“Oy va chaqa”, Somerset Moem
Ba’zi asarlar bor ichida yashashingizga to’g’ri keladi. Siz qahramonlarga o’zingizda mavjud hislarning barini tuyasiz. His qilasiz, hamohang yashaysiz. Moemning “Oy va chaqasi” bilan menda shunday bo’ldi. Ushbu asar Gogen hayotining avtobiografiyasi, deb ham ataladi.
Striklend Gogenning real hayotidan keskinroq, qattiqroq xarakter sifatida ko‘rsatiladi. Masalan, tarixiy manbalarda Gogen rassomlikni 35 yoshda boshlab, oilasidan uzoqlashgani ma’lum. Moem esa Striklendni yanada hissiz, hatto shafqatsiz qilib tasvirlaydi. Bu — badiiy uslubiy tanlov: yozuvchi shunchaki Gogenga taqlid qilmagan, balki san’atga bo‘lgan fidoyilikning badiiyligini yaratgan.
Tahlillar va tanqidlar san’atga oshufta bo’lgan insonning fidoyiligi, san’at yo’lidagi qurbonliklarni aytadi. Men esa o’z sohasini almashtirishga qo’rqmagan insonni ko’rdim. U oilasini tark etgan sahnasi bir qarashda razillik, bir qarashda jasurlik, bir qarashda ahmoqlik, yana bir qarashda esa dadillikdek ko’rindi. U dunyoning moddiyatlariga ehtiyoj sezmagan bir paytda nega hamma unday qila olmaydi deb o’yladim.
Barchamiz aytamizki biz boshqalar fikriga tupurganmiz, qiziqmaymiz, deb. Ammo real hayotda baribir bizga odamlarning olqishlari, e’tiroflari kerak. Biz shuni istaymiz. Shuurimiz doim chanqoq. Striklend esa unday emas. U haqiqatda befarq. Unga olqishlar kerak emas. Qiziq ham emas.
“Oy va chaqa”dagi til va uslub Moemga xos sodda, biroq kinoyali va teran. Moemning ironiyasi, jamiyatning ikkiyuzlamachiligini fosh etuvchi yumori romanni nafaqat falsafiy, balki ijtimoiy-tanqidiy asarga ham aylantiradi. Kitob sizni junbushga keltiradi. Shunchaki o’qing. Izohlarsiz.