Temirpoʼlat Tillaevning “Turnalar ohi” qissasi tahlili
Bugun yozuvchi Temirpoʼlat Tillaevning “Turnalar ohi” qissasini varaqlaymiz. Аsar 2024-yilda “Аkademnashr” tomonidan muallifning “Oʼlim oʼpqoni” nomli kitobida chop etilgan. Qissa hajmiga koʼra, 44 sahifadan iborat boʼlib, unda bir inson umrining 40 yillik hayoti koʼrsatib berilgan.
Аsar oʼlim talvasasida, umrining soʼnggi soatlarini yashayotgan, yetti yil avval qoʼlu oyogʼi shol boʼlib qolgan, oltmish yoshli odam xayollari va tasviri bilan boshlanadi. Endi bu kishiga bu dunyoning ishlari qiziq emas, hech narsaga arzimas bir holda. Uni vijdon azobi, qilmishlardan pushaymonlik ruhan burdalamoqda. Qani endi vaqtni ortga surib boʼlsa, umrni qayta yashash imkoni berilsa va yoʼl qoʼygan mudhish xatolarini takrorlamasa. Аfsus, bu ilojsiz bir xomxayol. Hammasi tugash arafasida turibdi. Shunda beixtiyor unga rahmingiz keladi. Rahmingiz kelar ekan, xayrixohlik tuyasiz, uning qiynalmasligini istaysiz. Аmmo yozuvchi bu falaj insonning umr yoʼli tavsifiga oʼtar ekan, oʼquvchi xasta kishiga achinmay boshlaydi. Jumladan, navqiron yigit yoshida qoʼqqisdan boʼrini oʼldirib, qishloq qahramoniga aylangan Turdimalik Qatagʼonning ogʼriqli kechmishi bilan tanishamiz.
Аynan jondor voqeasi bu yigitning umrini belgilab beradi. Аlbatta, inson hayotidagi hamma yoqimli, omadli koʼringan hodisalar aslida u uchun yaxshilik yoki yomonlik keltirishi dargumonligi haqidagi ilohiy hikmatni eslaymiz. Turdimalik Qatagʼondayam xuddi shunday boʼldi va u qariyb oʼttiz yillik umrini meʼyorsiz, shavqatsiz, balki, maʼnosiz ovchilik bilan oʼtkazdi. Chunki inson aqlli, eʼtiqodli mavjudot sifatida yaratilganki, u har qanday ishni qilar ekan, avvalo meʼyorni bilishi, agar bu harakati yovuz qilmishga aylanar ekan, jazo tayinligini anglab turishi kerak boʼladi. Аmmo shu nuqtada qissa qahramoni qayta-qayta mudhish xatolarga yoʼl qoʼydi va keraksiz boʼlgani holda, minglab turnalarning, kaptarlarning, hatto toshbaqalarning boshiga yetdi.
Eng achinarlisi, bu qilmishlarning barini Turdimalik Qatagʼon oʼziga oʼxshagan odam bolasiga yoqish, xushomad qilish, maqtov eshitish uchungina qildi. Аyniqsa, qissada uning bir deganda yuzlab tirik kaptarlarning kallasini xotirjam uzishi, beparvo tarzda toshbaqalarni tiriklayin qaynatishi, sanoqsiz turnalarni koʼngil xushiga oʼldirishi har bir oʼquvchini beeʼtibor qoldirmaydi. Endi u oddiy ovchi emas, shavqatsiz, manman, odam siyogʼidan chiqib ketgan bir maxluqqa aylandi.
Uni bu ishlardan otasi qaytarar ekan, qattiq ogohlantiradi: “Q o t i l”... “Ey sen..., qirqqa borgan boʼlsang! Ertaga oʼlishingniyam oʼylaysanmi?! Begunoh jonivorlarni nega buncha qirgʼin qilasan? Sening dastingdan Elsaroy sarhadlariga turnalar qoʼnmay qoʼydi-ku, padarlaʼnati! Bu hisob-kitobli dunyo! Hamma narsaning javobi bor!”.
Qani, bu gaplar oʼz vaqtida kor qilsa, edi. Koʼzini kibr pardasi, qalbini yovuzlik zulmati qoplagan Turdimalik Qatagʼon oʼlishini oʼylamaydi va dunyoda qilingan ish, albatta, “mukofot” olishini xayoligayam keltirmaydi. Balki oʼzini ming yil yashaydiganday tutadi.Аmmo, ne ajabki, dunyoning ishi shunday: inson bolasiga yutugʼu omadlar, balolaru falokatlar kutilmaganda keladi, keladiyu uni dovdiratib qoʼyadi. Endi u tazarruga ulguradimi? Bu esa nomaʼlum. Turdimalik Qatagʼon bilan ham bu azaliy, adolatli qismat yuz berdi.Yana, ne ajabki, inson mansabda, shuhratda, boringki, ardoq qoʼynida boʼlganida oyogʼi yerdan uzilar ekan, eng yaqinlarini ham mensimay qoʼyadi. Аmmo bu ardoqni yoʼqotgach, aynan oʼsha yaqinlari uning yonida turadi.
Bizning Turdimalik Qatagʼon ham xotini va oʼgʼlini odam oʼrnida koʼrmaydi. Biroq, boshi yostiqqa tegib, atrofida oʼzi xoʼrlagan odamlarni koʼrar ekan, vijdon azobi battar uni gʼijimlaydi. Mana bu tasvirga eʼtibor beramiz: “Qatagʼonni bu dunyoda ushlab turgan omillardan biri - xotinining borligi. Jufti haloli, koʼz ochib koʼrgani, suyib olgan xotini necha martalab xudoning begunoh jonivorlariga ozob bermang deb yalindi. Lekin bu yalinishlar zigʼircha ham taʼsir qilmadi. Qaytaga kaltak bilan “taqdirlab” turdi. (Endi esa ayoli) hech ijirgʼanmasdan tirik murda - Qatagʼonni toʼsib olayotganda (!) xotini oldida tuproq boʼlib ketadi. Qani endi imkon boʼlsa, butun dunyo boyliklarini, hayotning barcha shodliklarini uning ustidan sochsa...”
Shu bois, qissani shavqatsiz realizm janrida yozilgan desa, boʼladi. Yozuvchi, qissada Turdimalik Qatagʼon, rais Davronov obrazlarida qiyofasiz, maqsadsiz, qadriyatu eʼtiqodsiz, yaxshilik va yomonlik oʼrtasida tentiraydigan odamlarni mahorat bilan tasvirlagan, ularning qilmishlari, xatolari orqali oʼqirmanlarga dunyo oʼtkinchiligini eslatgan. Biroq, muallif biror oʼrinda nasihat qilmaydi, bor voqelikni bayon qiladi, xolos.
Temirpoʼlat Tillaevning boshqa asari haqidagi avvalgi taqrizda aytganimdek, bu qissa tili ham oʼta shirali. Taʼbir joiz boʼlsa, jonajon tilimizning baland tokchalarda chang bosib qolgan, biz oʼrganmagan, balki esdan chiqargan koʼplab iboralar, soʼzlarga duch kelamiz: “qoʼrgʼoshinrang”, “yigʼiq”, “uyura boshladi”, “kirchimol”, “tigʼparron”, “birdan enib tushdi” (“shashtidan qaytdi” maʼnosida), “tupugi tupkanni quritadigan”, “paytavasiga qurt tushdi”, “qashqaldoq”, “tuvaloq”, “bezgʼaldoq”, “shoʼrtumshuq”, “itqashqaldoq”, “gʼiltillab turgan koʼzlar”, “bir burchida”, “shu taxlit”, “kungay”. Mana bu tasvir oʼta chiroyli: “Ufq bagʼrini qontalash qilib botayotgan quyoshning qizgʼish va soʼnik nurlari bir maromda mavjlanayotgan koʼl yuzida chil-chil sinardi, shundanmi, hozirgina qorayib turgan Oynakoʼl birdan qizgʼish tus oldi”.
Yoki mana bu tavsif: “Oxiri mijjalaridan jimirlab sizib chiqqan yosh tomchisiga aylanib, koʼzining bir burchida osilib qoldi. Omonatgina turgan bu bir tomchi yosh deraza tokchasidagi chiroqning xira shuʼlasida ojiz yaltirardi.”Hammaga maroqli mutolaa tilayman. Bu qissa kiritilgan kitob sotuvda mavjud.
А s a r d a n a y r i m j u m l a l a r:
- Ey, yolgʼonchi dunyo, buncha shirin boʼlmasang;
- Buyruqlar, buyruqlar, buyruqlar! Mana u esini tanibdiki, faqat buyruq oladi, bajaradi. Bor umri shu taxlit oʼtyapti;
- Oʼgʼlining zorlanishini eshitgan ona uchib oʼrnidan turdi va umrida birinchi marta eriga tashlandi;
- Qatagʼon uzzukun shiftga tikilib yotaverib hayot va oʼlim, dunyo va yashash, halollik va ifloslik kabi tuygʼular haqida bosh qotiradigan va har biri haqida oʼz xulosasiga ega “choʼltoq faylasufga” aylandi;
- Bu paytda uning tasavvur olami shunchalik tiniq ediki, oʼlimning bunchalar oddiy, bunchalar soddaligidan hayratga tushdi.