“MING BIR KITOB”NING SINOATLI SO‘QMOQLARI BO‘YLAB
Ushbu qissa yerga ursa ko‘kka sapchir o‘smir bola – o‘zining aytishicha, xuddi Ortega-i-Gasset deganday qo‘shaloq ismli Abdulqayum-Mashrabning sarguzashtlari bayoni haqidadir. Yorug‘ dunyoga kelgan ilk onlaridan boshlab – tug‘ruqxonada ekanidayoq, yo‘q, undan ham avval – hali onasining qornidayoq u ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ajabtovur ajabliklarga yo‘liqib, xayolga kelmagan voqealar qahramoniga aylanadi.
Tug‘ruqxonada boshqa chaqaloqlar qatorida yotib, labining ustida no‘xatdek xoli bor go‘bdikkina qizginaga oshiqu beqaror bo‘ladi. Endigina tug‘ilgan chog‘ida orqasiga shapatilab yig‘latgan doya xotindan qasos olish rejasini ishlab chiqadi va bu rejasini hech kechiktirmasdan amalga oshiradi.
Birinchi sinfga birinchi qadamini qo‘ygach esa bu safar yoshgina muallimaga pinhona ko‘ngil qo‘yadi. Muallimaning e’tiborini qozonish yo‘lida ilmu-savodning zarang toshini betinim kemiraverib, sinfning eng oldi a’lochisiga aylanadi. Biroq, vaqtiki kelib, muallimaning bu maktabdagi amaliyot davri tugab, o‘zining olis yurtiga qaytib ketgach, ayriliq jarohatlagan jimirtak yuragini qo‘ltiqlab qolaveradi. Ayriliq dardida yana eski fe’l-atvori junbushga kelib, avvalgidan chandon ko‘proq shumtaka va bezori bolaga evriladi. Maktab tugul, atrof-deparada ham undan bezor bo‘lmagan birov qolmaydi hisob.
Shu zaylda oradan yillar o‘tib boradi. Abulqayum-Mashrab yettinchi sinfga qadam qo‘ygani mahal eng qadrli kishisi, har ishda maslahatgo‘yi – mudarris bobosi Haqqa qovushadi. Tengsiz bu kulfatdan bemisl g‘ussaga botgan bola yolg‘izlikda g‘amini aritish ilinjida eski uyning chordog‘iga chiqib boradi. Chordoqda esa bobosidan qolgan ko‘hna sandiqqa duch keladi. Sandiqni ochib, allaqachon urfdan qolgan bir sidra kiyimlar ostidan,ranglari unniqib, muqovasi ham titilib bitgan semizgina, ammo nomsiz va sahifalari bo‘m-bo‘sh g‘alati kitobni topib oladi. Bir payt tushuniksiz nimadir sodir bo‘ladiyu, bolaning atrofini shaffof, biroq yiqib bo‘lmas qalin qubba o‘rab oladi va shu paytgacha biror harf bilinmagan kitob sahifalari satrlarga to‘la boradi. Sinoatli qubba ichra o‘tirgan holicha unga taqdim etilayotgan g‘aroyib hikoyalar mutolaasiga tutinadi...
Xayollarni har ko‘yga solib, eslarni ham esankiratib qo‘yar bu qissaning sirli so‘qmoqlari bo‘ylab, Abdulqayum-Mashrab ila birga qadam tashlashni hamda hassos hikoyalar pirovardi uni va unga qo‘shib esa sizni ham qaylarga eltishini bilishni istasangiz, “MING BIR KITOB”ni Akademnashr do‘konlaridan axtaring!
Xarid: t.me/akademsavdo | +998994331677