July 30

Bekzod O’KTAM: G’AYRIVOQE’ MUHIT SARHADLARIDAGI YOLG’IZLIK

“Bir tushning evrilishlari” kitobi boshidagi dastlabki hikoyalar qalbga tinim bilmayotgan dengiz to’lqinlari yanglig’ ta’sir etsa, “Borxesga muxammaslar” turkumi sokin, tinch oqimda o’zi bilan yangi manzillar sari olib ketadi


B i r g a p b i l a n a y t g a n d a, kitob peshtaxtalarini xom-xatala yozildiqlar chinakamiga zabt etgan, kimlar uchundir kitob yozish pista chaqishday, saqich chaynashday oson mashg’ulotga, ermakka aylangan, so’z san’atiga muhabbatli insonlardan birining e’tirofi yanglig’ “O’tirsa roman, tursa qissa, yursa hikoya yozib qo’yadiganlar” urchigan, ne-ne ulkan daraxtlarning bahosiz umriga zomin bo’linib, bemisl qog’ozlar uyumi qora etilayotgan bir chog’da, yozuvchi va tarjimon Sharifjon Ahmedovning marrani baland olgani shunda namoyon bo’ladiki, “Bir tushning evrilishlari” deya ismlangan birinchi kitobi erta emas, kech emas, naq ellik yoshi miyonasida rus yozuvchisi Andrey Platonovning “Jon”, Argentina adibi Xorxe Luis Borxesning “Al-Muhtasimga yaqinlashuv” asarlari o’zbekchaga o’girmasi bilan barobar dunyo yuzini ko’rdi va muallif uchun kitoblari ibtidosi umrining qay fursatida bosma taboqqa olinishining farqsizligini, adabiyot atalmish bu ko’hna saroyga kirish emas, mangu qolish muhimligini dadil isbotlab berdi – so’zga, voqeaga, hayotga o’zgacha nigoh qatlamlari ushbu murakkab yo’ldagi mashaqqatli qadamlarni qat’iylashtirdi – bir qarashda g’ayritabiiydek ko’rinadigan mazkur bitiklarni jonajon adabiyotimizda butkul yangilik desak adabiyotimizning, yangilik emas desak muallifning haqi ketib qoladigandek edi, boisi, bungacha, voqea-hodisasi belgilangan xos chiziqlar doirasida ro’y beradigan an’anaviy ijod muhitini yorib birgina nasrda Temur Po’latov, Murod Muhammad Do’st (“Galatepaga qaytish”), Xurshid Do’stmuhammad, Ahmad A’zam (“Ro’yo yoxud G’ulistonga safar”), Olim Otaxon, G’affor Hotam, Mirzakalon Jo’rayev, To’xtamurod Rustam, Nazar Eshonqul, Shodiqul Hamro, Salomat Vafo, Murod Chovush, Ulug’bek Hamdam (“Yolg’izlik”), Umid Ya’qub (“To’lqinlar unutgan tosh”) kabi mualliflar o’zgacha asarlarini keng kitobxonlar ommasiga havola etib ulgurgandi – Sharifjon Ahmedov “rutubatli va dilgir olamning befayz manzaralari emas, bil’aks, novoqe’ voqelikning, boshqa bir olamning hali ko’plar bilmagan, ko’nikilmagan manzaralari ehtiros va muhabbat bilan muqarrar etilajak”ligi (“To’rtinchi qavatdagi…” hikoyasidan) va’dasi ila g’alati yozmishlari serob o’sha muhtasham safdan o’ziga munosib o’rinni band etdi – garchi mutolaa asnosida, bag’ritosh kentcha lahjada “Okasi, insof bilan-da endi, Buenos-ayreslik kitobxo’rga shaydolikning ham had-hududi bo’lishi kerak-ku axir…” degan o’ylar ko’ngil qatlaridan bodrab chiqsa-da, umrining ikkinchi yarmini ko’zi ojizlikda o’tkazgan va zinhor-bazinhor mutolaadan to’xtamagan, g’arib bu olamni ulkan kutubxona deya tasavvur etib, adabiy dunyoni abadiy asarlar bilan boyitgan Borxes taqlidchisi degimiz kelmaydi – qo’lida olis va serquyosh o’lkalarning sitrusini tutgan odamdan o’sha mevalarning xush bo’yi taralishi tabiiy-da, Sharifjon Ahmedov ham Lotin Amerikasi adabiyoti tadqiqi bilan jiddiy shug’ullanar, shunday ekan, kenglik qilmaslik insofdan emas – buni muallifning o’zi e’tirof etgani kabi hikoyadan tavallud topgan muvoziy hikoya tarzida izohlasa to’g’riroq bo’lar ehtimol – ekanki, Borxes “Xotirago’y Funes” hikoyasida “bashariyat ibtidosidan boshlab yer yuzida yashab o’tgan barcha bandalar xotiralaridan ham mo’lroq” xotiraga ega obrazni uyqu havzalarida, nihoyat, orom topish uchun o’zini, atrofda kechayotgan borliqni tamoman unutishni, uyqusizlikdan xalos bo’lish umidida qog’ozda gavdalantirarkan, Sharifjon Ahmedov o’sha hikoya boshida Ireneo Funes qo’lida tutib turgan allaqanday uqubatgulga diqqat qaratib, u haqda katta bir hikoya (“Xonamdagi uqubatgul”) yozib yuborganiga nima deysiz (ayni o’rinda, moziykashlik kulliyotida o’qib yurarkanmiz, dunyo ko’rgan ustozimizning “Biz tarixni ibtidoiydan tortib, shu kecha-kunduzgi ikir-chikirlarigacha o’rganamiz, go’yoki o’tmishda kechgan hamma narsadan boxabarmizu, aslida hech birini tuzuk-quruq bilmaymiz, buning o’rniga ulkan moziyning yashirin xazinalari zarramisol misqolini, xususan, butkul yo’qolib, nom-nishon qolmaganu, biroq o’z paytida dami davrni titratgan kelьtlar bayrog’inimi, yo o’zimizda, kutilmagan va katta islohotga qo’l urgan Abdullaxon II zarb ettirgan oltin tangalar haqida o’rgansak, ilmga ko’proq nafimiz tekkan bo’lardi”, degan so’zlari tarqoq xayol sarhadlarimizga beso’roq qo’shin tortib keladi), nishonimizdagi muallif “Xotirago’y Funes”ning aksi o’laroq, neki taassurotlari bo’lsa, barini shuuriga joylaguvchi Ireneodan farqli tarzda – butun umrini, barcha xotiralarini unutib yuborishga mahkum, eng so’ngida esa hatto yashash ham yodidan chiqajak bir kimsa haqida hikoya bitishini bildiradiki, galdagi sahifada ushbu ahdning isboti bo’y ko’rsatadi – birvarakayiga “men”, “sen” va “u” tilidan egasi aytilmay bayon qilingan “Bir bemor voqeasi”da kechikkan infantilizm bilan ertaki dementsiyaning qanaqadir qorishmasiga chalingan qalamkash bu dunyoga biror-bir xotirasini ham qoldirishni istamagandek jimgina qazo qiladi – “bemor” tomirlarini paypaslagan do’xtirning deyishicha: “Neki bo’lsa, barini beomon unutib borgan bemorimiz oxiri nafas olib yashash kerakligini ham tamom esidan chiqaribdi”; bo’ldimi, muallifning adabiy istaklari sabab bir inson umri shunchaki poyon topib ketaveradimi – qizig’i ham shundaki, o’sha “bemor” bir vaqtlar, borliqda sunbula hukmron chog’larda uzuq-yuluq xayollarini bir tizimga solishga urinib, anhor yoqalab borarkan, ko’pdan beri bezovta qilayotgan, ichki oqimlari tizginga solinsa, tuzuk hikoya bo’lajagi xayol qilingan bitiklar haqida o’ylardi: o’zi bilan baqamti yashagan mardikor so’zlab bergan voqealar silsilasida bobokalon – bandai solih Filaretu Yemelьyan Pugachyov bosh ko’tarishi, Napoleon bosqinidan dekabristlar qo’zg’oloniga qadar, yalangoyoqlar alvon bayroq ko’tarib hokimiyatga kelishi, tosh shaharning yer silkinishidan vayron bo’lishiga doir kechmishlar aks etgan va bularning barchasi avlod taqdirida muhim rolь o’ynardi; buyuk maqsadlar yo’lida kurashib, e’tiqodi sofligini saqlash ko’yida hatto olovga tashlanishlariga ham rozi ota-bobolarning vorisi aroqqa ruju qo’yib, uysiz-boshpanasiz daydiga aylangan, asliyatiga qaytishga bir necha bor uringanu uddasidan chiqolmagandi – ushbu tafsilotlar isrof qilinmasdan qolgan gap “Lera-Larivon” hikoyasida rivoj oladi; umuman, bunaqasi – kichik voqea-hodisa hamda qahramonlar kechmishini o’zga asarlarda ravnaq ettirish tajribasi dunyo so’z san’atida, xususan, o’z adabiyotimizda ham uchraydi, deylik, “Galatepaga qaytish”dagi saodatmand G’aybarov “Iste’fo”da noyob kitob topib bergani fonida o’zi istagan hayotga qay bir ma’noda erishgani ifoda etilsa, shu asarda bo’y ko’rsatib ketadigan, “Dashtu dalalarda” kuyov navkarlarga qo’shilib kelinnikiga borgan va qizdan quruq qolgan sho’rquduqlik yigitlarning g’ayirligi sabab otilgan toshdan boshi yorilgan G’uchchi chol “Bir toychoqning xuni”da asosiy qahramonga aylanadi; binobarin, Sharifjon Ahmedov o’z hikoyalari barobarida Borxes asarlaridagi kichik elementlarni rivojlantirish xususida o’ylaydi: argentinalikning “Kolrij tushi” hikoyasida ingliz shoiri Semyuel Teylor Kolrij tushida namoyon bo’lgan doston – “Qubla Xon”ni qog’ozga tushirar asnosida eshik taqillab qoladi va shoir xizmatkori chorloviga ko’ra tashrif egasiga javob berib, ishining davomiga qaytib anglaydiki, tushning umumiy manzarasi ko’rinib tursa-da, sakkiz-o’n misradan boshqa barcha satrlar daryo yuzasidagi halqalar yanglig’ g’oyib bo’libdi; xo’sh, uning mo»jizaviy tushini qog’ozga tushirishiga xalaqit bergan kim edi, odatiy o’quvchi bunga u qadar e’tibor qilmay “Eh, chakki bo’pti-da” degan xayolda galdagi satrlar aro ko’z yugurtirib ketaveradi, muallifimiz esa “Porlockdan kelgan odam” nomli hikoya bitib, Kolrij xayollarini parokanda etib sinoatli doston qog’ozga tushirilishiga xalaqit bergan odamga to’n bichadi: u shunchaki gazlama sotuvchi va ayni paytda qalamidan nazmiy satrlar to’kilgich kimsa edi, ash’orlarini shu yaqin-atrofda qo’nim topgan katta shoirga ko’rsatib, baho olmoqchi bo’lgandi, u qayerdanam bilsin birgina eshik taqillatishi sabab o’zi va nazardan chekka qishlog’i nomi adabiy sarhadlardan muqim joy olishini; yoki bo’lmasa, Olim Otaxonning “To’rtinchi qavatdagi sarg’ish deraza” hikoyasi ta’sirida “To’rtinchi qavatdagi…”ni bitar ekan, “umidsizlik ichra bir umid va’dasi bilan yakun topgan ushbu hikoya” asosida yangi asar yaratishni muddao etadi muallif: “Bu shunday hikoya bo’ladiki, asliyat qahramonining oromini buzib, uning butun xayolini o’g’irlagan to’rtinchi qavatdagi o’sha sarg’ish deraza ichkarisiga qadam qo’yamiz va ana o’sha ichkarida yillar davomida qamalib olgancha endi tashqarini kuzatamiz”; ayni niyat manzarasini “Yalanglik sohibi”da ko’ramizki, bu yerda nechuk argentinalik kitobxo’r ko’rinmayapti, deb turgan chog’imizda, voqealar aro kitobdorga berilgan qo’lyozmalar, qarangki, Borxesning “Alif” asari muqovasiga solib keltirilgan ekan (!); umuman, muallif inson ruhiyati taftishini so’z san’ati imkoniyatlari, hali “ochilmagan qo’riq”lar bisyorligi bilan, inson tafakkuri, dunyoga o’zgacha nigoh bilan qarash orqali ochib berishga intilishini e’tirof etmaslik mumkin emas; adibimizga xos yana bir uslub shunday ekanki, Borxes nomi bilan o’quvchini avrab, Argentinaning boshqa bir adibi Xulio Kortasar yo’llaridan olib o’tishning mahorat bilan uddasidan ham chiqarkan: oddiy misol, “Xonamdagi uqubatgul”da bosh qahramonning, asl vatani Janubiy Amerika bo’lgan, o’zaro muhorabalardan horigan hindular uyqudori va tinchlantiruvchi malhamlar tayyorlagan, mutaassibona kayfiyat sababidan Iso masih iztiroblari timsoliga aylangan passiflora degan gulga shaydolik savdolari Xulio Kortasarning “Aksolotl” hikoyasidagi amblistomlar naslidan bo’lgan, atsteklarga xos shapaloqdek pushti yuzi meksikalik ekanini tasdiqlab turgan, bir qarashda insonga ham o’xshaydigan, ham o’xshamaydigan g’aroyib baliqqa bo’lgan hadsiz muxlislikni beixtiyor esga soladi; “Bir bemor voqeasi” esa Kortasarning “Hamshira Kora” hikoyasi egizagi deysiz go’yo – olmoshlar, voqealarning navbatma-navbat “men”, “sen” va “u” tilidan hikoya qilinishi bunga asos beradi: Kortasar-ku hikoyada mutlaqo “insof” qilmaydi, olmoshlar ravishini hech bir ishorasiz, na abzats, na bir tinish belgisiz olib ketaveradi, Sharifjon Ahmedov esa so’zlovchilarni alohida-alohida ajratib ko’rsatadi hartugul va olmoshlardagi ana shu “tartib” “To’rtinchi qavatdagi…” hikoyasida ham davom etadi; aytishlaricha, Borxesning kitob haqida fikr yuritilmagan biror asari yo’q ekan, Sharifjon Ahmedovda esa barcha voqealarni tush va uning evrilishlari birlashtirib turadi, yana deng, hamma hikoyalar markazida yolg’iz inson turadi – “Xonamdagi uqubatgul” deysizmi, “Bir bemor voqeasi”, “Lera-Larivon”, “Porlockdan kelgan odam”, “Yalanglik sohibi” – barida taqdir oldidagi tanho kishilarni, aslida azaliy haqiqatni ko’ramiz, yo bo’lmasa, bir gal chumoli bo’lib, bir gal odam bo’lib yozadigan yozuvchiyam, tamaki tutuniga qasida bitadigan qalamkash ham yuqoridagi toifadan xorijda emas; inson yolg’iz bo’lganida har turli fikrlar o’z tomoniga og’dirishga intilaveradi, shundanmi, ko’p o’rinlarda matn oqimiga asosiy urg’u berilib, voqea kuchi susayib qolgandek ham tuyuladi o’quvchiga, Dostoyevskiy romanlarida eshik taqillatib birov kirib kelishidan yurak hovuchlab turamiz-ku, kimdir keldimi, ana endi kamida 15-20, bo’lmasa 30-40 betli xonanishin suhbatlar muqarrar deyavering; yakdil e’tirof esa shuki, “Bir tushning evrilishlari” kitobi boshidagi dastlabki hikoyalar qalbga tinim bilmayotgan dengiz to’lqinlari yanglig’ ta’sir etsa, “Borxesga muxammaslar” turkumi sokin, tinch oqimda o’zi bilan yangi manzillar sari olib ketadi – Portugaliya bilan andijonliklar “po’rtahol” deydigan meva o’rtasida ne bog’liqlik bor, Minotavr nega o’zini qatl etishga kelgan kimsaga hech qanday qarshilik ko’rsatmadi, yoinki evrilgan tushlarda akslangan sho’rolarning Bobil minorasi haqida g’aroyib matnlarni ko’rasiz; bir qadar mashaqqatli kechgan mutolaadan so’ng kitobni yoparkansiz, dunyo ko’zingizga allaqanday o’zgacha, nedir yangi sir-sinoatlarga to’la ko’rinishda namoyon bo’la boshlaydi, buni ifodalash shakllari ham o’zgarganini dabdurustdan payqab qolasiz va o’sha asnoda ichingizda bir hukm yangraydiki, g’aroyib uslubdagi ushbu kitob haqida aytiladigan gaplar ko’p va yakuniy va yakkash nuqtani qo’yishga hali ancha vaqtli…