November 15, 2023

Nazar Eshonqul — "Go‘r o‘g‘li"

Asar siyosiy, ijtimoiy, falsafiy, mistik. J. Oruellning "1984" romani bilan o‘xshashlik bor, biroz. Asarda noma’lum joyning tushunarsizu, tutirig‘i yo‘q ishlash mexanizmi, sud tizimining teatr sahnasida rol ijro etishdek bajarilishi, davlatni bitta shaxs boshqarishi, ya’ni diktatura, hukumat bilan bitadigan ishlarda byurokratiya, sarsonlik, ahmoqona buyruqlar va boshqalar yozilgan. Asarda, gap qaysi davlat haqida ketayotganini hech qayerdan bilolmaysiz. Hatto ismlarning ham biror millatga mansublik joyini topolmaysiz.

Nazar Eshonqul, Saylanma - I, II

Asar haqida qisqacha tanishtiruv:

Bosh qahramoning ismi N.. U obro‘li davlat ishida ishlaydi. Uning kuni bir xilda sokin o‘tadi. Ishxonasida ham shu. Doimiy stabillik, turg‘unlik. Turg‘unlik bo‘lganda ham fikr turg‘unligi. Boshliq aytgan ishi amalga oshishi yozilmagan qonun. Shunday kunlarning birida N. tanishi Hovva ismli ayolning uyiga uni o‘ziga turmushga chiqishga taklifi bilan yo‘qlab boradi. N. taklif bildiradiyu, Hovva N.ning cho‘ntagidagi gazetadan hozir uning ro‘parasida turgan odam o‘lganligi haqidagi xabarni o‘qiydi. Hovva qo‘rqqanidan uni haydab yuboradi. Ertasiga N. ishiga borgach o‘zining janozasiga tayyorgarlik avjida bo‘ladi. Marosimni bekor qilish mumkin emasligini tushunadi. Unga butun kollektiv va kazo-kazolar taklif etilgandi. U o‘zini tirik ekanini boshqalarga aytgan, hujjatlarini bir oy avval vokzalda yo‘qotib qo‘yganini, marhum esa boshqa odamligini bildirsa ham hamkasblari bu boshliqning qarori ekani, unga vazir ham kelishi, sheriklari bo‘lsa odamni mayna qilmasligini, ta’ziyaga qat’iy borishlarini aytishadi.

Eng qizig‘i boshliq o‘lik tepasida turib yaqinda N.ning lavozimini ko‘tarmoqchi bo‘lganini gapirardi. Ayni chog‘da u N.ning tirik ekanini ham ko‘rib turardi. Endi N. o‘zining tirik ekanligini isbotlashga kirishadi. Aksar hukumat ishchilari bu mayda ishchilarning xulosasi bilan bitmasligini, yaxshisi «Tergovchi»ni topishi, faqat ugina bu chalkashlikni ko‘rib chiqishi mumkinligini keltirishadi. U «Tergovchi»ni juda uzoq qidiradi. Uning nomi boru, ammo o‘zi yo‘q edi. «Tergovchi» bir vaqtning o‘zida hamma joyda boru, ammo shu paytda hech qayerda ham emasdi. U misli ko‘rinmas shamol edi. U oliy hakam edi. U oliy qonun edi. Unga hamma intilar edi. U oliy haqiqat edi. Barcha odamlar uchun u hamma narsa edi. U shunday samarasiz, befoyda yugur-yugur kunlari uyga qaytayotganda unga do‘mboq olim, N.ga boya qilgan yaxshilik uchun minnatdorchilik bildirib, gaplashadi. U tergovchiga qo‘shni ekanligini aytadi. Va N. uning uyiga borib «Tergovchi» o‘lik ekanini biladi. N. uni o‘lganini nega sir tutishayotgani tushunmaydi. Endi ishi aniq bitmasligini tushungan N. uyidan chiqmay yashaydi. Bir kuni sud xodimi N.ning uyiga kelib soat 3da mozorga borib o‘zining go‘rini qazib, o‘zini tirik ekanini, go‘rdagi odam boshqa ekanligini isbotlashga imkon berilganini, bu doimiy bajarilgan, ya’ni so‘zsiz oliy hakamning qaroridan istisno qilishganini aytadi. Unda umid qayta uyg‘onib o‘z go‘rini qaziydi. Shunda mozor go‘rkovi kelib barcha haqiqatlarni aytib tashlaydi. Ertasi kuni N. ...

Bu voqelarni yozishdan maqsad asarni o‘qishga turtki edi. Men asarni juda qisqartirib yozdim. Asarga xulosa bermayman. Uni o‘zingiz chiqarib olasiz. Quyida qiziqarli dialoglar va gaplarni beraman:

• Shunda ham aniq javob bermang. Javobingiz turlicha izohlarga o‘rin qolsin. Chunki rahbar sizdan qay ma’noda javob kutayotganini bilmaysiz
• Aslini olganda N. bo‘ldi nimayu, K. bo‘ldi nima (N. K. ismlar, shaxslar). Rahbar baribir ish haqida gaplashadi, tabiiyki ish haqida barcha xodimlarning fikri bir xil. Umuman K. bo‘lamizmi, N. bo‘lamizmi farqi yo‘q, hammamiz shu idoraning xodimlarimiz. Shuning uchun kim deb chaqirish muhim emas. K. bu N. degani, N. esa K. degani. Biz hammammz bir odammiz.
• Qiziq, tashvishdan holi yoki hech qursa, ishi yurishib turgan kishiga boshqalarning zaharxandasi hamisha erish tuyiladi.
• — Sizni barcha o‘lganga chiqargan va siz rostdan ham o‘lgansiz. Agar o‘lmagan bo‘lganingizda , hujjatlaringizga «o‘lgan» degan muhr bosilmasdi.
• — Men hech narsa bilmayman. Biz kichik odamlarmiz. O‘lgan deb buyruq berishga o‘lganga chiqaramiz.
• — Hamma narsani oydin bo‘lgan qonun hukumatning boshini yeydi. Qonun ham tushunarli va tushunarsiz bo‘lsin. Qonunning ta’siri uning tushuniksizligidadir.
• —Shikoyatchilar ko‘tarilgan muammolar hal qilinishiga va hayotlarida porloq kunlar boshlanishiga umid qila-qila qaytib ketishadi.
• — Agar «Tergovchi»ning o‘lgani oshkor bo‘lib qolsa, shaharda jinoyatchilar bosh ko‘tarishini va aql bovar qilmas tartibsizlik boshlanishini tasavvur qilyapsizmi?
• — «Hammomga tushish xizmat vazifasigv kiradimi?», «Bo‘lmasam-chi, Ulardan mutlaqo halol ishlash talab etiladi. Halollik esa badan tozaligi bilan belgilanadi».
— «Biz ularni qorong‘u xonalarda kutib o‘tiribmiz, bular esa hammomga kirib olib kitob o‘qishadi. Yana kim biladi, bu qanday kitob ekani, hammomda o‘qiydigan», «Qonun kitobi», «Qonun kitobi?», «Shunday. Ular hammomda qonunni o‘rganishadi»

Ulug'bek Ramazon

⏩ Nazar Eshonqul asarlari