AL-O‘ZBAKIYALIK SARKARDA. Shahodat Ulug‘ning “Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz” romani haqida
Necha asrlik ayovsiz istibdodga – mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi kurash Jaloliddin Manguberdining bemisl jasorati bilan yakun topgan emasdi. Tarixning ajabtovur evrilishini qarangki, vaqti kelib mamlukiy Misr taxtini egallagan uning qondosh-jigarbandi Malik Muzaffar – Mahmud ibn Mamdud Sayfiddin Qutuz shavkatli sarkarda halokatidan 29-yil o‘tib, 1260-yilda Ayn Jolut yonidagi muhorabada mo‘g‘uliy lashkarni tamom yer tishlatdi. Misr taxtiga o‘tirganiga to‘liq bir yil to‘lmasdan butun arab o‘lkasini qattol istilodan saqlab qolgan Sayfiddin Qutuzning bu yurtlarda afsonaviy xaloskor o‘laroq hamon madh etilishi sababi shunda.
Ayni jasoratning yana bir muhim tarafi – Qutuz ona yurtidan olisda bo‘lsa-da, Movarounnahr uchun, tog‘asi Sulton Jaloliddin uchun intiqom oldi. Jasoratli o‘g‘lonlari shavkatu haybatida tengi yo‘q Turkistonning uch ming yillik tarixi sizu bizga ana shunday adoqsiz va ibratli hikoyatlar so‘zlaydi. Ikki daryo oralig‘idagi bul aziz yurtda bugun turmush kechirayotgan xalqning matonatlarga to‘lug‘ dolg‘ali o‘tmishi va ushbu kechmish ning o‘chmas sahifalari qalbimizni nurga chulg‘ab, bobolarning yorqin xotirasi yo‘llarimizni nurafshon etadi. 2022-yil “Akademnashr” nashriyotida tarixiy asarlari bilan tanilgan iste’dodli adiba Shahodat Ulug‘ning “Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz” romani chop etildi. Shundan so‘ng bu kitob uch bora qayta nashr bo‘ldi. Buning sababi ne?
Keng o‘quvchilar ommasini o‘ziga jalb qilib, kitob do‘konlarida siyohi qurimasdan tugab qolayotgan asar qatida qanday ma’nolar mujassam?
Avvalo shuni aytish kerakki, bu asar muallifning avvalgi – “Sen yig‘lama faqat” va “Jayhun epkinlari” romanlarining uzviy davomi, trilogiyaning uchinchi kitobi hisoblanadi. O‘sha ikkinchi kitob yakunida yozib qo‘yilganidek, mo‘g‘ullar tomonidan asir olinib, so‘ngra benom-benishon ketgan Jaloliddin Manguberdining jiyani, singlisi Xon Sultonning farzandi – Mahmud Qutuzning daragi oradan yillar o‘tib, mamluklar sultonligi – Qohiradan chiqadi. Hali norasida paytida qul qilib sotilgan Mahmud Misrning ilk mamluk sultoni amir Muiziddin Oybek rahnamoligida mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib, Misr noibi darajasiga yetishgan edi. Oybek o‘limidan so‘ng qo‘shinlar otabegi darajasida sultonlik tizginini o‘z qo‘liga oladi, 1259-yilda esa Misr taxtini to‘la-to‘kis egallaydi.
Bu vaqtda mo‘g‘ullar Shomni (Suriya) egallab, Misrga tahdid qilmoqda edi. Ushbu tahlikali vaziyatda o‘zaro raqobatda bo‘lgan kuchlarni birlashtira olgan Qutuz qo‘shinlari 1260-yil kuzida Ayn Jolut yonida mo‘g‘ullar bilan to‘qnash keladi. Ayovsiz jang da sulton qo‘shinlari dushmanga qaqshatqich zarba beradi. Bu g‘alaba dahshatli istiloga to‘g‘anoq bo‘lgan, mo‘g‘ullarning Islom yurtlariga yurishini to‘xtatib qolgan ulug‘ hodisa edi. Uning jasorati faqat bu g‘alabadan iborat emas. 1249-1250-yillarda Misr hududiga bostirib kirgan Ovro‘palik salibchilarni yenggan ham aynan Sulton Qutuz bo‘ladi.
“Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz” romani ham avvalgi ikki kitob kabi aniq tarixiy faktlar va manbalarga asoslangan. Bu haqda muallif shunday deydi:
“Bundan o‘n yillar avval ozarbayjonlik yirik tarixchi Ziyo Buniyotov asarlari, xususan, “Xorazmshoh Anushteginiylar davlati” kitobi, o‘sha davrlar tarixidan hikoya qiluvchi Abul Fido va Al-Maqriziy asarlari bilan bafurja tanishib chiqqanman. Sulton Qutuz arab diyorlarida, ayniqsa, Misrda tengsiz qahramon sifatida ko‘riladi. U haqida ko‘plab filmlar suratga olinib, badiiy asarlar yozilgan. Hattoki uning sharafli hayotiga doir multfilmlar ham yaratilgan. Umuman olganda, Misrda sulton Qutuz yoki boshqa turkiy sarkardalar sharafiga nomlangan ko‘plab joylar borligini ko‘rish mumkin. Masalan, ulkan Qohira shahrining eng markaziy tumani Al-O‘zbakiya deb nomlanadi. Xuddi shu nomda yana ulkan bog‘ va Misrdagi dastlabki opera teatri ham bor.
Bu misollarning barchasi avvalgi ajdodlarimiz bu davlat tarixida qanchalar muhim o‘rin tutganini aniq ko‘rsatib turibdi. Badiiy to‘qima o‘zi nima? Badiiy to‘qima aslida asar muallifi biror-bir tarixiy voqeani tasavvur qilish jarayonida shu voqealarni o‘zining badiiy tafakkuridan o‘tkazib yaratgan mahsuli hisoblanadi. Bu fantaziya emas. Olis zamonlarda kechib o‘tgan voqealarni badiiy asar shaklida bitish badiiy to‘qimasiz aslo mumkin bo‘lmagan narsa. Bu asarda ham albatta shunday o‘rinlar, badiiy to‘qima mahsullari bor. Masalan, sulton Qutuzning bir qizga oshiqlik voqeasi shu jumladan. Ya’ni, badiiy to‘qima asarning ohanrabosini oshirishga xizmat qiladigan vosita deb o‘ylayman”.
Shahodat Ulug‘ asar yozish jarayonida bobolarimiz kechmishlari – o‘tmish yillar uzra parvoz qildi. Xo‘sh, bu vaqtlararo sayohat taassuroti qanday bo‘ldi? Yana muallifga quloq tutamiz: “Parvoz etarak Parvon muhorabasiga shohid bo‘ldim, xiyonatkor To‘xtamish ortidan Rusiya qadar ot choptirib o‘tdim, boshqa bir ko‘chmanchi xoqon zug‘umiga dosh bermay, taqdiri ilohiy ortidan Afg‘on sori, undan ham kechib Hind tarafga yo‘l soldim, Panipatda hindiylarning qahrli fillari bilan basma-bas olishdim, nihoyasida asrlar qadar sarbaland bo‘lgan, bag‘ri kenglikda tengi yo‘q saltanatda asl yurtim hajrida o‘rtanib umrguzaronlik qildim. Akbar bo‘lib saltanatni mustahkamladim, Shoh Jahon bo‘lib Toj Mahalni muqarrar etdim”.
Siz-da o‘sha ulug‘ o‘tmishning merosxo‘ri ekanligingizni ang larmisiz?.. Javob berishga shoshilmang. Undan oldin “Xalos kor sulton Sayfiddin Qutuz” romanini mutolaa qiling. Hali bafurja fikr almashamiz. Biz munosabatingizni kutamiz.