Xurshid Abdurashid, «Dardisar»
Avvalo, ushbu kitobni oʻrtaga qoʻyib, masalan, oʻzbek adabiyotida nasr qanchalar oqsab qolgani haqida gaplashib ketish mumkin. Nima uchun, oxirgi yillarda nasr yoʻnalishida «Dardisar» dek kitoblar koʻrinmayapti? Vaziyat shu darajaga kelganki, kitobxonlar diqqatiga tarjima adabiyot hamda qanaqadir psixologik yoʻnalishdagi kitoblar preslashtirilib havola etilmoqda va bu oʻrinda milliy adabiyotni farqlashga, his qilishga, baholashga, undan oziqlanishga vaqtimiz boʻlmay qolyapti. Oʻzbek adabiyoti qayerlardadir jurnal, gazeta sahifalarida, tor doiralardagi mushoiralarda jon saqlayotgandek goʻyo. Istalgan nashriyot uchun sheʼriy toʻplam katta daromad manbayi emas, istalgan nashriyot oʻzbek nasridagi yangilikni bozor marketingi qoidalarisiz kitobxonlarga keng yetkaza olmaydi. Mana shunday sharoitda XXI asrning 20-yillaridagi oʻzbek adabiyoti qanday "standart"larga javob berishi kerak?
«Dardisar» ni tahlil qilishdan avval mana shu omillarni ham hisobga olish kerak menimcha.
Yozuvchi bosh qahramon vositasida jamiyatning qiyofasiga koʻzgu tutmoqlikni maqsad qilib qoʻyadi. Bosh qahramon sehr qobiliyatidan mahrum boʻlgan jin. Bu yerda oʻziga xos ramziylik kasb etilishi reja qilingan. Ammo muddao hosil boʻlmagan. Nega? Chunki jin qobiliyatlaridan mosuvo holida oʻzligini yoʻqotayotgan inson funksiyasida juda kam namoyon boʻladi. U faqat jamiyatdagi past balandliklarni kuzatish vositasiligicha qolib ketadi. Shu sababli jinning shaxsiy tashvishlari, iztiroblari ikkinchi planda qolib ketaveradi. Tasavvur qiling, ayni shu gʻoyaga oʻzbek adabiyotida Nazar Eshonqul, jahon adabiyotida Markes nuqtayi nazaridan yondashilganda qanday ajoyib asar dunyoga kelardi.
Umumiy xulosani aytadigan boʻlsam, yozuvchi yetarlicha nodir gavharga ega edi, ammo uni dengiz tubiga emas, nisbatan sayozlikka joylashtirib qoʻygan. Bu holatda gavharning qiymati birmuncha pastlaydi.
Keyingi oʻrinlarda asar qahramonlari va bayon uslubi haqida yozishga harakat qilaman. Hozircha shu.
Muallif asar uchun oʻtgan asrning 40-yillarida tugʻilgan yozuvchilar uslubini tanlagan. Shunday asarlar toifasi borki, muallif har qanday asar qahramoniga nisbatan koʻproq gapiradi. Oʻzbek adabiyotida masalan, Tohir Malik asarlarida (ayniqsa, «Shaytanat») shunday uslubni kuzatish mumkin. Jahon adabiyotida Aleksandr Dyuma bu borada beqiyos. Yozuvchi Xurshid Abdurashid shu uslubni tanlagan boʻlsa, eʼtirozlar yoʻq. Har kim ijodda oʻz yoʻliga ega. Ammo aynan mana shu uslub asar personajlari bilan tanishishni birmuncha qiyinlashtiradi. Ehtimol, keyinchalik uslub takomiliga yetib, bu kamchilik bartaraf etilar.
Ikkinchi masala. Asar hajmi. Shaxsan men uchun asar nihoyatda choʻzilib ketgan. Qobiliyatlaridan mahrum jin jamiyatning qiyofasini aks ettiruvchi koʻzgu vazifasini bajarishi rejalashtirilgan ekan, bunchalik koʻp odamlar bilan uchrashish shart emas edi nazarimda. Jin janoblari mardikor bozorga borib, ish topolmay qaytib kelgan taqdirda ham, koʻzlangan muddaoni hikoya hajmida hosil qilish mumkin edi balki. Va shuncha choʻzilgan sarguzasht davomida asar boshida tanishtirilgan Xotam uzoq vaqt unutiladi, kechinmalari bir sira tanishtiriladi-da, shu bilan asar tugayotganda koʻramiz uni
Keyingi masala satira va yumor. Aytaylik, asarda falon musobaqada gʻolib chiqqan oʻquvchiga mukofot tariqasida tarvuz beriladi. Oʻzbek ijtimoiy tarmoqlarini 3-4 yildan buyon kuzatayotgan istalgan shaxs qaysi voqeaga ishora qilinayotganini darrov sezadi. Bunday holatlar asarda juda koʻp uchraydi. Ammo bunday misollardan foydalanish badiiy adabiyotning qiymatini tushiradi. Bu oʻtgan asrda felyetonlar, hozirgi kunimizda telegram blogerlarining materiallariga xos. Chinakam badiiy adabiyot kinoya xarakterli publisistikadan ustun boʻlishi kerak. Chinakam adabiyotda jamiyatni tanqid qilishga bu darajada keng oʻrin ajratilmasligi kerak. Chinakam adabiyotda tafakkur va tasvir ustuvor boʻlishi kerak.