May 10

Xurshidning dardi sari...

Asar quloqlari bilan vataniga xizmat qiladigan Hotamning mashmashalari-yu hangomalari bilan boshlanadi.

Bu gʻalvali boshlanishning oʻziyoq oʻqirmonni kitobga bogʻlab qoʻyadi. “Dardisar”ni oʻqiganlarning bir qismi uni fantastik asar dedi. Bir qismi sarguzasht desa, boshqasi yumoristik roman deb baholadi. Men esa bu fikrlarni rad etmagan holda, “Dardisar”ni turli janrlar omuxtasidagi ramz va timsollarni oʻzida jamlagan kitob degan boʻlardim.

Xurshid Abdurashidning “Dardisar”idagi har bitta obrazni hayotimizdagi kimgadir yoki qaysidir voqeaga bogʻlash mumkin. Menga koʻproq yoqqani deputat Qoʻylibek Qultoyev obrazi boʻldi. Ismi sharifida ham oʻziga xos ramz va timsollar soʻzlaydi. Uning manqtiqsiz qonun tashabbuslari esa ismdagi ramzlarni yanada boʻrttiradi. Oʻquvchini hushyor torttiradi. Achchiq tabassumga undaydi. Asab tolalari bilan oʻynashadi. Qoʻylibekning “ishsiz kishilarga soliq solish” tashabbusi yaqin tarixda oʻz hayotimizda uchragan “migrantlarga soliq solish kerak” taklifini yodga soladi.

Muallif bizning oʻlchov va qarashlarimizni tushunmaydigan, uni tanasida his etmaydigan begona olamdan kelgan Jin obrazi orqali yuzimizga koʻzgu tutadi. Jin odamlar bilan munosabatga kirishar ekan, millatimizning qusur va yutuqlarini oʻrtada paydo boʻladigan tushunarsiz vaziyatlar va kelishmovchiliklar orqali koʻrsatib beradi. Tursunboyning ishq mojarosiga Jin yordam qilmoqni istarkan, afsunlari ish bermasligi ortidan koʻngil ishida senga hech kim yordam qila olmaydi, buning uchun oʻzing yonib-kuyishing, harkat qilishing kerak degan mazmunni anglash mumkin.

Asardagi shifokor, oʻqituvchi, olimlar-u mahalla idorasidagi muamolarga ham achchiq yumor, yoqimli soʻzlash uslubi - nazmiy satrlar bilan toʻxtalib oʻtiladi. Har bir obraz orqali uning orqasidagi turli aholi qatlamlarining dardlarini, ularning siyosatdan va davlatdan kutayotganlarini izhor qiladi.

Romanda muallif osh va lagʻmonga alohida urgʻu beradiki, oʻqiyotib hozirgi kunda har ikkisini keng koʻlamda tanovul qilayotganimizni shu jamiyat kishisi sifatida osongina anglashingiz mumkin boʻladi. Oshni haddan ziyod koʻp yeyotgan boʻlsak, lagʻmonni keragidan karrasiga orttirib quloqlarga ilmoqdamiz. Xurshidning bu ikkisini ramzlar orqali gapirtirishga uringanini asardan olingan mana bu ikki iqtibosdan ham anglashingiz mumkin:

Kimdir va’daga vafo qilib turishi ham kerak. Boʻlmasa, “va’da” degan jonivor lugʻatdan oʻchib ketadi.

Qachondir Samarqand oshi bilan vodiy oshi oʻrtasidagi farqni ilmiy jihatdan oʻrganib chiqaman. Fizika hamma narsaga qodir. Oʻshanda koʻrasiz, qaysi osh zoʻrligi haqidagi bahslarga nuqta qoʻyiladi. Oʻylab qarasam, bizga eng kerakli ilm shu ekan…


Kitob soʻngida Jinning yaxshi deb bilganlarini qaysidir ma’noda mukofotlashi, yomon deb hisoblaganlarining ta’zirini berib qoʻyishi muqaddas dinimizda qilgan amallar uchun yakunda javob berilishini yodga soladi. Bundan qochib boʻlmasligini har qanday oʻqirmon tushunadigan sodda koʻrinishda koʻrsatib beradi. Bularni ochiq aytmasdan, ramz va timsollar orqali tushuntirishga urinadi.

Asardagi voqeliklarga koʻp ham toʻxtalib oʻtirmayman. Uni kitobdan oʻqib, matn shirasini oʻzingiz his etganingiz durust. Kitobxonlarga yangicha qarashlar va uslub bilan yozilgan roman muborak boʻlsin. Millatning faol va ziyoli kishisi sifatida “Dardisar”ni oʻqib koʻrishingizni va oʻz fikrlaringizni bildirishingizni istardim. Mutolaa yoqimli boʻlsin.

Muhiddin Nido