September 9

Jamiyat ongi o‘zgarishi mushkuloti - Harper Lining “Tasbeh daraxti soyasida” romani haqida

Bugun amerikalik yozuvchi Harper Lining “Tasbeh daraxti soyasida” romanini varaqlaymiz. Kitob 2025-yilda “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan va muallifning “Mazaxchini o‘ldirish” romani davomi hisoblanadi.

Ammo “Tasbeh daraxti soyasida” to‘lig‘icha mustaqil asardir.

“Mazaxchini o‘ldirish” romanidan bizga tanish bo‘lgan Finchlar oilasi boshlig‘i advokat Attikus Finch va uning qizi Jin Luizaning munosabatlari bu ikkinchi asarda ancha murakkablashgan va ziddiyatga boy. Birinchi romanda Attikus to‘liq ijobiy qahramon sifatida ko‘rsatilgan, ikkinchi kitobda esa uning kamchiliklarini ham ko‘ramiz.

Roman asosan Jin Luiza tilidan hikoya qilinadi. Birinchi romandagi 10 yashar qiz endi katta bo‘lgan va “Tasbeh daraxti soyasida” asarida u 26 yoshdagi mustaqil shaxs.

Asar voqealari Jin Luizaning tug‘ilib o‘sgan shahri Meykombga ta’tili vaqtida yuz beradi va uning bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i Genri Klinton bilan ko‘rishishidan boshlanadi.

Jin Luiza uyiga kelgach, hammasi yaxshi edi. Ammo shaharchadagi qora tanli fuqarolar bilan bog‘liq voqea sababli asar qahramoni hayoti butunlay o‘zgarib ketadi va yakunda u otasi hamda G.Klinton haqidagi fikrini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.

Asarda AQSHda qora tanli fuqarolarning huquqlari ta’minlanishi bilan bog‘liq jarayonning qanchalik murakkab bo‘lgani ko‘rsatib o‘tilgan. Garchi, bu davlatdagi Janub va Shimol o‘rtasidagi urushdan qariyb 80-yil o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur muammo jamiyat ongida hamon yashagani hamda og‘riqli nuqtalardan bo‘lib qolgani bir oila misolida ko‘rsatib berilgan.

Advokat Attikus Finch o‘z qizini qora tanli kishilarga nisbatan mehrli qilib tarbiyalagan bo‘lsa-da, asar davomida shunday adolatli huquqshunos ham jamiyatning bunday fuqarolarni kamsitish, ajratish tomonida ekanligi anglashiladi. Albatta, bunda Attikus aybdor emas. Chunki bunday masalalar umumjamiyat ongi bilan bog‘liq bo‘ladi va umumfikr o‘zgarishi uchun avlodlar almashishi lozim. Masalan, keyinroq AQSHda qora tanlilar huquqlari to‘liq ta’minlangani va buni butun jamiyat ongli tan olganini bilamiz.

Bizning adabiyotimizda ham sobiq Sovet davridan mustaqillikka o‘tish davridagi odamlar hayoti, “Odamlar nima deydi”, “O‘zbekchilik” stereotiplari haqida shunday asarlar bor. Masalan, Tog‘ay Murodning “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”, Erkin A’zamning “Shovqin”, Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat”, Iqbol Mirzoning “Bonu” romanlari, Abduqayum Yo‘ldoshning “Puankare”, Normurod Norqobilning “Judolik quvonchi”, Muhammad Sharifning “Somon yo‘li” hikoyalari shu kabi muammolardan so‘zlaydi.

Romanda oila munosabatlarining e’tiqodsizlik va texnika yutuqlari natijasida to‘liq barbod bo‘lgani hamda uning sharq odamiga yot bo‘lgan g‘arbcha shakli ko‘rsatilgan: voyaga yetgan bolalar o‘ta mustaqil, hatto, xohlagan axloqsizligini qilishi mumkin, otaga qizining behurmat munosabati, o‘ttiz yosh atrofidagilarning turmush qurishga shoshilmasligi, qaytanga “o‘ynab qolishga” intilishi va boshqa ko‘plab chirkin holatlari bayon etilgan.

“Tasbeh daraxti soyasida” romanini muallif to‘liq tahrirlamaganday tuyuldi. Masalan, ba’zi joylarda dialoglardan qahramon xayoliga o‘tiladi. Voqeanavis tez-tez uchinchi shaxsdan birinchi shaxsga almashadi.

Xulosa sifatida asar aynan umummilliy ongdagi o‘zgarishlar qiyin kechishi haqida bo‘lgani uchun ham o‘zbek tiliga tarjima qilinibdi, deb o‘yladim. Bundan tashqari, mutlaq erkinlik uchun yuksak axloq, e’tiqod va toza vijdon zarurligini ham eslatadi bu kitob.

Har bir odamga uning irqi, jamiyatdagi mavqei, qarashlaridan qat’iy nazar, umuman, pastkashlikning chuqurida yotgan bo‘lsayam, boshqalar unga avvalo odam bolasi, deb munosabat qilishiga chorlaydi bu asar.

Kitob oson o‘qiladi, murakkab jumlalarsiz yozilgan. Bunda tarjimon Shohrux Usmonov mehnatini e’tirof etish kerak. Chunki u ba’zi o‘rinlarda haqiqiy o‘zbekcha iboralar so‘z birikmalaridan foydalangan. Masalan, “o‘laman, sattor”, “dakangxo‘rozlik”, “tarallabedod”, “zaqqumiga”, “qittak-qittak”, “uvali-juvali bo‘lib”, “qo‘lbola”, “suqma qoshiqday qo‘shilaveradigan”.

Solishtirish uchun bitta bobni ruscha tarjimada ham o‘qib ko‘rdim. O‘zbekchasi yaxshi chiqqanday tuyuldi.

Roman kitob do‘konlarida sotuvda bor.

Asardan ayrim iqtiboslar:

- Kimni xohlasang sev, lekin faqat o‘zingga mos kishi bilan oila qur;

- Oddiy odamlar kabi Tangridan qo‘rqadigan kishi edi;

- Teng huquqlar hamma uchun, imtiyozlar hech kimga emas;

- Haqiqat o‘ta jirkanch edi;

- U o‘ta rahm-shavqatli va o‘zining mo‘jazgina olamida yashayotganidan mamnun qiz edi;

- U yerlarda o‘zlarini erkin his qilishadi. Ya’ni hamma inson jinsidan;

- Boshi, qo‘l va oyoqlari bor bo‘lgan har bir kishi yuragida umid bilan tug‘iladi;

- Inson ekani yuz yildan beri rad etilgan bu insonlarning hanuz tik oyoqda qolishni uddalay olayotganlari men uchun butun boshli sinoat;

- Har bir inson o‘z ongi va vijdoniga o‘zi egalik qiladi. Ommaviy vijdon tushunchasi mavjud emas;

- Shuni yodingda tut, ortga nazar tashlab, kechaga, o‘n yil avvalga qarab o‘sha paytdagi holimizni ko‘rish har doim oson. Ayni mahaldagi o‘zimizni ko‘ra olishimiz qiyin.

Avaz Alijonov