November 26, 2024

TALOTUM IZTIROBI yoxud JIMLIK ORTIDAGI OVOZ

Izlam... Zamondoshimiz bo‘lgan bir shaxsning shaxsiy MA’RIFATI. Izlam... Adabiy tarixi ma’lum joyda depsinib turgan millatning Yangi adabiy tarixi IBTIDOSI. Izlam... Keyingi adabiy avlodning bus-butun shakllanishini orzulayotgan qat’iyatli jamoaning FIDOIYLIGI. Izlam... Umid va ishonch VASIQASI. ...Va u yosh ijodkorning xayrli va mas’uliyatli adabiy jarayon ishtirokchisi bo‘lishi, o‘z bitiklari haqidagi hukm va xulosalar, mushohada va munozaralar bilan ko‘ngilli yoki ko‘ngilsiz uchrashuvidir. Bayram ALIning yaqindagina “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Bosiriq” kitobini o‘qib tugatar ekanman, eng avval ushbu kechinmalar ko‘nglimdan o‘tdi.


“Bosiriq” – muallif ijodida elimizning sevimli adibi Luqmon Bo‘rixon bir paytlar shu nomdagi qissa haqida aytgandek, “tub burilish” desa arziydigan kitob bo‘libdi. Kitobdagi ikkala qissa va barcha hikoyalarda Bayramali o‘zining yorqin adabiy iste’dodini namoyon qilgan. Zotan, uning jumla qurishida baxshilarning bo‘zloviga monand sirli va sokin ajib ichki ohang mujassamki, bu mashqlarda o‘zlashtirilmaydigan, faqat ijodkorning savqi tabiiysida tug‘iladigan, demak yo qon xotirasi, yo ruh ilmiga oid noyob adabiy hodisa. Xususan, “Bosiriq” qissasida yozuvchi Chimsaroy ovulida bo‘lib o‘tgan, balki mudom bo‘lib o‘tayotgan voqealarni, o‘z ta’biri bilan aytganda, “miyasi suyila” boshlagan roviy tilidan go‘zal bir yo‘sinda, o‘quvchini tilimizning o‘ziga xos joziba va sehri bilan jodulab tasvirlaydiki, o‘zingizni o‘z dunyoyingizdan uzilib ijodkor kashf etgan ertaknoma, kulgili va qayg‘uli, dahshatli va fojiali o‘zga bir olamga tushib qolganday his etasiz. Yo‘q-yo‘q, balki anchadan beri shunday olamda yashayotganingizni tuyqus anglab qolasiz.


Shu o‘rinda aytish lozimki, har qanday nasriy asarni ich-ichidan yoritib turadigan bir nur bo‘ladi. Bu inson va hayot mohiyatini belgilab beradigan, tutib turadigan, kuch va qudrat bag‘ishlaydigan, inkor etadigan, fosh qiladigan, so‘roq va javoblar girdobida qoldiradigan g‘oya va tasvir mukammalligidir. “Bosiriq” qissasida Roviyning “miyasi suyilgan”ligi va uning tush aralash bosiriqli hayoti, o‘ylari va mulohazalari adabiy-badiiy tasvir unsuri sifatida qissaning ana shu bosh g‘oyasiga hamda tasvir mukammalligiga xizmat qila olgan, hamma narsa bir-biri bilan chirmashib, yaxlit bir butunga aylana bilgan.


Asardagi ovul oqsoqoli – birgina Oypar otin timsolining o‘zi fikrlovchi o‘quvchini o‘nlab mushohadalarga yetaklaydi va bugun radio, televideniye, matbuotning tepasida turib elga oqsoqolchilik qilayotgan, benomuslik qilgani sari ommalashib eldagi oqsoqollik mavqei yuksalayotgan allakimlarni shundoq ko‘z oldimizga keltirib qo‘yadi. Biroq bu asardagi faqat bir qahramon, ya’ni, bizni Bayram ALI kashf etmish makonga olib boradigan yakka bir so‘qmoq. Muxtasar gap shuki, “Bosiriq” – balo-qozoday bostirib kelayotgan noinsoniylashish kuchayadigan ertamiz haqidagi xavotirni namoyon etgan, shuningdek, bugungi kun talotumlarini o‘z hayotlarida aks ettirgan Asomxon pirim, Murodali qasamxo‘r, Abdushukur mechkay, Avaz dovdir, Oypar otin va Matluba timsolidagi o‘ziga xos adabiy iztirobdir.


Mazkur kitobdan o‘rin olgan “Tunkezar bolalar” qissasi va qolgan barcha hikoyalarda Bayramali qalamga olgan mavzular turfa xil bo‘lsada, ularni o‘zaro birlashtirib turadigan bir jihat mavjud – bu asarlarning barchasida inson va uning o‘y-xayollari, iztirob va quvonchlari, qo‘yingki, hayot va tiriklik nafasi gurillab turibdi.


Temrpo‘lat TILLAYEV, yozuvchi

📘 Bayram Ali, “Bosiriq”

Qissa va hikoyalar

📖 Fragment va mundarija

Muqova: yumshoq
Hajmi: 192 bet
Narxi: 35 000 so‘m
Xarid: t.me/akademsavdo

Bayram Ali bilan suhbat