Mohira Eshpoʻlatovaning "Qirq birinchi kun" hikoyalar toʻplami haqida fikr-mulohazalar
Bir nechta hikoyalar joy olgan ushbu kitobda "Katena" (katta ona) badiiy maktubining eng boshida keltirilishi va yakunidagi "Qizim Toʻmarisga" nomli ikkinchi maktub orasida uzviy bogʻliqlikni mutolaa soʻnggida anglash qiyin emas. Ayol nomiga munosib yashab, soʻnggi manzilga qadar tik, adl keta olgan katta onasi siymosida muallif oʻzining mustahkam ildizini koʻradi. Va tugʻilajak qiziga yozgan maktubida ham oʻzaro ramziylik borligini ta'kidlaydi.
"Biz hech kimga oʻxshashni istamaganimiz holda, bir - birimizni takrorlayveramiz",-degan jumlalar bor. "Oʻzbekchilik" uchun tabiiy holga aylangan oʻrab-chirmalgan, qoliplangan, takrorlanuvchi hayot tarzini muallif hali tugʻilmagan qiziga ravo koʻrmaydi. Necha ming asrlardan buyon onalardan qizlarga meros boʻlib oʻtayotgan "oʻzbekcha tarbiya" dan balandda va ozod qilib ulgʻaytirishni oʻzining burchi deb biladi. Katena oʻtgan avlod boʻlsa, Mohira bugungi kundagi siz-u bizga oʻxshagan inson, ayol. Toʻmaris - boʻlajak ayollik timsoli. Agar oʻtgan avlod sukutda yashagan boʻlsa, bugungi Toʻmarislar soʻzlashini istaydi. Bu ikki hikoyada ayollardagi ruhiy-hissiy rishtalar badiiy usulda bogʻlangan.
"Tugallanmagan kuy" hikoyasida san'atning, inja tuygʻularning sehrli ovozi, pionino klavishlaridan taralayotgan kuyning ohangrabosi koʻngil irmoqlaridan otilib chiqib, ong-ostingizda jaranglaydi. Ushbu hikoya muhabbat, tanlovlar haqida yozilgan. Yarim qolgan orzular, aytilmagan soʻzlar, yarim yoʻldan qaytgan tuygʻular haqida. Kechikkan sevgi, aytilmagan soʻzlar, ortga qaytmas yoʻllar, yoddan chiqmas ohanglar, xotiralar.
Yurakda tugʻilib, tilga koʻchmagan bir kuy. Qalbda chalingan, aytilmagan ohang.
"Qirq birinchi kun" hikoyasi: oʻziga xos falsafiy teranligi bilan alohida ajralib turadi. Bosh qahramonning ichki kechinmalari nozik va chuqur tahlil qilingan. Har bir sahifada qahramonning his-tuygʻulariga hamdardlik sezasiz. Hikoyada ruhiyat badiiy tilda soʻzlangan. Asarning tili sodda, biroq obrazli. Jumlalar qisqa, lekin toʻla. Ifodalar ortida tuygʻular yotadi. Tashqi voqeadan koʻra ichki ziddiyat kuchli. Ya'ni oʻz-oʻzi bilan kurash. Bu kurashda muhabbat, kechirim, iztirob va iroda toʻqnashadi. Yakunda havoda muallaq qoladi. Goʻyo, yakunni oʻquvchining oʻziga havola qilgandek.
"Hayotga kirish" hikoyasida qachonlardir yoʻqotilgan muhabbat sabab orttirilgan dard, ogʻriqli xotiralarning achchiq alamlaridan oʻzini oʻzini qutqara olgan irodali insonni koʻramiz. Oʻsha tanish, sokin kuyni qaytadan eshitgan onidan boshlandi hammasi. Xotiralarning ogʻir yukidan qochmasdan ularga tik boqib yuzlashdi. Alamlarini soʻnggi bor achchiq koʻzyoshlari bilan yuvdi. Natijada ogʻriqli rohatni his etdi.Ruhi yengillashdi.
Soppa-sogʻ boʻlib koʻringan risoladagidek, xatto havas qilgulik ayrim "inson" larning aslida qalbi xarob ekanligini "Majruh" hikoyasida yoritib berilgan. Mutolaa oxirida shoir Muhammad Yusufning yod boʻlib ketgan satrlaridan ikki misra beixtiyor yodimga tushdi.
"Sotmaydi yurtini biror otboqar,
Sotsa zerikkandan ziyoli sotar".
"Chempion" hikoyasida inson ichidagi boʻshliq, oʻzini yutar darajadagi, hech narsa oʻrnini toʻldira olmaydigan ulkan boʻshliq haqida soʻz boradi.
Bolaligida ninachilarni tutib qiynagani uchun ham Allohdan magʻrifat tilab, zoʻr yigʻlagan soddagina oʻzbek ayolining samimiy iqroriga "Ninachilar qargʻishi" hikoyasida guvoh boʻlasiz. Ikki dunyo orasida turgan (tugʻruq payti) mushtipar musofirdagi akasi diydoriga ilhaq boʻlib koʻz tikadi. Ogʻir paytda yonida boʻlishi kerak boʻlgan eri ham tirikchilik vajidan olis yurtlarda ishlab yurganini oʻqib hayol bir dam umuman boshqa ijtimoiy muammolarga ketadi.
"Choyxona" hikoyasida: Uch avloddan buyon toʻlanmasdan oʻtib kelayotgan yelkadagi qarzni oʻzi ham sezmasdan murgʻakkina toʻrtinchi avlod ham ongsiz ravishda meros qilib olishi ramziy ma'noda mahorat bilan tasvirlangan. Va buni otasi tomonidan koʻra bila turib jim qabul qilinganligidan nafratlandim, toʻgʻrisi.
Asli och odamning och koʻzlarini bu dunyo moli emas, narigi dunyoda bir siqim tuproq toʻldirar ekan degan xulosaga keldim.
"Zarnigor" hikoyasida: siz-u biz, oʻzimiz yaratgan bugungi chirkin jamiyatda asl isteʼdodlarning oʻz oʻrnida emasligidan muallif bilan birga vijdoningiz qiynalishi aniq.
Shaxsan oʻzimda katta taassurot qoldirgan devor hikoyasi haqida alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Qanchalar kulgili va ahmoqona boʻlmasin tan olish kerak oʻzimiz uchun qilayotgan ishlarga ham atrofdan e'tibor, e'tirof kutamiz.Natijada oldinga siljish oʻrniga bir joyda depsinib turaveramiz. Aksariyat hollarda oldindagi yoʻl aniq koʻrinsa-da qadam tashlashga ikkilanib, oʻylanamiz.Qoʻllarni keng yoyib, orzularni quchish oʻrniga toʻsiqlarni quchamiz. Bor e'tiborimizni bahonalarga qaratamiz. Natijada qoʻl kalta, toʻsiqlar esa kattalik qilaveradi. Haqiqatlarimizga mahkam yopishamiz. Oʻzimizga boshqa rakursdan qarashni hayolga ham keltirmaymiz. Bora-bora toʻsiqlar qoʻrquvga, qoʻrquv nafratga aylanishi ham hech gap emas. Koʻngildagi nafrat jamiki harakatlarni yoʻqqa chiqaradi. Eng yomoni istaklar oʻladi. Bu yogʻiga maqsadsiz davom etamiz. Butun bir umrni shunchaki yashash....
"Devor" hikoyasida aynan yuqoridagi holatlar badiiy usulda yozilgan.
"Yuzma-yuz" hikoyasida hamma narsani oʻziga moslab oladigan qalbi zanglab ketgan hissiz insoniyatni haqiqiy fojeasi bilan yuzlashasiz.
Kitob yakunida esa yozuvchi "Aytar soʻzing boʻlsin" deya oʻqirmanga xitob qiladi. Kitobdan olingan xulosalar, fikrlar qanday boʻlishidan qat'iy nazar oʻzingniki boʻlsin, deydi. Har kimning dunyoga aytar oʻz soʻzi boʻlishini istaydi. Muallif mudom nimanidir axtarib, kutib yashashning shirin azobi qalbingizni tirik tutib turishini tilaydi.