September 10

TOLQONBOTIR BILAN AJOYIB SARGUZASHTLARGA NIMA DEYSIZ?

Kitobxon o‘rtoqlarim, Qobiljon Shermatovning “Tolqonbotir” asarini o‘qib chiqishga ulgurdingizmi? Agar javobingiz “ha” bo‘lsa, barakalla. Chunki siz yoshgina, navqiron Tolqonbotir bilan allaqachon do‘stlashib olibsiz, u bilan ancha sarguzashtlarni boshdan kechiribsiz. Xilma-xil qishloqlarga sayohat qilib, juda ko‘plab odamlar bilan uchrashibsiz, ancha narsalarni o‘rganib olibsiz.

Agar hali ham bu asarni o‘qib chiqmaganbo‘lsangiz, “Tolqonbotir”ni o‘qimabsiz, bu dunyoga kelmabsiz. Tezda bu kitobni o‘qiyman, deb rejalashtirib qo‘yadigan asarlar ro‘yxatingiz bor-ku, o‘shaning eng boshiga yozib qo‘yishingizni tavsiya qilaman. Nima uchun?! – deysizmi? Keling, unda siz bilan birga Tolqonbotir borgan ba’zi bir qishloqlarga sayohat qilamiz. Aslida, asarning qiziqarli o‘rinlari juda bisyor. Lekin har birimiz sayohat qilishni boshqacha yaxshi ko‘ramiz, tog‘rimi? Shu bois, sizlarni asarga qiziqtirish uchun kamina ham yana bir bor qishloqma-qishloq kezishni lozim topdim.

Birinchi o‘rinda asardagi asl ismi Oltmishvoy, laqabi esa Tolqonbotir bo‘lgan yosh qahramon do‘stimiz bilan tanishib olaylik. Uning Tolqonbotir degan ismini eshitib, yigitning jussasi qo‘shqanot eshikdek, yelkalari naq tolbeshikdek, arslonning terisini shiladigan, tog‘ni

bir ursa tolqon qiladigan odam bo‘lsa kerak deb o‘ylashimiz tabiiy. To‘g‘risini aytsam, bizning Tolqonbotir bu ta’riflarning g‘irt aksi: yigit emas, hali o‘n beshgayam to‘lmagan churvaqa, bor bisoti sopol xo‘rozchaga berkitilgan o‘n dona chaqa, topgan ermagi hovuzdagi 3-4ta baqa…

Xullas, shu do‘stimizning, aniqrog‘i, uning ona yurti Oftobistonning boshiga og‘ir kulfat tushib qoladi. Bu mamlakatni Shavlashoh bosib olib, soliqlarni har oy faqatgina qaysidir bir qishloq to‘lasin, degan qonun chiqaradi. Ochofat shohning xazinasini to‘ldiraman deb Oftobistondagi 40 ta qishloq xarob bo‘ladi. Bularning orasida Tolqonbotirning ona qishlog‘i Yozyovon ham bor edi.

Tolqonbotirning ayasi Qumri xola bizga o‘z onamizni eslatadi. Chunki u juda mehribon, zukko, o‘g‘lining orzularini, o‘y-fikrlarini jon qulog‘i bilan tinglaydigan ayol edi. Shu sabab ham sal dangasaligi tutgan Tolqonbotirni goh erkalab, goh koyib yurtni dushmandan ozod qilishga chorlaydi.

Tolqonbotirdushman qarorgohiga yetib borish uchun bir necha qishloqlardan o‘tishi kerak edi.

Shulardan biri Talonqishloq. Qishloqqa kirishdan oldin sizlarga bir narsani aytmoqchiman. Afsuski, qahramonimiz Tolqonbobir bu qishloq nomini “F-A-L-O-N-Q-I-SH-L-O-Q” deb o‘qiydi. Nimaga ekanligini bilmoqchisiz-a? Chunki u bir kuni qattiq betob bo‘lib qoladi va maktabga borolmaydi. O‘sha kuni maktabda uning sinfdoshlari “T” harfini o‘rganishadi. Tolqonbotir esa bu darsdan qolib ketib, bu harfni keyinchalik ham o‘rganolmaydi. “T” ni ko‘rsa, “F” harfi bilan adashtirib qo‘yaveradi. Ko‘rib turganimizday, maktabdagi har bir dars biz uchun juda muhim. Shu sababqaysidir kun o‘qishga borishni xohlamasak, Tolqonbotirning holini tezgina eslab, bu fikrimizdan tez qaytishimiz lozim.

Lekin yana bir narsa. Nima deb o‘ylaysiz, biz bu kamchiligi uchun Tolqonbotir do‘stimizning ustidan kulishimiz kerakmi yoki yo‘q?

Xo‘p - xo‘p - xo‘p! Bilaman, Talonqishloqqa qiziqyapsiz. Bu shundayqishloq ediki, odamlari boshqa qishloqlarni, insonlarni talab, narsalarini o‘g‘irlab kun kechirardi. Shu sabab, o‘g‘il-qizlariga ham Oltinoy, Kumush, Yoqut, Tanga deb ism qo‘yishadi. Lekin ular bizning Tolqonbotirimizni ham boy deb o‘ylab, uni ham talab ketamiz deb qattiq adashishadi. Tolqonbotir va uning jamoasi talonchilarning dodini

berishadi. Qanday qilib, - deysizmi? Bu sir bo‘la qolsin.

Keling, endi G‘aflatqishloq eshigini ham bir taqillatib o‘taylik. “Tuk – tuk -tuk”, “taq – taq -taq”… Voy, nimaga hech kim javob bermaydi? E-e-e, axir biz kimsan G‘aflatqishloq eshigini taqillatyapmiz-ku! Bu yer o‘z nomi bilan uyquchilar qishlog‘i ekanligini unutib qo‘yibmiz. Ularning qulog‘i ostida bomba portlasa, ham zo‘rg‘a bir ko‘zlarini ochishadi. Shu sabab ham ularning qishlog‘idan baraka allaqachon bosh olib ketgan. Yerlarida hech narsa unmaydi, hamma joyning rasvosi chiqib ketgan. Tolqonbotirbu uyquchilarni zo‘rg‘a uyg‘otib, ularga dakki beradi. Ularni dalada ishlashga undaydi. Bu dangasa qishloq ahli endi “oftobda qolib ketamiz”, deb bahona topishmoqchi bo‘lishayotgan edi. Shunda qahramonimiz ularga tolning ingichka novdalaridan salqinlatkich yasashni o‘rgatadi.

O‘zimizda ham ba’zida shunaqa bo‘ladi-ya. Hech bir ish qilishga hafsala topmay kechgacha uxlaymiz. Siz o‘shanaqa vaziyatlarda uyqu changalidan xalos bo‘lish uchun qanday yo‘l tutasiz?

Endi, Taslimqishloq tomon yursak. Qishloq nomi tarafdan esayotgan shamol yaxshilik alomatiga o‘xshamayapti. Ha, bu yerda shunday odamlar yashar ekanki, ular yurti uchun kurashmas ekan. Och qornim –

tinch qulog‘im, deb yuraverar ekan. Shuning uchun bu qishloqni bosib olishdan oson ish yo‘q ekan dunyoda. Lekin, ajablanarlisi, ularning qishlog‘ida ayollar soni juda kam bo‘lgani uchun ular xotinlar ustida kurash o‘tkazar ekanlar. Ularning ahvolini ko‘rgan Tolqonbotir u xomkallalarning aqlini kiritib qo‘yadi. Boplab dodini beradi. Axir Vatan qolib xotin uchun bir-biri bilan urushayotganlarni qanday oqlash mumkin?!

Bu yerdan chiqib Isrofqishloqqa ham bir kirib o‘tishga yo‘q demaysizmi? Bu yerda yashaydigan odamlar hamma narsani isrof qilisharkan. Qozon-qozon sho‘rvalar pishirib, faqat go‘shtini yeyisharkan-u, suvini ariqlarga oqizib yuborisharkan. To‘ylarida esa biri biridan o‘tib dabdaba qilasharkan. Qishloqda to‘xtamay yangilanib turadigan Isrofchilar ro‘yxatining borligi endi nimasi bo‘ldi? Eh, bu qishloq ahli borini to‘ylarga sovurarkan-da, uyiga kelgan mehmonlar oldida ham izza bo‘lib qolaverar ekan. Haliyam bularning aqlini kiritib qo‘yadigan qahramonimiz Tolqonbotir bor.

Uyimizdagi narsalarimizni biz bunaqa sovurmaysizmi? Hali yangiday turgan narsalarinigizni hadeb boshqasiga almashtiravermaysizmi? A yo‘q, sizlar yaxshi bilasizlar-ku, har bir isrof qilingan narsalarning uvoli borligini.

Kitobxon do‘stlarim, meni kechiringlar. Siz hamma narsani sir saqlaydigan qiz ekansiz, deb mendan xafa bo‘lmanglar. Bilaman, qolgan qishloqlarga ham sayohat qilishni, Samovar-saman haqida bilishni, Tolqonbotirning jamoasi bilan yaqindan tanishishni juda ham xohlaysiz. Lekin men hammasi haqida gapirib qo‘ysam, kitobning siz uchun qizig‘i qolmasligi mumkin. Shuning uchun ham bu ishni qilishga majburman.

Sizlarga yana bitta narsani tavsiya qilmoqchiman. Bu kitobni o‘qishdan oldin alohida tayyorlanish juda foydali. Iloji bo‘lsa, kitobni ota-onangiz, bobo-buvingiz yoki do‘stlaringiz bilan birga o‘qing. Asarning har bir bobini o‘qib tugatgandan so‘ng, albatta, olgan xulosalarinigiz haqida boshqalar bilan suhbatlashing. Chunki, bilasiz, quruq mutolaa bilan ish bitmaydi. Uni tahlil qilishimiz, o‘rgangan narsalarimizdan hayotimizda foydalanishimiz kerak.

Sizlarga maroqli mutoaa va kitob davomida xilma-xil sarguzashtlar yor bo‘lishini tilab qoluvchi, o‘zingiz ta’riflagan– Sirchi opangiz!

Yusupova Ferangiz

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU o‘zbek filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi