May 25

Jontemir "Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin" asari haqida

Godoning bo‘risi

Uzlat istaydi ko‘ngil! O‘zimni taftish qilib olishim uchun hashamatdan xoli, umrdek nurab borayotgan hujra zarur menga. Tavba, nega ruhiy iztirob, kechinmalar uchun ko‘hna boshpanalar tanlanadi qadimdan? Nega qasr yaramaydi? Nega Yassaviy yer ostiga kirib ketdi – saroyga emas? Diogen nega bochkaga qamalib oldi? Murakami nega uyidan deyarli chiqmaydi?..

“Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” asari qahramoni ham kasodga uchragan fabrikani ixtiyor etadi. U jarayon hademay to‘xtashi muqarrarligini biladi. Shunga qaramay, hamma tashlab ketayotgan, parchalanib borayotgan makonga ko‘chib kelmoqdan maqsad nima? Sevmoqdan-chi? Ikkinchi Robinzon bo‘lmoqchimidi yo? Alqissa, u – shu yerda.

Fabrika – tashqi muhitdan ihotalangan hujra!

Fabrika – o‘z-o‘zing bilan suhbatlashish, xayol surish, fikrlashga imkon beradigan dunyodagi yagona tinch maskan.

Fabrika – ichkari. Ichkarining ichkarisi. Ya’ni “jondin ichkari”. Navoiy aytmoqchi, “jon pardasi” ko‘tarilsagina ko‘ra olamizmi ul ma’voni? Balki Alifdir?! Shoh Mashrab takrorlab yurgan, Tagor Gang daryosi bo‘yida ko‘zi tushib aqlini yo‘qotayozgan, Dostoyevskiy jodi yonida, Borxes qoplon terisidagi qora nuqtada ko‘rgan Alif! Ilk romanini yozayotgan Jianna Molinari Alif haqida qayerdan bildi? Mening kitobni o‘qiyotgan paytdagi kayfiyatimni-chi? Tushkun edim. Yaqinda bemorxonadan chiqqanimga qaramay og‘riqdan bukchayib yurgan, yetmaganiga miriqib she’r yozolmayotgan (eng dahshati shu!) va buning ta’sirida umidsizlik o‘rasiga qulab, “Odam o‘zini oltinchi qavat derazasidan tashlasa, aniq o‘ladimi?” degan savol g‘altagiga chuvalashib qolgandim. Oltinchi barmoqqa o‘xshaydi bu. Borsan-u, lekin hech qanday vazifa bajarmaysan. Xuddi Jiannaning romanidagi osmondan tushgan odam kabi.

...Osmondan tushgan odam a’moli hammamizning peshonamizda bor. Noma’lum qabrda yotibdi u. Qay birimiz osmondan tushmaganmiz?! Osmondan tushganlar osmondan tushganini unutganlar uchun mudom qiziq. Odam bolalari bir umr qaytish yo‘lini izlab o‘tishga mahkum...

Fabrikada bo‘ri oralaydi. Oralamaydi, taxmin qiladi oshpaz bo‘ri yurganini. Deydiki: bo‘rini ko‘rdim, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim! Vahima boshlanadi. Bo‘ri – fabrika boshlig‘ining so‘nib qolgan g‘ujurini uyg‘otib yuboradigan turtki. Aynan bo‘ri hammasini: oshpaz, boshliq, qorovul, fabrika, vatan, millat – dunyoni yangilab yubora olish qudratiga ega KUCh. Lekin avval uni topish kerak!

Qani u?

...Ijara uyim xonalarida izg‘iyman garang. Karavot tagiga qarayman: “Qani u?” Bo‘ri, deyman tishlarim g‘ichirlab, menga ham ker-rak-san! Qorangni ko‘rsat. Chapparilib qolgan toshbaqaday ruhimni o‘ngar. O‘ttiz yildan beri chalmasiga botib yotgan vujudni qo‘zg‘at. Yorib tashla yo!

Godoga o‘xshaydi bo‘ri. Uni intiq kutadilar. Ko‘rinish bermaydi hatto. “Cho‘l bo‘risi” kabi hammaning ichida yashaysanmi yo? Unda nega uni reallashtirishdi? Nega unga tuzoq qo‘yib, choh qazishdi? Agar bo‘ri kelsa, fabrikadagi lanjlikni g‘ajib tashlay olarmidi?

Va jonivor to‘satdan qahramon xonasida paydo bo‘ldi. Taxayyulda. Tasavvur yaratgan hodisa xayolotda moddiylashib, nigoh qadalgan yerda namoyon bo‘ladi. Endi bo‘ri qo‘rqinchli emas, avval ham faqat qiziqarli, sirli edi. Darvoqe, bor-yo‘g‘i axlattitar bo‘ri bo‘lsa-yu, undan xavfsirash kerakmi? Ovqat qoldiqlari bilan oziqlanuvchi bo‘rini tasavvur qila olasizmi? Ha, qachonki u chiqindixonada tug‘ilgan bo‘lsa!

Nazar Eshonqulning “Bahouddinning iti” hikoyasidagi daydi itga evrilgan xodim kabi, bu qahramon ham bo‘ri bilan uchrashuvdan keyin fabrikadan chiqqanda, odamlar unda bo‘rini, bo‘ri bilan birga yashayotgan odamni ko‘rishayotganini sezib qoladi. Lekin bo‘ri undan boshqa na oshpaz, na boshliqqa ko‘rindi. Chunki ularda ishonch, fabrikani – dunyolarini, ko‘hna dunyolarini asrab qola oladigan hissiyotlar o‘lib bo‘lgan edi allaqachon...

Oltinchi qavat derazasidan keksa chinor yaproqlariga tikilaman. Qiziq, daraxt jonidan to‘ysa nima qiladi?

...Bo‘ri esa endi bemalol kezib yuribdi ichkarida!