June 21, 2023

Pekin xalqaro kitob festivali taassurotlari

2023-yilning 12 ‒ 18-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida Pekin xalqaro kitob festivali boʻlib oʻtdi. Bu anjumanning muharrirlar uchun tashkil qilingan maxsus dasturiga kaminangiz ham taklif etildi. Pekinda mening diqqatimni jalb qilgan birinchi jihat daraxtlarning koʻpligi boʻldi. Yoʻlning ikki tomoni qator daraxtzor, oʻzimizda ham oʻsadigan baqateraklar soya tashlab turibdi. Xitoy xalqi tabiatga juda eʼtiborli ekan, birorta ham ochiq joy yoʻq, hammayoq daraxt yoki gul. Shaharni bezashda asosiy eʼtibor arxitektura va tabiat uygʻunligiga qaratilar ekan, ortiqcha hech narsa yoʻq.

Oʻsha kuni kechki taom paytida festivalning boshqa ishtirokchilari bilan tanishdim. Mening guruhimda britaniyalik Jek Hargrivs, avstriyalik Karin Hirshberger, vengriyalik Dominika Gyani, turkiyalik Giray Fidan, polshalik Sarek Katarznya, eronlik Gʻulom Rizo Nuei, koreyalik Kim Li Sak joy olgan ekan, hammasi oʻz ishining ustalari, sohaning chuqur bilimdonlari, ajoyib insonlar.

Ertasiga ertalabdan tadbirning asosiy voqealari boshlandi. Dastlab Pekin shahridagi eng ilgʻor nashriyotlarda mehmon boʻlib, ularning faoliyati bilan tanishdik. Xitoylik hamkasblarimiz muallif va tarjimonlar bilan ishlash, tahrir va korrektura, kitobning ichki bezaklari va muqova dizayni, kitobni xalq qoʻliga yetkazib berish, mehnatga haq toʻlash va gonorar tizimi borasidagi boy tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi. Tahririyat va bosmaxonalardagi ish jarayonini kuzatdik. Xitoy xalqining ishga boʻlgan munosabati, har bir ishga havas va ishtiyoq bilan qoʻl urishi eʼtiborimni tortdi. Kitoblarning oq qogʻozga emas, kishining koʻzini charchatmaydigan och kulrang qogʻozga chop etilishi ham menga manzur boʻldi. Tushlikdan soʻng Zamonaviy xitoy adabiyoti milliy muzeyida mahalliy yozuvchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ular yigʻilganlarni xitoy adabiyotining oʻziga xos jihatlari, uning tarixi, buguni bilan tanishtirishdi, nashriyotlar va ijod uylari bilan ishlash tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.

14-iyul kuni Pekinning markaziy Tyananmen maydonida joylashgan yirik kitob doʻkoniga bordik. Kitob doʻkoni bizdagi eng yirik savdo markazlaridan ham kattaroq ekan, oʻziga xos koʻngilochar maskanga aylantirilgan, uni oʻziga xos madaniyat va shou maskaniga qiyoslash mumkin edi. Odamlar bu yerga oilalari bilan kelib hordiq chiqarishlari, mijozlar uchun ajratilgan maxsus joylarda kitoblarni varaqlab koʻrishlari, turli yeguliklardan bahramand boʻlishlari mumkin ekan. Yurtimizdagi kitob doʻkonlarida ham shu narsaga eʼtibor qaratilsa yaxshi boʻlarkan degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Tushlikdan keyin muhtasham “Diaoyutai State Guesthouse”da 16-Xitoy maxsus kitob mukofoti taqdimoti va Xalqaro Pekin kitob festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mukofot sohibi boʻlganlar taqdirlandi. Yigʻilganlar xitoylik va jazoirlik sanʼat ustalarining chiqishlaridan bahramand boʻlishdi.

15-iyul kuni Pekin koʻrgazmalar majmuasida ish boshlagan kitob koʻrgazmasida qatnashdik. Xitoyning oʻzidan va dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan nashriyotlar koʻrgazmalari bilan tanishdik. Dunyoda kitob sohasida yuz berayotgan oʻzgarishlar, yangi tendensiyalar, kitob savdosi va reklamasi, mijozlarga boʻlgan munosabat, ular uchun yaratilgan qulayliklardan lol qoldim. Ayniqsa, kitoblar narxining juda arzonligidan hayratga tushdim va buning sababini so‘radim. Masʼul shaxslar buni davlatning kitob sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga turli imtiyozlar bergani bilan izohlashdi. Tushlikdan keyin bolalar kitoblari va zamonaviy adabiyotga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi. Kechga yaqin xitoylik yozuvchi Liu Jenyun va 30 mamlakatdan tashrif buyurgan xitoyshunoslar oʻrtasida muloqot uyushtirildi.

16-iyun kungi tadbirlar endi xitoylik boshqa yozuvchi Chao Venxuan va 30 mamlakatdan tashrif buyurgan xitoyshunoslar oʻrtasidagi muloqot bilan boshlandi. Yozuvchi oʻz mahorati sirlari bilan oʻrtoqlashdi, xitoy adabiyotining oʻziga xos jihatlariga toʻxtaldi, ishtirokchilarning savollariga javob berdi. Tushlikdan keyin Xitoy sanʼat muzeyiga bordik. Xitoylik sanʼat ustalarining ishlari, ayniqsa, chinniga ishlov berish mahorati meni hayratga soldi. Soʻngra Olimpia shaharchasida joylashgan 246,8 metrlik Olimpiada minorasiga chiqdik. Unda butun Pekin shahri kaftdagidek namoyon boʻlarkan. Shaharning koʻlami va mahobatli imoratlari kishini lol qoldiradi. Inshoot rahbari bizga olimpiada oʻyinlari va inshootlari haqida hikoya qilib berdi. U yerda anʼanaviy xitoy yozuvi va amaliy sanʼat namunalarini shaxsan qoʻllab koʻrishga muvaffaq boʻldik.

17-iyun kuni turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar oʻz mamlakatlaridagi kitob olami, sohada kechayotgan tendensiyalar bilan oʻrtoqlashdi. Men ham qoʻldan kelgancha Oʻzbekiston nashriyotlari, xususan, oʻz nashriyotim “Akademnashr”ning salohiyati, chiqarilayotgan kitoblar haqida maʼruza qildim. Kechga tomon bir paytlar Xitoy imperatorining oʻgʻliga tegishli boʻlgan saroyda (bu saroy hozirda “Beijing Junwangfu Hotel”ning tarkibiy qismi hisoblanadi) festivalning yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilar oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashishdi, oʻz ijod namunalaridan parchalar oʻqib berishdi. Xitoy choy marosimi, xitoylik musiqachilarning kuylari tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Yakunda esdalik uchun rasmga tushildi, sovgʻalar almashildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Xitoydan bir olam taassurotlar bilan, koʻp narsalarni oʻrganib, bilim va tajriba toʻplab qaytdim.

Abdulla Sharopov, “Akademnashr nashriyoti bosh muharriri