
O'zim ham uzoq yillardan buyon ayni shu tarzda yashab kelmoqdaman. Endilikda ortga nazar tashlab, o'sha yillarni qanday nomlashni bilmayman. Uni uyqu deyishga tilim bormaydi, negaki uyqudagi odam hech bo'lmaganda tush ko'radi. Men esa o'tgan yillar davomida faqatgina boshqalarning tushlarida yashagandekman.
Bunga qarshi turish maqsadida zamonaviy insonlar "stoik bo'l" degan shiorni ilgari surishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur tushuncha qandaydir yuzaki ma'no kasb etib ulgurdi, ya'ni muzdek qiyofa, qotib qolgan nigoh hamda barchasiga befarqlik. Bu obrazga ko'zim tushganda ichimda hech qanday hissiyot uyg'onmaydi. Na hurmat va na qiziqish, faqatgina chuqur g'amginlikni his qilaman.
Sababi bu aslo qadimgi mutafakkirlarning ulug'vor falsafasi emas, balki insonning azob-uqubatdan qochish uchun o'ylab topgan navbatdagi qo'rqoqligidir. Odamlarning eski qochish usuli mayga g'arq bo'lish, faryod urish, e'tibor tilanish va yig'lashdan iborat bo'lgan. Yangi qochish usuli esa qalb eshiklarini qulflab, hech narsani his qilmaslik va o'lim sukunati niqobini taqib olishdir. Biroq har ikki holat ham aynan bitta ojizlikdan, o'z botiniy olamining cheksiz tubsizligiga tik qarashdan qo'rqish dahshatidan yaraladi.
Qadimgi stoiklar esa butunlay boshqa g'oyani ilgari surishgan.
Ularning ta'limotiga ko'ra, inson botinida "HÄgemonikon" deb ataluvchi boshqaruvchi markaz mavjud bo'lib, uni hech kim sizdan tortib ololmaydi. Hech kim. Na xo'jayin, na imperator. Uni faqatgina o'zingiz ixtiyoriy ravishda tark etishingiz mumkin va biz buni har kuni takrorlaymiz. Qachonki birovning bir og'iz gapi butun ichki dunyomizni ag'dar-to'ntar qilib yuborsa, uni aynan o'zimiz boy bergan bo'lamiz.
Bu shunchaki bilim emas, balki teran ko'ra bilish qobiliyatidir.
Epiktet qul bo'lgan. Kunlarning birida xo'jayini uning oyog'ini burashga kirishganda, Epiktet xotirjamlik bilan sinishini aytib ogohlantiradi. Xo'jayin unga quloq solmay, suyakni sindirib yuborgach, Epiktet faqatgina "Aytmadimmi" deya javob qaytaradi.
Men ushbu sahna ustida ko'p mushohada yuritdim. Unda hech qanday dramatizm yo'q. Epiktet na baqirdi, na yig'ladi va hatto yuz ifodasini ham o'zgartirmadi. Biroq bu quruq sovuqqonlik emasdi. Biz uning ichida nimalarni his qilganini bilmaymiz. Ehtimol, kuchli og'riq bo'lgandir, zotan, suyak singanda og'riq bo'lishi tabiiy. Lekin ayni o'sha lahzada uning botinida muhim bir tayanch mustahkam turardi. U faqat o'zigagina tegishli bo'lgan narsani, o'z reaksiyasi hamda ichki holatini to'laqonli anglab turardi. Shu bilan birga xo'jayini uning asl "men"iga zarracha ham daxl qila olmaganini juda yaxshi bilardi.
Bu holat "ProsochÄ", ya'ni uzluksiz ichki kuzatuv deb ataladi. Bu shunchaki hozirgi lahzada yashash emas, balki hozirni teran ko'ra bilish, o'zligiga begonalashmaslikdir. Har bir taassurot yuzaga kelganda bir zum to'xtab, o'ziga savol berish san'atidir: bu nima? Bu mutlaq haqiqatmi? U mening ichki olamimga ta'sir qildimi yoxud faqat tashqi qobiqda qoldimi?
Bugun esa biz his qilgan, ko'rgan yoki eshitgan zahotimiz zudlik bilan munosabat bildirib, shoshilinch xulosa chiqaramiz. Hodisa va reaksiya o'rtasida hech qanday bo'shliq qolmagan. Holbuki, aynan o'sha "o'rtadagi bo'shliq"da haqiqiy erkinlik yashiringan bo'ladi.
Men sizni boy berilgan bu erkinlikka olib chiqaman deya soxta va'dalar bermayman. Hech bir inson bolasi bunday kafolatni berishga qodir emas. Biroq men sizga mazkur mashaqqatli yo'lni bizdan avvalgilar qay tarzda bosib o'tganini, bir faqir qul hamda bir qudratli imperator yagona haqiqat chashmasidan qanday suv ichganini kamtarlik bilan ko'rsatishga urinib ko'raman. Qolganini esa o'zingiz ko'rib, anglab yetasiz.
Buning uchun faqatgina ko'rishga nisbatan xohish bo'lishi kifoya.
Agar bu postlar seriyasini o'qishda va sayohatni davom ettirmoqchi bo'lsangiz, safimizni kengayishiga hissa qo'shing.
Ajnabiy Zobit