She’riyatda “material” va pishish muammosi | “Izlam” tahlili
Bu maqola “Izlam” loyihasida chiqqan kitoblar bahonasida zamonaviy shoirlar she’rlari haqda chin ma’noda - o‘ta yuzaki kuzatuv asosida yozildi. Bu shoirlarning ko‘p yutuqlari ko‘zdan panada qolgan bo‘lsa, bu albatta maqola muallifining ziyrakligidan emas, kamchiligidir, bu uchun oldindan uzr so‘rayman. Nasib bo‘lsa, ushbu maqolaning davomi ham yoziladi. Zora, ushbu maqola ham naf keltirsa.
She’riyatda “material” va pishish muammosi zamonaviy adabiyotning eng og‘riqli masalalaridan biridir. Bugungi she’riyatda tashqi tomondan jozibador, shaklan jozibador ko‘ringan, ammo mazmunan pishmagan asarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday she’rlar tasvirlarga boy, ohangdor va ko‘zga tez tashlanadi, biroq ichki mohiyat - ma’no, axloqiy mas’uliyat, tafakkur va vijdon yetishmasligi sababli tugallanmagan holatda qoladi. Ularni shira bog‘lamagan, faqat sirti qizargan mevaga qiyoslash mumkin: rang bor, ammo ta’m yo‘q.
Har qanday she’r hissiy turtkidan boshlanadi. His - ijodning boshlang‘ich materiali. Ammo muammo shundaki, ko‘plab hollarda bu hislar mantiq, tafakkur va vijdon süzgichidan o‘tkazilmasdan, xom holicha taqdim etilmoqda. Natijada ehtiros san’atga aylanish o‘rniga o‘z-o‘zini iste’mol qiladi va nobud bo‘ladi. Buni “hislarning bevaqt o‘limi” deb atash mumkin. Shoir ehtirosni jilovlamagan sari u ijodkor emas, balki o‘z hislarining qurboniga aylanadi. Bunday holatda she’rdagi lirik qahramon “chala odam” sifatida namoyon bo‘ladi: u o‘z ustidan hukmron emas, hislarining qulidir.
Agar ehtiros ma’naviy yoki axloqiy maqsadga yo‘naltirilmasa, u dekadent kayfiyatdan nariga o‘tmaydi. Holbuki, boshlang‘ich his muayyan nuqtadan harakatlanib, yana o‘sha nuqtaga qaytishi, doira hosil qilishi - tugallanganlik va butunlik belgisidir. Hisning A nuqtadan chiqib, tafakkur va vijdon orqali aylanib, yana A nuqtaga yetib kelishi she’rni to‘laqonli asarga aylantiradi.
Zamonaviy she’riyatdagi yana bir muhim muammo - “men”ning haddan tashqari kattalashib ketishidir. Ko‘plab she’rlarda shaxsiy hayajon, shaxsiy lazzat va shaxsiy iztirob markazga chiqadi. Ijtimoiy yoki ilohiy vijdon bilan bog‘lanmagan ehtiros umumiy ma’noga ko‘tarila olmaydi. Agar ehtiros ortida komillikka yetaklovchi ishq, halollik yoki umuminsoniy dard bo‘lmasa, she’r shaxsiy instinktlar bayonidan nariga o‘tmaydi.
She’riyatda pishish jarayoni - subyektiv hayajonning obyektiv haqiqatga aylanishidir. Hisning o‘zi yetarli emas; u tafakkur bilan boyitilishi, vijdon orqali tekshirilishi lozim. Shundagina u shaxsiy “men” doirasidan chiqib, transsendent holatga ko‘tariladi va yangi estetik shakl topadi. Shoir hisni tuygan zahoti qog‘ozga tushirsa, bu faqat reaksiya bo‘ladi. Shoir hisni ichida yashatib, unga masofa qo‘ya olsa, voqeaga chetdan qaray olsa - ana shunda san’at yuzaga keladi. Tafakkur bu jarayonda quyosh vazifasini bajaradi: u xom materialni pishiradi.
Sharq mumtoz adabiyotida, xususan, Alisher Navoiy ijodida ishq insonni devona qilsa-da, bu devonalik uni vijdondan uzmaydi. Aksincha, u insonni “insonlik martabasi”ga yaqinlashtiradi. Bu yerda ehtiros yengilmaydi, balki ma’naviy kuchga aylantiriladi. Shoirning ustaligi ham aynan shunda namoyon bo‘ladi.
Bugungi tezkor axborot muhiti, ijtimoiy tarmoqlar va “tayyor ovqat” madaniyati hissiyotning arzonlashuviga olib keldi. His keladi va darhol e’lon qilinadi. Material pishishga ulgurmaydi. Natijada tashqi tomondan jozibador, ammo ich-ichidan bo‘sh asarlar paydo bo‘lmoqda. Bu xamirni achitmasdan pechga tiqishga o‘xshaydi: tashqarisi qizaradi, ichi esa xom qoladi.
Ko‘plab zamonaviy shoirlarda bilim va hayotiy falsafa yetishmaydi. Ularda material bor, ammo uni pishiradigan intellektual va ma’naviy mexanizm zaif. Eng muhimi, “butun odam” bo‘lishdan qo‘rquv mavjud. Butun odam mas’uliyatni bo‘yniga oladi, har bir so‘zi uchun javob beradi. Chala odam esa ehtiroslar ortiga yashirinib, bu javobgarlikdan qochadi.
Tasavvufiy terminlarning noo‘rin va yuzaki qo‘llanilishi ham zamonaviy she’riyatning muhim muammolaridan biridir. Bu tushunchalar shunchaki bezak emas, balki chuqur metafizik tizimdir. Mazmun yukini ko‘tarmagan termin quruq so‘zga aylanadi va ma’no inflyatsiyasini keltirib chiqaradi. Bu holat she’rning ham, tushunchaning ham qadrini tushiradi.
Ezra Paund ijodi pishish muammosini anglashda muhim misoldir. U dastlab imajizm doirasida sof tasvirga urg‘u berdi: hissiyotni umumiy so‘zlar bilan emas, predmetli ekvivalentlar orqali ifodalashga intildi, keraksiz bezaklardan voz kechdi, tejamkorlik va ichki musiqiylikni ustuvor qo‘ydi. Keyinchalik “The Cantos” asarida tarix, iqtisod va axloqiy masalalarni she’riyatga olib kirishga urindi. Biroq bu ulkan loyiha bir butunlik kasb eta olmadi. Paund umrining oxirida shaklning o‘zi yetarli emasligini tan olib, “My writing. Stupid and ignorant all the way through.” deya e’tirof etdi.
Uning “I have brought the great ball of crystal; who can lift it? Can you enter the great acorn of light? But the beauty is not the madness Tho' my errors and wrecks lie about me. And I am not a demigod, I cannot make it cohere.”deb yozgan e’tirofi ham aynan bir butunlikni vujudga keltira olmaganlik fojiasini ko‘rsatadi.
(To’g’ri tarjimasi:“Men ulkan billur sharni olib keldim; Kim uni ko‘tara oladi? Nurga to‘la ulkan yong‘oq ichiga kira olasanmi? Ammo go‘zallik - bu jinnilik emas, Garchi atrofimda xatolarim va vayronalarim yotgan bo‘lsa-da. Va men yarimxudo emasman, Men buni bir butun qila olmadim.”)
Paundning so‘nggi yillarda deyarli sukut saqlashi va “To be men not destroyers” (Buzg‘unchi emas, inson bo‘lish) degan yakuniy chaqirig‘i san’at va axloq o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu o‘rinda, Merab Mamardashvilining bir muhim iqtibosi yodga tushadi: “Inson - inson bo'lish uchun qilinadigan harakatdir... Shakl - bizga o'zimizdan ko'ra kattaroq (yuksakroq) bo'lish imkonini beruvchi narsadir.”
Shu ma’noda buyuk mutafakkir Aziziddin Nasafiyning inson kamoloti borasidagi qarashlari yodga tushadi. Uning ta’rifiga ko‘ra, inson shakllanish jarayonida dastlab o‘simlik ruhi darajasida bo‘lib, bunda u faqat hissiyotlar va tashqi ta’sirlar boshqaruvida bo‘ladi. So‘ngra hayvoniy ruh bosqichiga o‘tib, unda “shaxsiy men” -egoizm ustuvorlik qiladi. Yakuniy bosqichda esa ruh yo shaytoniy, yo insoniy qiyofa kasb etadi. Albatta, oxirgi ikki bosqichdan qaysi birini egallashda- ilm kerak bo‘ladi.
Merab Mamardashvili fikricha, “Hissiyotlarning o‘zi hali haqiqat emas. Ular haqiqatga aylanishi uchun tafakkur o‘tidan o‘tishi kerak”. Uning ta’kidlashicha, shakl - bu o‘tkinchi hislarimiz va oniy hayajonlarimiz sochilib ketmasligi uchun ularni ushlab turuvchi ma’naviy qobiqdir. Bu shakl tabiiy emas, muallif istagi bilan hosil bo‘lmaydi; u muallif tabiatidan tashqarida, g‘ayritabiiy tartib sifatida mavjud bo‘ladi.
“Izlam” loyihasidagi kitoblardagi she’rlarning ko’pi asosan obyekt ta’sirida uyg’ongan “biologik titroq”- hissiyotlardan iborat.
“Izlam” loyihasidagi Rafiq O‘zturkning uch misralik ayrim she’rlari modernistik ruhdagi tiniq va muvozanatli shakl namunasidir. Shoir tafakkurning ishlashiga imkon yaratgan va natijada geometrik aniqlikda qurilgan konstruksiya orqali o‘quvchiga muallif anglagan latiflikni bevosita his qildirgan. “Izlam” lloyihasida nashr etilgan Rafiqning bitta she’ridan misol:
Faqat, derazalar meniki emas!”
Muallif A nuqtadan harakatlanib yana shu- A nuqtaga eson-omon yetib kelgan. Keyingi bosqichda lirik qahramon tuyg’usi yo’naltirilgan obyektdan voz kechsa, bir butunlik kasb etadi. Bunda illyuzidan holi real borliq ochiladi. Alisher Navoiy g’azallari o’quvchinining butunligini o’zi uchun kashf qilishiga xizmat qiladi. Yoki Rauf Parfi, Muhammad Solihning 1980 - yillar atrofidan yozib boshlagan she’rlarida shu-butunlikni o’quvchi o’zida ko’radi. Demak, bu shoirlar qandaydir butunlik ichida harakat qilgan va bu harakati she’rda tasvirga aylangan.
Taassurot - she’r sari boriladigan yo‘lning yarmi xolos. U she’r uchun faqat ishlov berilishi lozim bo‘lgan material, ozuqa vazifasini o‘taydi. Haqiqiy she’r esa obrazli aytganda, o‘sha ozuqani hazm qilib, butunlay yangi va mustaqil bir dunyo yaratilgan nuqtada dunyoga keladi.
Aksariyat zamonaviy she’rlarda esa pala-partish shaklbozlik kuzatiladi. Bu tartibsizlik muallifning o‘zi ham ilgari surayotgan g‘oya mohiyatini oxirigacha anglamaganidan dalolat beradi. “Izlam”da nashr etilgan shoirlar she’rlarida tiniq misralar juda ko’p uchraydi. Lekin she’r hajmiga e’tibor, bu tiniq misralarni yutib yuboradi. Shunday bo’lsa-da, “Izlam” loyihasidagi shoirlar yangi shakl qurishgan, yangi tashbehlar topishgan. Faqat tartib institutini to’la egallashmagani sabab she’rlarda xaos-tartibsizlik yaqqol ko’zga tashlanadi. Tillaniso Nuryog’di, Jontemir Jondor, Xurshid Abdurashid, Najmiddin, Suhrob Ziyo, Shahriyor va ushbu loyihadan o’rin olgan boshqa shoirlar o’zlarini va dunyoni tushunishga , anglashga bo’lgan harakatini faqat olqishlash kerak.
Ko‘plab she’riy matnlar shunchaki taassurotlar yig‘indisidan iborat. Taassurot esa hali she’r emas, balki she’r sari boriladigan yo‘lning yarmi xolos. Agar asar faqat tashqi ta’sir va unga bo‘lgan reaksiyadan iborat bo‘lsa, u muallifning obyektga bog‘liqligini, uslubiy va ruhiy qulligini ko‘rsatadi. Haqiqiy she’r esa o‘sha taassurotni hazm qilib, undan butunlay yangi va mustaqil bir dunyo yaratgan nuqtada tug‘iladi.
Mukammal badiiy shakl changsiz, tiniq oynaga o‘xshaydi. O‘quvchi bu oyna orqali muallif his qilgan dunyoni bor bo‘yicha ko‘radi. Bunday shakl qurilishida vijdon va halollik oddiy axloqiy da’vo emas, balki “g‘ayritabiiy badiiy muharrir” vazifasini bajaradi. Halollik g‘alviridan o‘tmagan she’rlar sentimental kayfiyat, manipulyatsiya va sun’iy ta’sirga asoslanadi. Bu esa ijoddagi eng katta gunohlardan biridir.
Merab Mamardashvili ta’biri bilan aytganda, shunchaki “Men halolman”, “Men sevaman” degan tabiiylik bilan g‘ayritabiiy halollik yoki sevgi o‘rtasida ulkan farq bor. Haqiqiy badiiy tahrir muallifning “men”idan tashqarida sodir bo‘ladi. Masalan, Rafiq O‘zturk aynan shu “ichki muharrir”ga quloq tutgani uchun ham tiniq shakl qura olgan. Aksincha, faqat halollikka da’vo qilingan she’rlarda shakl tiniqlashmaydi; o‘quvchi unda sof tuyg‘uni emas, uydirma va yolg‘onni ko‘radi.
Haqiqiy she’r shaxsiy lazzatdan emas, umuminsoniy darddan tug‘iladi. Shoir past energiyani - nafs va xom ehtirosni - yuqori energiyaga, ya’ni ma’rifat va vijdonga aylantira olgan taqdirdagina san’at chegarasiga yetib keladi. Shu ma’noda, she’riyat o‘zini namoyish qilish emas, balki o‘zini yo‘qotish orqali haqiqatni topish jarayonidir. Shoir o‘zini tayyor meva deb emas, hali pishishi kerak bo‘lgan material deb tan olganida haqiqiy ijod boshlanadi.