Temirpo‘lat Tillayev: O‘lim o‘pqoni
"O‘lim o‘pqoni" ilk marta 1991-yilda nashr etilgan. Mustaqil deb e‘lon qilinishimizdan oldin berilgan va shu bilan yo‘qolib ketgan "erkinlik" davrida chop etilganini, yozilganini hisobga olsak, o‘z davriga nisbatan kuchli yozilgan.
Yozuvchi nafaqat o‘sha davr kishilarini turtkilashga harakat qilgan, balki, kelajakda qorin g'amidan ortmaydigan millat paydo bo‘lishini ko‘ra olgan. Ularga ko‘zgu "tutish"ga harakat qilgan.
Kitobning tahsinga sazovor jihatlaridan biri "millat", erklik, birlashish kabi tuyg'ularni jonli tasvirlanganida. Kitobdagi ramzlar, voqealar o‘quvchini to‘lqinlantirib yuboradi.
"O‘lim o‘pqoni" - qissa. Qissa ichida esa yana bir qissa bor. Nomi - "Choh". "O‘lim o‘pqoni"dan ko‘ra shu "Choh" asar mohiyatini ko‘proq ochib bergandek..
Chohni o‘ziga keladigan bo‘lsak, inson doim chohga yaqin yuradi. Muvozanatni yo‘qotsa yoki chohni ag'darmoqchi bo‘lsa - uning domiga qulaydi. Va endi bu chohdan chiqib ketish - juda mushkul. Chohning 8 eshigi, yana o‘sha eshiklar qarshisiga olib chiqadi. Faqatgina to‘qqizinchi eshik boshqa maydonga olib boradi.. To‘qqizinchi eshikka borish va u eshikni ochish natijasida, insonning sohib bo‘lish mumkin bo‘lgan narsalari hammaga ham nasib etavermaydi.
Yozuvchi inson qulaydigan chohni - quruq sahroga, kimsasizlikka qiyoslaydi.
Kitobdagi ramzlarga boshida tushunmadim, ammo asarning kulminatsion nuqtasi borki, o‘sha nuqtada barcha chigalliklar va ramziylik yechiladi. Asarning syujeti, personajlarning ismlari, xarakteri, hatti-harakkatlari mohirona yaratilgan. Yozuvchiga va uning mahoratiga tan berdim. Yana asardagi ayrim ramzlar Markes va Borxesni eslatdi. Keyinroq Borxesning "O‘lmaydigan odam" essesi uchradi. Ramzlar ishlatilishi va o‘zining tugal fikrini yetkazishi bilan "O‘lim o‘pqoni"ni jahon adabiyotidagi asarlar bilan bellasha oladi deb hisoblayman.
Yozuvchining fikricha, inson chohning tubida turgancha, yuqoriga, olisdan ko‘rinib turgan yorug‘likka talpinadi. Chohdan yorug‘likka esa, faqatgina eshik ortidagi zinalar orqali yetishish mumkin. Agarda yo'lak ostidagi tuynuk orqali yurilsa, dahriylik diyoriga chiqilishini eslatib o‘tadi.
Kitob epigrafining o‘zi o‘quvchiga o'zgacha ta‘sir qiladi, "Xubbil vatan minal imon".
Vatan muqaddasligi iymondandur.
Kitobni Shahnoza opa barcha uchun tavsiya qilib bo‘lgan. Qo‘shimcha sifatida, ramziy asarlarni o‘qishni, chigalliklarni yechishni, Borxes, Markes asarlarini sevib o‘qiydigan kitobxonlar uchun qattiq tavsiya. Eng muhimi esa, ba‘zi savollariga javob izlayotgan kitobxonlar o‘qisa o‘z savollariga javob topa olishi mumkin. Agar, qarash mantiqlari qiyshiq shakllanmagan bo‘lsa)