Ko‘p hikoyalarda qolish istagi...
Jianna Molinarining “Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” romanini o‘tkan hafta “Akademnashr”dan chaqirtirgan edim. Vaqt ajratib-ajratib ikki kunda o‘qib bo‘ldim.
Ikki “dunyo”dan turib fikriy mushtaraklik
Istaymizmi yo‘qmi yozuvchi o‘z his-o‘ylarini yozayotgan asari qahramon(lar)iga ko‘chiradi. Shu jihatdan olganda asar qahramonida kechayotgan o‘y-fikrlarni muallifning o‘y-fikrlari deyish noo‘rin emas.
Kaminani xursand etgan jihat bir mutaraqqiy mamlakatning adibasi miyasidan o‘tkazayotgan fikrlar mening fikrlarim bilan parallel ekan. Ya’ni, biz unchalik rivojlanmagan mamlakatda yashasak ham fikrlashimiz rivojlangan – birinchi dunyo mamlakati ijodkorining fikrlashidan qoloq emas. Kitobni o‘qish davomida bunga nechi o‘n bor amin bo‘ldim.
Misol uchun, asar qahramoni chuqur qazishi jarayonida sopol parchasini topib oladi. Va nimaning bo‘lagi ekan, qancha odamlar uni qo‘lida tutgan kabi savollar tug‘ilaveradi qahramonda. Yana masalan, qahramon bir o‘rinda samolyot haqida fikr yuritadi. Ilk marta samolyotni ko‘rgan yoki unda uchgan odamning nimalarni his qilganini o‘ylaydi. Va bu bilan bog‘liq xotiralar keyinchalik xiralashib ketishini ta’kidlaydi. Ya’ni odam endi samolyotni ko‘rganda ortiq hayajonlanmay qo‘yadi deydi. Lekin kit yoki yerning ichki qatlamlarini ko‘rib hayratlansa arziydi deb xulosa yasaydi. Chindan kaminani ham odamzod bunyod etgan biror narsa hayratga solmaydi, qiziqtirmaydi. Ammo Allohning yaratiqlari – okean, dengiz, daryo, tog‘, o‘rmon juda-juda qiziqtiradi.
Asardagi voqea-hodisalarga nisbatan bosh qahramonning munosabatida ham yaqinlik sezdim – qahramon introvert – birovlar haqidagi fikrlarini, boshqa gaplarini ochiq-oydin aytavermaydi, bular uning miyasida aylanadi xolos.
Bu yerda nimalar bo‘lishi mumkin!?
Asar qahramoni bo‘lgan qiz bugungi hamma o‘z tashvishlariyu o‘ylariga g‘arq bo‘lgan zamonda dunyodan mazmun izlaydi. U shu maqsadda “bir joyda qotib, o‘sha yerga bog‘lanib, bitta hayot yo‘liga amal qilmasdan, bittagina hikoyaning bo‘lagi bo‘lmasdan, balki bir vaqtning o‘zida ko‘plab hikoyalarda qolish”ni istaydi.
Bugungi mutaraqqiy aqlimiz bilan tan olib aytishimiz kerakki, hozir ko‘pchilikning istagi shu. Mezonlar buzilib, qarashlar o‘zgargan bugungi davr odamlarining istaklari cheksiz va g‘aroyib. Yosh ham, qari ham, ayolu erkak ham o‘zining nedir bir tushuniksiz istaklariga ega.
Asarda birgina oshpaz ko‘rgan(balki ko‘ziga ko‘ringan) bo‘ri obrazi bor. Qahramonlar uni asar oxirigacha kutishadi. Qopqon qo‘yib, chohlar kavlashadi bo‘rini qo‘lga tushirish uchun. Hamma bo‘ri haqida bir qiziqish, bir qo‘rquv bilan gapiradi va kutaverishadi. Ha, bu menga ham Bekketning “Godo”sini eslatdi. Lekin bo‘ri Godo emas. Chunki bo‘ri keladi.
Fikrimcha bo‘ri bu inson(iyat)ning noma’lum kelajakdan, majhullikdan qo‘rquvi. Intihoda qahramonimiz bo‘riga duch keladi. Endi ibtidodagidek qo‘rquv yo‘q. Endi mavjudlikning ko‘ziga tik qarash bor.
Tafakkur qilib ko‘rilsa, barcha insonlar psixologiyasida shunday qo‘rquv, xavotir yashaydi bir umr. Nimadanligi noma’lum. Lekin bor. Ko‘plar buni yenga oladi yoki sezdirmaydi. Aksariyat odamlar esa o‘zining noma’lum narsadan qo‘rquvini ochiq-oshkor gapirib yuraverishadi – ertaga nima bo‘ladi, nima qilamiz, nimaaa...
Asardagi eng yoqimli(va albatta yoqimsiz ham) narsa har bir gapga bir belgi – tagma’no yashiringanidir. Qaysi bir gapning tagiga qalam bilan chizib o‘qishni bilmay qolasiz – hamma gap aslida boshqa gapni ifodalaydi. O‘yga tolib o‘tiraverasiz.
Asar haqida ko‘p narsa yozish fikridan yiroqman. Lekin bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, bu asarni yoshimga yaqin yoshdagilarning barchasi xususan men mansub avlodning har bir ijodkor vakili(yozuvchi, shoir, jurnalist) o‘qishi lozim. Negaki dunyo yoshlari inchunun yosh ijodkorlari nimalarni o‘y-fikr qilayapti, ularni qanday muammolar qayg‘uga solayapti bilishimiz lozim va lobiddir.
Xullas gaplarim cho‘zilib ketdi. O‘zi asarlar haqidagi fikrlarni o‘qishni yoqtirmayman. Chunki asarning o‘zini o‘qish qiziq va foydaliroq. Shu bois iloji boricha asar voqea, syujetlarini ochiqlab qo‘ymaslikka intildim. Muborak zot M.Ch. hazratlari kitobni o‘qib bo‘lgach yarim varaq xulosamni yozib e’lon qilishim kerakligini aytgandilar. Taassufki, ozgina ko‘payib ketdi.