February 5

Yashalgan hislar hikoyalari - MohiRa “Qirq birinchi kun”

Assalomu alaykum. “Akademnashr”ning “Izlam” to‘plami 2-qismi nasriy kitoblaridan MohiRaning “Qirq birinchi kun” ni anglashga urinamiz.


To‘plamdan yozuvchining “Qo‘rqinchli emas, mas’uliyatli” “Katena”, “Tugallanmagan kuy”, “Hayotga kirish”, Qirq birinchi kun”, “Majruh”, “Chempion”, “Ninachilar qarg‘ishi”, “Choyxona”, “Qaytish”, “Olov raqsi”, “Zarnigor”, “Devor”, “Yuzma-yuz”, “Qizim To‘marisga”, “Aytar so‘zing bo‘lsin” kabi 16 ta asari o‘rin olgan. Ulardan “Qo‘rqinchli emas, mas’uliyatli” (shartli ravishda), “Katena”, “Qizim To‘marisga”, “Aytar so‘zing bo‘lsin” esse janrida yozilgan bo‘lsa, qolgan asarlar hikoyalardir. Shu o‘rinda oldinga ketib bo‘lsa-da, aytmoqchimanki, ba’zi hikoyalar mazmunga ko‘ra romanga tortsa, ba’zilari tayyor kinoqissalardir (bu janrda Erkin A’zamning asarlari bor).
Kitobdagi turli xil insonlar bilan tanishar ekanmiz, yozuvchi, avvalo ularning qalbiga, kechinmalariga e’tibor qaratadi. Qahramonlar asosan har xir yoshdagi ayollar bo‘lsa-da, yozuvchi bugungi moddiylashgan, iste’molchilik kayfiyatidagi jamiyatimizda qizlar, ayollarning orzu-umidlari, intilishlari, ko‘ngil kechinmalari, nozik qalbining tub-tubidagi evrilishlarni samimiy, diltortar ohangda va eng muhimi, esda qolarli, xolis tarzda tasvirlab bergan.


Shu bois, ularning barchasi kitobxon sifatida menga yoqdi, hayratlantirdi, kuldirdi, o‘ylantirdi, qayg‘uga soldi, dars berdi.
“Katena” essesi qissanavisning o‘z buvisiga ko‘ngil bo‘shatishi bo‘lib, unda yosh qizaloqning esini tanigan vaqtidan boshlaboq iztirobda qolgani, kayvoni momosining qaysarligidan aziyat chekkani bilan tanishamiz. Momoning qizcha onasiga bo‘lgan adovati oqibatida murg‘ak ko‘ngil juda kech mehr ko‘radi bu insondan. Esse hayot o‘tkinchiligi haqidagi hasratli qissa. Unda barcha qizlarning ko‘nglida kichkina malika yashashi, ularning qalbi sinishga moyil shishadek bo‘lishi zo‘r ko‘rsatib berilgan.
“Qizim To‘marisga” essesi esa “Katena”ning davomi bo‘lib, unda hikoya qiluvchining tug‘ilajak qizi bilan bog‘liq onalik orzu-umidlari, tabiiyki, xavotirlari tasvirlanadi. Ushbu ikki asarda uch avlod - “momo-ona-qiz” o‘rtasidagi bog‘liqlik, ko‘ngil intilishlari, jamiyatimizda ayollarga nisbatan johilona, kerak bo‘lsa, bir buyumday qarashning naqadar yomonligi, jirkanchligi ortiqcha bo‘yoqlarsiz boricha qalamga olingan. Shu bois, bu asarlarni ayollardan ko‘ra, erkaklarimiz o‘qishsa, hech bo‘lmasa, mazmuni bilan tanishishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Ushbu asarlar bilan yozuvchi, go‘yoki, g‘aflatdagi odamga, yumshoq qilib aytganda, tarsaki tortib yuborgan.
“Tugallanmagan kuy”, “Hayotga kirish”, “Chempion”, “Yuzma-yuz” hikoyalari mazmuman romanga do‘na oladi. “Tugallanmagan kuy”ni o‘qib, ijod sohasi vakillarining yoshlikda yozganlari ko‘proq toza va samimiy bo‘lishiga amin bo‘ldim.
Odatda ikki notanish inson sevgi, do‘stlik sabab bir-biriga yaqin bo‘lar ekan, ularning avvalo ruhlari bir-birini topishi, shundan so‘nggina bizga ko‘rinadigan jismoniy hamohanglik yuzaga keladi. “Hayotga kirish” hikoyasi shunday ruhiy mutanosiblikni bayon etadi.


“Chempion” qahramoni biz uchun noodatiy obraz bolalar uyidagi ko‘ngli singan qiz iztirobi haqida uch xil rakursdan so‘zlaydi. Shunchaki ajoyib.
“Yuzma-yuz”da esa, ijtimoiy tarmoqqa mukkasidan ketgan bugungi kun odamlariga dunyoda qalbi orzularga to‘la, lekin, o‘limini kutishga mahkum yosh bolalar borligi, ular oramizda yashayotgani eslatilgan.


Hammamiz risoladagidek bo‘lishga, jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarga bo‘ysunishga intilamiz. Bu intilishimiz shu darajaga yetdiki, “odamlar nima deydi” degan vasvasa barchamizni qiynaydi. “Sen avvalo insonsan, bu dunyoga bekorga kelmading, shu vasvasalar ichida hayoting o‘tib kelmasin” demaydi hech kim. “Qirq birinchi kun” ramziy hikoyasi shu haqda. Ya’ni, bu asar “inson jamiyat qobig‘idan chiqsa, erkin bo‘lsa, nima yuz beradi?” degan savolga javob izlaydi va “o‘z hayotingizni yashang” deydi.


“Majruh” ko‘zbayamachilik, soxtalik, nosamimiylik insonni xarob qilishi haqida so‘zlaydi. Beixtiyor Jaloliddin Rumiyning “yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l” hikmati esga tushadi.
Oilaboshi bo‘lgan erkaklarga aytamanki, biz ayollarni tushunmaymiz. Axir, ular ham kimningdir murg‘ak malika qizi, singlisi, opasi. Hech bo‘lmasa, sinovli kunlarda ularning yonida bo‘lishga, dalda berishga, tirgak bo‘lishga harakat qilaylikki, ho‘, o‘sha bolaligidagi malika paytini lahzalarda bo‘lsa ham his etsin. “Ninachilar qarg‘ishi” hikoyasi shunday xulosalarga majbur etdi.


Kitob qahramonlari faqat ayollar emas, unda bir umr moddiyat izidan quvib, umri intihosida yiqqan narsalari endi eskirganini anglagan, ko‘ngliga quloq solmagan, endi esa o‘zi ham shu eski-tuskilarning biriga aylangan o‘lim oldidagi keksa erkak haqidagi “Choyxona”; mudom aybdorlik tuyg‘usini bilan yashayotgan, uni tan olishga qiynalgan yigit haqidagi “Qaytish” hakoyalari ham o‘ta ta’sirli. Har ikki asar moddiy boylik insonga kerakligi, lekin ayni vaqtda, ruhiyatni, axloqni ham to‘g‘ri ma’noda to‘ydirish lozimligini eslatadi.


“Olov raqsi”, “Devor” ramziy hikoyalari “inson qachon va qanday holda baxtli bo‘ladi”, degan savolga javob izlaydi. “Zarnigor” esa orzularidan voz kechgan bozorchi qiz haqida.


Xulosa o‘rnida, kitobxonlarni yangi, iste’dodli yozuvchi bilan tabriklayman. Chunki sizda Zulfiya Qurolboy qizi, Ma’mura Zohidova, Nodirabegim Ibrohimova, Raxshona Ahmedova kabi o‘zbek ayol yozuvchilarning yana bir vakilasi asarlari bilan tanishish imkoni bor.


MohiRaning hikoyalarida e’tiborli jihatlardan biri u bugungi jamiyat kayfiyati, intilishlari, fojealarini xolislik nigohi bilan tasvirlagan. Asarlarni mutolaa etar ekansiz, qahramonlar hech biri begona emas, oramizda, yaqinlarimiz ichida borligini anglaysiz. Ularni yanada qadrlagingiz keladi.


Yozuvchining ijodiga omad tilayman va keyingi asarlarini kutib qolaman.

Kitobdan ayrim iqtiboslar:
- Katta bo‘lsang, bayramlarni kutadigan bola qalbingni yo‘qotib qo‘yar ekansan. Bolalar o‘zlarining muhim va sevimli odam ekanini bilishni istashadi. Kattalarda ham shunday;
- Bizning hozirgi jamiyatimiz farzandning alohida shaxs sifatida tarbiyalanishiga yo‘naltirilmagan, u alohida “bosh” emas, ota-onasining bo‘ynining davomi bo‘lishi kerak;
- Ustoz, xitoyliklarning o‘tish davrida yashashdan ham yomoni yo‘q degan mazmundagi aforizmi bor edi. O‘sha gapni ta’limni o‘yinchoq qilishayotgan vaqtda o‘qigan men kabilar yaxshi tushunishadi;
- Nima qilishni bilmayotgan, bilmay oldinga qadam bosib, yo‘qlik sari ketayotgan yoshlar ichida kuzatuvchi maqomida o‘tiribman;
- Ha, ko‘nglim yaqin, men sevgan, meni sevgan odamlarim, oilam, do‘stlarim – mening Vatanim;
- Lekin qadriyatlar o‘zgaryapti. Kelajakdagilar uchun fikrlarimiz ham, kitoblarimiz ham, balki, ahamiyatsiz bo‘ladi. Bundan buyog‘iga keluvchi avlodlar inkor etuvchilardir. Ular o‘zi haqida qayg‘uradi, o‘ziga yo‘l izlaydi, o‘tmishdagi bizning namunali hayotimizga tupuradi;
- men Sizni tik qarashga majbur etmoqchi bo‘lganim - bir qizaloqni erta ulg‘aytirgan haqiqatlar. Katena (shevada buvi), Siz endi yo‘qsiz. Avvalari qachondir kelib bu hayotda bo‘lmasligingiz mumkinligi haqida hech o‘ylamaganman... Xayriyatki, hayot o‘zi va boshqa Odam bolalari kabi meni ham ikkiyuzlamachilikka o‘rgatgan... Afsuski odamlar bizni tark etgachgina hayotimizdagi o‘rni naqadar muhim bo‘lganini anglaymiz... Odam odamga berishi kerak bo‘lgan eng oson, eng arzon ne’mat - mehrni nega buncha kech topdim sizdan?;
- Men odamlarni tushunishni istayman. Qo‘rqmasdan, oqibatini o‘ylamasdan, boricha, ko‘ngilni berib, sevishni istayman;
- Qorni to‘ygan, miyasi qotgan, insoniylik, san’at, inja hislarni anglamaydiganlar, quruq savlatlar ichida kuy chalishga majbur qilasiz;
- odamlar doim ketish uchun kuchni qayerdandir topishadi, lekin shu kuchni qolish uchun sarf etganlarida, ehtimol, hozir baxtsiz odamlar, afsuslar, buzilgan oilalar juda-juda kam bo‘lardi;
- Paradoks. Ko‘ngil berganlarim mendan yuz burishgan, meni sevganlarga esa befarq bo‘ldim;
- Bir sutkadan buyon o‘chirilgan telefonni yoqdi. Hali o‘zining issiq tafti ketmagan o‘rniga quladi. Shu bilan telefon ichiga kirib ketdi;
- Asila o‘shanda yigirma yoshli, istarasi issiq, samimiy bir qiz edi. Bu yoshdagi qizlarning xunugi bo‘lmaydi, chunki yoshlik bu tiriklik, uning o‘zi - bari go‘zalliklarning asosi;
- Ilk bor o‘zini boricha qabul etdi va qanot qoqdi;
- Biz bir-birimiz uchun eshiklari doim ochiq, istalgan vaqtda Yurak va Haqiqat bilan kirib borish mumkin bo‘lgan olam bo‘lishni istagandik;
- Kattaroq bir amaldor matbuot anjumanida jurnalistlar qarshisida turar, bir soatlar chamasi aniq savollarga mujmal javoblari bilan yig‘ilganlarning ensasini qotirib o‘tirardi;
- Ona qanday ayol bo‘lishidan qat’iy nazar, qiz uchun eng aziz inson-ku. Ayniqsa buni biz - mehribonlik uyi bolalari teran his qilamiz;
- Ota uyida “yaqindagi tepishar” bo‘lib ulg‘aygan qizlarni “uzoqdagi dunyo” yaqinlashtirgandi. Ko‘plab opa-singillar qatori ular ham turmushga chiqqachgina qalinlashgan edi;
- O‘z bolamga malol kelayotgan bir paytda, nimadir evaziga bo‘lsa ham bu mehribonchilik baribir yaxshi... Lekin bir narsa og‘ir. O‘limingni boshqalarga qo‘shilib o‘zing ham kutishing va qiladigan ishing qolmaganini bilib yashashda davom etish... Ham zerikarli;
- Nega senga kerak bo‘lmagan narsalarni deb joningni jabborga berding? Yig‘ding, uy qilding, yig‘inding, dang‘illama to‘y qilding. Bular o‘zingdan boshqa hammaga kerakdir, lekin o‘zing nimani xohlagansan?;
- Ta’ziya marosimlarida nabiralar ham bel bog‘lab, “Bobomlab” turishar, kattalar o‘rgatgan gaplarni aytib yig‘lashardi;
- Shamolni qafasga qamab bo‘lmaydi-ku, qullikda tiriklik bo‘lar, ammo sen bilan men bir paytlar orzu qilgan baxt bo‘lmaydi-ku?
- Sal narida o‘yin-kulgu, bayram avjida, to‘g‘risi, bemor bolalardan ham ko‘ra ko‘proq biz xursand ko‘rinar edik. O‘zimizni yaxshi, savob ish qilayotgan odamday his qilar, o‘z-o‘zimizdan sarmast edik. Juda jirkanch manzara edi bu. Biz ikkiyuzlamachi, arzon, siyqa odamlar edik... Fojiamiz yo‘q edi va bu eng katta fojiamiz edi;
- Sen uchun qiladigan eng birinchi ishim – senga yaxshi ota tanlashdir. Buning ma’naviy–moddiy muhimligidan tashqari, yana bir asosiy jihati shundaki,.. erkaklar haqidagi ilk tasavvurni otangdan olasan;
- Sen odamlarning va dunyoning ko‘ziga mehr-muhabbat so‘rab mo‘ltirama, bolam, kutma ham, balki sevgining o‘ziga aylan. O‘zingda borini ulash boshqalarga ham;
- Ayol bu shunchaki odam emas – shaxs sifatida qaralishi uchun o‘zi harakat qilishi, tan oldirishi uchun kerak bo‘lgan, o‘z tanasiga o‘zi egalik qila olmaydigan, har qadami nazoratda bo‘lgan va ma’lum ramkadan chiqmasligingni talab qiluvchilar bilan o‘ralgan, egasi, so‘rovchisi, tartibga chorlovchisi, gap qiluvchisi ko‘p bo‘lgan ayol...;
- Moddiyatdan baland bo‘l, ko‘zi to‘q, ma’nan boy bo‘l, har qanday narsaning to‘lovi borligini unutma;
- Istardimki, har kimning Dunyoga aytar so‘zi bo‘lsa;
- Samimiy va ko‘ngildan chiqqan, yashalgan hislarning yozilgani o‘lmaydi. Chunki unda tirik odam bor.

Avaz Alijonov