November 22, 2023

«Faxriyorning she’rlarida har kim o‘z dardini ko‘radi...»

"Izlam"ni o‘qiydigan havolar bo‘lyapti.


* * *


Maktab o‘quvchisi edim. Abituriyentmiz, shu yili oliygohga topshiradigan edik. O‘qishga kiraman deb titkilamagan kitobimiz qolmay yurgan kunlar. Til-adabiyot darsliklarini varaqma-varaq yodlashlar...
Qish edi. Qay bir tumanli kunda oyog‘im tortib kitob do‘koniga kirdim. Kitoblar orasida bittasi negadir e’tiborimni tortdi — muqovasi ham, nomi ham boshqacha — "Izlam". Bunaqa so‘zni avval eshitmaganman. Muallif nomi yozilgan — Faxriyor.

"Oy bolta". Negadir Faxriyor desa, ko‘pchilikning xayoliga shu so‘z, aniqrog‘i, she’r kelardi: "Oy bolta". Oybolta degani she’r ekan, deb kulib yurardi biz tengi boshqalar. Ichini varaqladim. She’riy to‘plam ekan. Cho‘ntagimni qarasam, pulim yetmaydigan. Sekin joyiga qo‘yib, chiqib ketdim. Ikki-uch kundan so‘ng qaytib borib, sotib oldim. Uyga kelib, bir varaqlab ko‘rdim, so‘ng o‘qishga tutindim. Keyin... keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Men avval bunday she’r o‘qimaganman. Bilganlarim, o‘rganganlarim, bilaman deb yurganlarim — hamma-hammasi o‘zgardi birdan; fikrlarim ostin-ustun, xayollarim to‘s-to‘s bo‘lib ketdi. Bunday majoz, bunaqangi uslub, so‘z o‘yinlari, tildagi bori so‘zlarni turli shakllarga solish, ulardagi ohang, bitta kalom ostidagi ming ma’no, undagi og‘riq, haqiqiy og‘riq, yuragingni ezib, qo‘lingga tuttiradigan, tishingni tishingga bosib "dod!" deyishga majbur qiladigan og‘riq... bu She’r edi, haqiqiy She’r! Joningni og‘ritadi, ayni vaqtda shu og‘riqqa chora izlab yana shu kitobga yopishasan, chunki davoning o‘zi ham shu she’rlarning ichida. O‘qigan sayin og‘riysan, o‘qigan sari davo topasan. Men "Yangi o‘zbek she’riyati", "Modernizm", "Yangi davr uslubi" deganda shu narsani tushundim. Modernizm mening ong-shuurimga Faxriyor she’rlari ko‘rinishida kirib keldi.

* * *

Men Faxriyorning she’rlarini hech qachon "yod olaman" deb yodlamaganman. O‘qish davomida o‘zi xotirimga muhrlanib qolgan. Yurgan yo‘limda, bosgan qadamimda "Izlam"dan parchalar pichirlab yuradigan bo‘lib qoldim:


"Ko‘ksingga bosasan gullarni,
Ko‘ksingdagi gullar qirmizi..."


Kunlarim, tunlarim shu she’rlar bilan bo‘lib qoldi. Men vaqtning hisobini, zamonning farqini yo‘qotib qo‘yganday edim — kitobdan misralar ayqash-uyqash bo‘lib ko‘z oldimdan o‘taveradigan bo‘lib qolgandi. Shu-shu "Izlam" qo‘limdan tushmadi, shundan buyon bir odam o‘z-o‘zidan shivirlab she’r o‘qiydigan bo‘lib qoldi:


"Na gul bor singrarga otini aytib,
na kul bor boshingga sochmoqqa zorli,
na yo‘l bor bosh olib ketarga daydib..."

* * *


Faxriyor desam, uncha-muncha odam gapirmasdi. Yo tanishmasdi, yo o‘qigan bilan tushunishmasdi. Shu yili olimpiadaga boradigan bo‘ldim. Og‘zaki so‘rov bosqichida o‘qigan kitobing, bilgan she’ringni so‘rashar ekan. Hamma Navoiydan, Lutfiydan, Atoyidan o‘qidi. Navbat menga keldi.

— Xo‘sh, sen kimdan aytasan?
— Faxriyordan.
— Faxriyordan?

Bir hakam taajjub bilan tikildi. Boshqasi yuzini burishtirdi. Men yoddan she’r boshladim:

Rondel-3
Ketari. Bu nechuk ayrilish,
yosh bo‘lib qaroqda aylandi?
Ketmagin, ketmagin, maylimi,
sho‘r jonim shu so‘zga boylandi.
Yosh bo‘lib qaroqda aylandi
«ketma» degan bo‘g‘iq munojot.
Iltijo kunlandi, oylandi,
mustajob bo‘lmagach na hojat?
Yosh bo‘lib qaroqda aylandi
ketaringning mustajobligi.
Bo‘g‘zimda xo‘rliklar maylandi,
yutarman, yutmoq azobligi.
Ketari. Bu nechuk ayrilish…

Ko‘zimda yosh aylandi, ovozim qaltirab chiqdi. Hakamlar eshitdi, ikkalasi ham inamadi. Bir nuqtaga tikilgancha o‘tiraverishdi. Men sekin chiqib ketdim... Baho ham, natija ham qiziqtirmadi, men she’r ta’siriga tushib qoldim. Bir necha kun xayolim o‘zimda bo‘lmay yurdi...


* * *

Maktabdalik paytim bitta muallim qay bir kun so‘z ochib qoldi: "Faxriyorning she’rlarida har kim o‘z dardini ko‘radi..." Bu men eshitgan eng muvofiq ta’rif edi. Men, oddiy o‘quvchi, na shoir emasman, na bir qalami bor odam, ammo Faxriyorning she’rlarida o‘zimni topdim. O‘qidim, ta’sirlandim, ba’zi so‘zlarga tushunolmadim, qidirdim, o‘rgandim, qayta o‘qidim, yuragimga yetib bordi. Yig‘ladim... Ruhiyatni sitib yuboradigan she’rlar yaratish Shoirga Tangrining in’omi deyishadi, Faxriyor ana shu ne’matdan yetarlicha taqdirlangan, bunga hech shubham yo‘q. Har safar "Izlam"ni, "Ayolg‘u"ni qo‘limga olganimda, tanim bir seskanadi, yuragim boshqacha gupurlaydi, xuddi qop-qora zimiston ichidan bir eshik ochayotganday bo‘laman, qayerdadir gul ochilganday, qayerdadir kapalaklar qanoti shitirlaganday ovoz keladi, she’r boshlanadi:
"Kapalak qo‘nadi tabassumingga..."


Dilnoza Rustamova, UrDU talabasi