June 8

"Ishg‘ol qilingan uy", Xulio Kortasar (Nurali Karimov)

Siz hech his qilib ko‘rganmisiz jamoat transportida o‘ylagan o‘ylaringiz chegarasi tafakkur ufqini ham chetlab o‘tishini, biror hayvonga boqib unga evrilishni, o‘smir yoshda o‘zingizdan katta insonni sevib qolib yoshlarga xos o‘jarlik va o‘rliklar qilganingizni, yoki tirbandlikda qolib ne-ne xayollar og‘ushiga oqqaningiz, uyda yolg‘iz qolib qo‘rquv hisini yolg‘iz his qilganingizni, yigirma yillik zerikarli turmushga rohat bag‘ishlash maqsadisa rafiqangiz bilan qaytadan tanishib, begonalardek qo‘shilishni xohlagandirsiz hech qursa bir bor.

Kortasar shunday ijodkor, mayli, ba'zilar uni maishiy yozuvchi desin. Lekin u inson bir umr band bo‘lgan xayollar og‘ushi va istaklarini hikoyalarida shu darajada mukammal tasvirlay olganki, siz ham uning har bir hikoyasida borsiz. Kortasar yozgan har bir hikoyada sizning hayotingiz, bir parchangiz yashirin. Uni o‘qigan saringiz Kortasarni emas, o‘zligingizni kashf etasiz. Qora oqqushlar chog‘i tuyqus his etgan tuyg‘ularingiz og‘ushi lazzati, qayta sizni o‘ziga chorlaydi. Shuning uchun ham Kortasar Lotin Amerikasida "nasriy portlash"ni boshlab bera olgandir.

Uning "Janubiy shosse" hikoyasini o‘qib, chek-chegarasi tirbandlikda qolgan kunlar yodimga keldi. Kortasar qahramonlari his qilgan tuyg‘ularni tuyganim, o‘ylari birga yurganimni yod etdim. "Senyorita Kora" hikoyasida esa Vulf kashshofligi, Joys fidokorligi ila adabiyot shohsupasidan joy olgan "ong oqimi" atalmish turning naqadar mohirona qo‘llanganligiga guvoh bo‘ldim. Bola va Kora o‘rtasidagi munosabatlarning tasviriga esa til ojiz. "Qaynoq epkinlar" voqealarini o‘zim bir necha bor xayol surgan bo‘lsam, "Hissasiz qissa"ning yakuniyatidan lol qoldim. Ha Kortasar shunday mohir yozuvchi ekan, biz esa bundan bebahra insonlar)

Barchangiz Kortasar bilan yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K