Cho‘lponona ruhiyat
“Izlam” turkumi ostida nashr etilgan kitoblar orasida eng yaxshilaridan biri bu, shubhasiz, “Turon sog‘inchi”dir.
Najmiddinbek Ermatov ham bugun haqida yozadi, shoirona nigohi bilan biz yashab turgan jamiyatni kuzatadi, idrok etadi va poyetik tafakkuri mahsulini qog‘ozga to‘kadi. Ammo uning bu to‘kimlari turli ramz va ishoralarga to‘la, ma’nolar ko‘lami keng, o‘tmish va kelajakni ham o‘zida birlashtiradi. Kitob nomi bejiz “Turon sog‘inchi” deb nomlanmagan va undagi she’rlar ham uch “qur”ga bo‘linib, “Jon”, “Qon” va “Shon” kabi turkumlarga ajratilmagan. Undagi ishoralarni anglash uchun to‘plamni to‘liq o‘qib chiqish talab etiladi. Kitob muqovasi orqasida berilgan yomg‘ir haqidagi she’r esa shoirning badiiy mahorati mahsuli, xolos. Uning “Qo‘rboshilar qo‘shig‘i”, “Biylar g‘olib har doimgiday”, “Qon va siyoh”, “Ko‘k bo‘ri kezgan sarhad...” kabi asarlaridagi ruh, kayfiyat, g‘oya va keskin fikrlar kitobning tom ma’nodagi yukini belgilab beradi.
Najmiddin ishqiy lirikadan ko‘ra ko‘proq Vatan uchun yonish, millat taqdiri uchun qayg‘urish, erkni, ozodlikni mustahkamlash uchun intilish kabi mavzular haqida ko‘proq qalam yurg‘izadi. Shoirning “Mayna tuxum ochdi bulbul inida” deb boshlanuvchi she’rida ayni shu og‘riqli jihatlar aks etadi.
Mayna tuxum ochdi bulbul inida,
Chechaklar undirdi ajnabiy tobut.
Ne uchun erk haqda o‘ylayman bunda,
Mustaqil bo‘lgan-ku allaqachon yurt.
Shoir Mustaqillikni faqat urra-urrachilik, shiorbozlik, balandparvoz gaplarda emas, amalda, barcha uchun birdek sharoit yaratib berilgan demokratik jamiyatda ko‘radi. Mustaqil yurtda yashab, erkni his eta olmaslik, hali ham eski tuzumni qo‘msaydiganlar borligidan, johillarning oddiy xalqqa zug‘umidan, ayrim odamlarning ham iqtisodiy, ham ma’naviy erkin bo‘la olmayotganidan darak beradi, go‘yo.
Yog‘iyga tegishli zabon ketsa ham,
Bu turkiy elat deb tanisa ham dun.
Haliyam boshimda dordek turibdi,
Sharifim bog‘lagan gajaksimon dum.
To‘la erkin bo‘lish uchun eski tuzumning barcha keraksiz va yaltiroq unsurlarini tugatish lozim, deb hisoblaydi shoir. Tilimizning obro‘si oshgani, davlat tili sifatida mustahkamlangani yaxshi, ammo bosqinchi davlat tilining hali ham ta’siri sezilib turgani shoir ko‘nglini g‘ash qiladi.
She’rning keyingi bandlarida erksizlikni bildiruvchi jihatlar, xalq siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lgani bilan chin ma’nodagi erkka, qalban uyg‘oqlikka erisha olmayotgani tilga olinadi. Sovet davrining eng battol siyosatlaridan biri bo‘lgan balandparvozlik, xushomadgo‘ylik, yolg‘on maqtovlar, qo‘shib yozish, yo‘q narsani bor deb ko‘rsatish kabi illatlar mavjud ekan, biz to‘la erkin bo‘lolmaymiz, demoqchi bo‘ladi shoir. She’rdagi badiiy bo‘yoqlar vositasida berilgan satrlardan anglanadigan eng achchiq haqiqat shuki, xalqning qalb ko‘zi ochilib, millat va yurt taqdirini o‘ylamas ekan, Vatandagi har bir shaxs o‘zini erkin his etib, o‘z so‘zini baralla aytolmas ekan, barcha ma’naviy illatlar Istiqlolning istiqboliga soya solishi mumkin.
Kimdir ko‘z tiksa ham, aniqki, millat,
Dushmanning yo‘lini to‘sishga qodir.
Ammo beklarining royiga boqsam,
Negadir ko‘zimdan yosh sizayotir.
Ha, bu millatning kuchu qudrati cheksiz. Har qanday dushmanga bas kela oladi. Ammo shoirning hadigi ular orasidan saralanib chiqayotgan kimsalarning ilmu amalida...
Najmiddin Ermatov ijodining asosiy yo‘nalishini shu kabi she’rlar tashkil etadi. Xususan, “Bir yoqda...” deb boshlanadigan she’rida ham hayotning achchiq haqiqatlari badiiy uslubda ifoda etiladi. Unda ham shoir jamiyatning o‘tkir muammolari: davlatni talayotgan amaldorlar, yo‘qchilikdan xorijga ish izlab ketayotgan yosh yigit-qizlar, beparvolik, loqaydlik kasalining urchib ketgani, yolg‘onchilik, kazzoblikning ko‘payib borayotganini qalamga oladi. Bu bir qarashda Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” she’rini yodga soladi. Ammo undan farqli ravishda bu yurt mustaqil, allaqaysi yovlar tomonidan toptalmagan. Rivojlanish, yuksalish uchun imkoniyat yetarli. Ammo xalqning, odamlarning beparvoligi, faqat o‘z manfaatini o‘ylashi yurtni tanazzulga tortmoqda.
Bir yoqda hammasi o‘tkinchi go‘yo,
Bir yoqda har biri jon berishga teng.
Bir yoqda izmidan qo‘ymaydi dunyo,
Bir yoqda bir yoqqa ketging kelar sen.
Shoir agar shu she’rlarini o‘tgan asrning 30-yillarida yozganda bormi, naq NKVDning yerto‘lasida o‘tirgan bo‘lardi. Hech kim uning “men davlatga emas, ayrim korchalonlarnig ba’zi qing‘irliklariga qarshiman, mana, xalqimizning, davlatimizning kuch-qudratiga ishonib turibman-ku”, deganiga qarab o‘tirmasdi. Tushunib-tushunmay, shundoq siyosatga qarshi qo‘yardiyu, keyin... Yaxshiyam, mustaqil Vatanda erkin so‘z aytish baxti bor.
She’rda, badiiy nutqda asosan ramzlar so‘zlaydi, tuyg‘ular to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki istioralarga, tashbehlarga o‘ralib, o‘quvchiga yetkaziladi va undagi tagma’nolarni topgan, his qilgan kitobxon ham ana shundan maza tuyadi, rohatlanadi. Najmiddin Ermatovda esa ochiqcha, yalang‘och satrlar ko‘proq uchraydi. Uning lirik she’rlariga ham ijtimoiy muammolarni tiqishtirishi, o‘quvchining tushunmay qolishidan hayiqibmi, ayrim voqeliklarni maydalab izohlashi shoirning jurnalistika sohasida ishlayotganining ta’siri bo‘lsa ajab emas. Aslida, bugunning poyetik tafakkuri baland o‘quvchisi uchun ham birgina ishoraning o‘zi yetarli.
“Turon sog‘inchi” shoirning endigina ikkinchi kitobi. To‘plamga to‘qsonga yaqin she’r kiritilgan. Havaskorlikdan o‘tib, katta shoirlik da’vosini qilayotgan, xalqni so‘ziga ishontirib, ortidan ergashtirishga qodir ijodkor uchun bu kamdek ko‘rinadi. (Balki, e’lon qilinmagan asarlari ko‘pdir...) Ijodiy imkoniyati eng cho‘qqiga chiqib, salohiyati yuksalib turgan bu davrda sermahsullikni oshirsa, katta-katta poyemalar, she’riy dostonlarga qo‘l ursa, o‘zbek adabiyoti uchun ham katta xizmat qilgan bo‘lar edi. Zero, o‘zi bir she’rida aytganidek:
Shukrki, hozircha umid bor,
Bir xovuch uyg‘oq bor, bor hali imkon.
Bir yorug‘ qon bordir oqarga,
Aytarga so‘z bordir begumon.
Bir yovqur ruh bordir shuurda,
Vatan bor – arzirli bersa jon.