July 26

Xulio Kortasar: "Ishg‘ol qilingan uy" | Taqriz

Xulio Kortasarga o‘tgan asrning 60-70-yillarida jahonning eng nufuzli tanqidchilari “Argentinaning birinchi raqamli adibi” ta’rifi berishgandi. Ushbu kitobga birinchi raqamli adibning hikoyalari jamlangan.

Hikoyalar biz shu paytgacha o‘qib yurganlarga umuman o‘xshamaydi. Ular tasavvurlarni ostin-ustun qilib yuboradi va sizni ramzlar, paradokslar o‘yiniga taklif qiladi. Odatiy asarlarda bo‘lganidek dialoglarni osongina ajratib ololmaysiz, suhbatlar shu qadar tig‘izki, bu sizdan karrasiga e’tiborni talab qiladi. Bir dam chalg‘isangiz esa kim kimga gapiryotganini, suhbat nima haqida ekanligini anglayolmay yana boshiga qaytishingizga to‘g‘ri keladi menga o‘xshab. Adib o‘quvchilarni ikki guruhga ajratar, biri har qanday kitobni o‘qib ketaveradigan o‘quvchi bo‘lsa, ikkinchisi muallif bilan birga fikr qiladigan o‘quvchi. Ikkinchi toifani u “hammuallif” o‘quvchilar deb atar va o‘zini shu toifadagilar o‘qishini istardi.

Muallif insonning ich-ichiga sayohat qilar ekan, uni botini bilan yuzlashtiradi. Hali o‘zi anglab yetmagan og‘riqlari-yu, kunjakda qolib ketgan hislarini yuzaga chiqaradi. Yoqimli azob beradi. “Tambalangan eshik”da tunlari “men”i bilan qolgan yolg‘iz odamning iztiroblari yoritilgan bo‘lsa, “Aksolotl” hikoyasida bu jonivorlarga mahliyo bo‘lganidan oxiri o‘zi ham aksolotlga evrilgan qahramon haqida hikoya qilinadi. “Janubiy shosse“da tirbandlik (probka)da qolgan odamlarning qalblariga nazar tashlansa, “Avtobus”da esa odamlardan ajralib turadigan odamlarning azoblari, “Ishimning mashaqqatlari”da istaganini istaganicha yozolmaydigan, sinchkov kotibasi tomonidan so‘zlari hadeb “qatl qilinadigan” yozuvchi yoki jurnalist haqida gap boradi.

Hikoyalar ramzlarga to‘lib-toshganidan hamma uni o‘zicha tushunadi. Bu yog‘i muallif bilan tasavvur o‘yinlarini qanchalik mahorat bilan o‘ynashingizga bog‘liq. Tavsiya qilaman. Zero, “Tasavvur lazzati barchasidan ustun”.

Shu o‘rinda kitob haqida ikki og‘iz gapirsam, to‘plam “Akadem•nasr” (https://t.me/Akademnashr/3572) turkumidagi birinchi kitob. Tarjima va kitob sifati yuqori. Shrift ko‘zni charchatmaydi. Odatda kitoblarning kleyini ko‘chirib qo‘ymay, varaqlari yulinib ketmasin, muqovasi buklanmasin, ichdagi iplari uzilib ketmasin deb nihoyatda ehtiyot bilan o‘qir edim. Yoki har zamonda chiqib, tomoqqa suyakday qadaladigan imloviy xatolar ta’bimni tirriq qilardi. Bu kitob bilan bularning hech biri sodir bo‘lmadi.

✍ Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr