July 26

Xulio Kortasar – "Ishgʻol qilingan uy"

Kortasar chalkash taassurot qoldirdi. Baʼzan zoʻrligi umumqabul koʻrgan adiblar boʻladiki, tanqid qilishga tilingiz bormaydi, xuddi uni tushunmaganlik, tabiiyki aqli noqislik va yoki saviyasizlikda ayblanish kabi muqarrarlikdan qoʻrqqanday boʻlasiz.

Kortasarning adabiyotni oʻyinga, boshqotirmaga aylantirgani yoqmadi. Yoʻq, men sifatli mutolaa mashaqqat talab qilishi tarafdoriman, yozuvchi aytgan gapi tagida yana bir aytadigan gapi boʻlgani yaxshi. Biroq mana shu aytgan gapining oʻzi ham oʻquvchiga koʻp narsa bera olishi kerak, jillaqursa mutolaa zavqini. Kortasar esa bitiklarini haddan tashqari kodlagan, xuddiki asosiy maqsadi oʻquvchiga tushuntirish emas, tushunib qolishiga toʻsqinlik qilish boʻlganday.

Bunga Lotin Amerikasida shunday uslub keng tarqalgani hamda qisman vatanidagi siyosiy vaziyat ham sabab boʻlgan koʻrinadi. Misol uchun, "Ishgʻol qilingan uy" va "Hissasiz qissa" siyosiy xarakterga ega. "Ishgʻol qilingan uy"da odam qanday qilib oʻz vatanini sekin-asta boy berishi tasvirlangan. Gazandalar vatanni bosqichma-bosqich egallashadi. Kun kelib esa vatanni tashlab ketishdan boshqa chora qolmaydi. Biroq ketayotib ham vatanini oʻylaydi odam. Chunki bu uning uyi.

"Aksolotl" da oʻzlikni yoʻqotish, "Tambalangan eshik"da toʻlaqonli yashalmagan hayot, oʻtmish, "Avtobus"da jamiyatdan gʻoyaviy ajrab qolish, "Menadalar"da olomon oʻzi koʻkka koʻtargan kishisini oʻzi oyoqosti qilishi kabi mavzularni yoritgan. Biroq bularning bari faraz. Men Kortasar haqida boshqalar nima degan ekan deb qiziqsinib koʻrdim, boshqalarda ham shu, hammasi farazlar. Bu asarida bu hikoya qilingan boʻlishi mumkin; Baʼzilarning farazicha muallif buni anglatmoqchi boʻlgan; Mana bunga ishora qilgan boʻlishi ham mumkin; va hokazo va hokazo.

Kortasar uzoq vaqt oʻz yurtida oʻrtamiyona adib deb hisoblangan ekan. Uning koʻplab hikoyalari bemalol shunga asos boʻla oladi. Aksar hikoyalari aytarli muhim gapi borligi uchun emas, qiziq boshqotirma fikri kelgani uchun yozilgani seziladi. Ya'ni hikoya uchun ramz yaratmaydi, ramz uchun hikoya yaratadi. Bunday hikoyalar haqida har qancha fikr bildirmang, tugal xulosa boʻlmaydi. Nazar Eshonqul yozganiday, Kortasar hikoyalari barcha talqinlarga badiiy va ramziy nuqtayi nazardan imkon beradi. Biror gapni har qanday ma'noda tushunish mumkin boʻlsa, demak unda hech narsa haqida gapirilmagan.

Demak, Xulio Kortasar yomon yozuvchimi? Aslo! "Janubiy Shosse"ni oʻqiganimda ikkala qoʻlimni koʻtardim. Bitta hikoyada buncha koʻp narsani ifodalay olgan adibni boshqa koʻrganmidim-yoʻqmi, bilmayman. Balki Borxesda shundaydir. Mana shu bitta hikoya uchun ham Kortasarning butun ijodini oʻqib chiqsa arziydi. Faqat boshqotirmalar bilan boshni qotirmay, eng teran va murakkab hislarni ham ifodalay olishi "Senyorita Kora", "Ikkinchi daf'a", "Kissadan topilgan bitiklar" kabi hikoyalarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Deylik, bir ijdkorning shox asarlarini oʻqib yuramizu, bir kuni bundayroq asari chiqib qoladi oldimizdan. Shuni yozmasa ham boʻlardi-ku, degan oʻy oʻtadi ichimizdan. Shuning kabi, Kortasar hikoyalarini ham ikki toifaga boʻlib oldim oʻzim uchun, shoh asarlari hamda yozmasa ham boʻladigan asarlari. Birinchisi haqida gap ketsa, tilimdan bol tomib maqtayman. Ikkinchisi haqida gap ketsa, surkashga qora kuya koʻtarib kelaman. Shunaqa gaplar, xullas.

@salimov_blogi