January 15

“JON”DAN OLGAN TAASSUROTLARIM 

O‘risning taniqli adibi Andrey Platonovning “Jon” romanini insonlar jasoratiga bitilgan g‘amgin elegiya deb atasa bo‘ladi. Asar Xiva xonligi davrida zulmdan qochib Sariqamish botig‘i bo‘ylab sochilib ketgan Jon qabilasining boshidan kechirgan ko‘rgiliklar haqida hikoya qiladi. Adib 1935 yilda Turkmanistonga safar qiladi va mana shu asar dunyoga keladi.


Qissa qahramoni Nazar Chig‘atoyevning millati mavhum. Volidasi Gulchatoy qahatchilik yillarida bir yutum tomoqqa (taomga) o‘ris askariga nomusini sotib qo‘yadi. Nazar o‘ris otasining nomini ham, o‘zini ham ko‘rmagan − tanimaydi. Onasi o‘g‘lini tezroq o‘zi yashayotgan qabiladan ketishga, taqdirini o‘zi yaratishga, otasi duch kelsa, teskari qarab yo‘lga ravona bo‘lishga undaydi. Chig‘atoyev Moskva iqtisod institutida o‘qiydi. Sho‘ro kadri bo‘lib yetishadi. Moskvada Vera ismli homilador ayol bilan nikohdan o‘tadi va bir kun ham birga yashamaydi. Vera ham Chig‘atoyevning sevgisiga ishonmaydi. Uni qizi Kseniya bilan tanishtiradi. Kelajakda ularning turmush qurishini rejalashtiradi.

Chig‘atoyev Sho‘ro saltanatining topshirig‘i bilan Amudaryo qirg‘oqlaridagi to‘qaylarga tariq donalaridek sochilib ketgan qavmini izlashga yo‘l oladi. Cho‘lu sahro kezib, suvsiz, nonsiz qiynala-qiynala qavmdoshlarini izlab topadi. Onasi bilan yuzlashadi.

Qavmdoshlari ochlikdan sillasi qurib quriq suyakka aylanib qolgan, o‘t-o‘lanlarning tomirlarini shimib hayot kechirardi. Chig‘atoyev ularga to‘kin hayot va’da qilib qavmini ergashtirib yo‘lga tushadi. Suvsizlik va ochlikdan yo‘lda ko‘pi qirilib ketadi. Tolelariga sahroda adashib qolgan qo‘ylar to‘dasiga duch keladi. Odamlar so‘yilgan qo‘ylarning qonini xuddi yovuz yirtqichlardek sipqoradilar. Ular nochorlikdan odam qiyofasidan chiqib boradilar. So‘fyon, mulla Cherkas, Durdi chol, Oydin, Nur Muhammadlarning qiyofalari o‘ziga xos tarzda ayro-ayro chizilgan.


Romanda ajoyib bir epizod bor. Chig‘atoyev qumlikda ochlikdan sillasi qurib yotganida uni o‘lgan deb o‘ylab ikki burgut hujum qiladi. Ulardan biri − nar burgutni Chig‘atoyev to‘pponchasi bilan otib yerga qulatadi. Qavmdagilar burgutning go‘shti va qonini xomtalash qilishadi. Ertasiga burgutlar uchta bo‘lib yana qaytib kelishadi. Holdan toyib harakatlana olmay qolgan Chig‘atoyevning badanini cho‘qib, ilma teshik qilib tashlaydi. Nihoyat, qumda o‘rmalagancha burgutlarni yana to‘pponchasida nishonga oladi. O‘q tekkan burgutlarning go‘shtini xom-xatala tanovul qilib jon saqlaydi.


Ming bir azob bilan Jon qavmi avval o‘zi istiqomat qilgan joyga yig‘iladi. Ular hashar yo‘li bilan o‘zlari va chorvalariga uylar qurishadi. Barcha oila bir uyda juft-jufti bilan yonma-yon yashayveradi. Chig‘atoyev Oydinni olib Moskvaga jo‘naydi. U yerda Nazarni Kseniya kutayotgan edi. Vera esa ko‘zi yorish paytida bandalikni bajo keltirgandi.


Romandagi qahramonlar garchand musulmoncha nomlar bilan atalgan bo‘lsa-da, xatti-harakatlarida xiristiancha fe’l-xo‘y ustivorlik qiladi. Adibning mahoratli qalamidan to‘kilgan voqealar o‘qirmanni o‘ziga tortib ketadi. Garchand asarda sho‘rolar davridagi voqealar qalamga olingan bo‘lsa-da, adib qizil imperiya va uning dohiylarini deyarli tilga olmaydi. Bizning nazarimizda “Jon” abgor va nochor insonlarning yashash uchun kurash yo‘lidagi jasoratiga bag‘ishlangan asarday taassurot qoldiradi. Boshqacha aytganda, qissa inson jasoratiga bitilgan mungli bir qo‘shiq desak, xato qilmaymiz.


Qissani Sharifjon Ahmad mahrat bilan o‘zbekchalashtirgan. Tarjima jarayonida sof turkona so‘zlardan samarali foydalangan. Masalan, shabadani “esinti”, yolg‘iz qolishni “kishimsizlanmoq”, yarimta oyni “oriqlagan oy” kabi so‘z va so‘z birikmalari bilan ifodalagan.

O‘zbek kitobxoni ana shu tariqa jahon adabiyotining yana bir shedevr asariga ega bo‘ldi.

Muhammadali AHMAD