Yangi yil va Islom dini
Avvalo Yangi yil bayramini shunchaki bayram deb qabul qilishni o‘rganishimiz kerak. O‘zgacha bo‘lishi mumkin emas, Qorbobo, qorqiz, archa bu shunchaki ramziy ma’nodagi qahramonlar xolos.
Qorboboga yoki yangi yilga shundoq ham hech kim to’liq ishonmaydi. Lekin odam har kunini bayram qilib o’tkazishi Yaratgan unga bergan har kunga shukr qilishi bilan barobar.
Videoda domla, yangi yil nasroniylarni bayrami deydi. Lekin Yangi yil nasroniylarni bayrami emas butun dunyo ahlini bayrami. Sababi Xristianlikda diniy bayrami 25 dekabr hisoblanadi va bu sanada xristianlar Iso Masihning tug’ilgan kunini nishonlashadi. Endi aytingchi, biz qaysi sanada yangi yilni nishonlaymiz. 31-dekabr va 1-yanvarda. Bu sana va nasroniylikning diniy bayrami o’rtasida hech qanday aloqa yo’q. Ammo chalasavod domlalar, mullalar yangi yil va xristianlikning diniy bayrami o’rtasidagi farqni ham bilmaydi.
Bu mullalar g’arb nima qilsa shundan tiyilishga, ular qilgan ishni qilmaslikka chaqiradi. Keling unda G’arbliklar yaratgan televizor, kompyuter, qo’limizdagi bejirim smartfonlar, elektr toki, gaz, neft, tagimizdagi ajoyib mashinalar umuman zamonaviy hayotdagi hamma narsadan voz kechaylik. Qani qaysi musulmon bugun shu narsalarsiz, imkoniyatlarsiz yashay oladi ayting?
Bir yilda 12 oy bor. Bu muddat Yer sayyorasining Quyosh atrofini bir marta aylanib chiqishiga teng. Ushbu 12 oyning eng oxirida esa ya’ni dekabr uning yakunlanish vaqti hisoblanadi. Odamlar yana bir yoshga qarishining belgisi. Va shu oyning 31 dekabr sanasi yangi yilga qadam qo’yish belgisi. Inson yangi joyga, yangi hayotga qadam qo’yar ekan, yaxshi niyat bilan qadam qo’yishi, yaqinlari bilan ushbu yangi hayotni kutib olishi bu tabiiy hol. Yangi yil bayrami esa xuddi shunday yaqinlarimiz bilan birga yangi yilni, yangi orzu-umidlarni, yangi hayotni kutib olish vaqti.
Duolarimizda har kunimiz bayram bo’lsin deymizu, boshqa dinlarga aloqasi bo’lmagan yangi yil bayramini nishonlashga salbiy ko’z bilan qaraymiz. Nega akalar? Yoshligimizda yangi yilni intiqib kutardik, yangi yilda birga quvnardik, yangi yil biz uchun eng zo’r bayram edi. Nega endi bugun bir ikkita bilimsiz domlani gapiga kirib, aslida dinda ham taqiqlanmagan, bayramni nishonlashni to’xtatishimiz kerak? Quroni karimda “qor” degan “qish” degan so’zni o’zi yo’q. Yangi yil bayraminiku aytmasa ham bo’ladi. Quroni Karimda yozilmagan har qanday gapga 100 foiz ishonish bu bid’at.
Yana bir narsa, biz hozir o’zimiz nasroniy deydigan insonlar tomonidan yaratilgan “Grigoriy” kalendaridan foydalanamiz. Grigoriy kalendari bo’yicha bugun biz 2020-yilning 24-dekabrida yashayapmiz. Hijriy ya’ni musulmonlar yaratgan calendar bo’yicha esa hozir biz 1441-yilda yashayapmiz. Endi aytingchi, O’zbekistondagi qaysi odam hijriy yildan foydalanyapti. Kim bugun tashqariga chiqib men 1441-yilda yashayapman deyapti. Masjidlarda ham “Grigoriy” kalendari bo’yicha ish yuritiladi. Nega? Keling bu kalendardan ham voz kechib, 1441-yilga qaytaylik unda. Axir Grigoriy kalendarini xristianlar o’ylab topganku.
Akalar-ukalar farzandlarimizdan, jiyanlarimizdan umuman bizdan keying avloddan hech qanday yomonligi yo’q, xristian diniga aloqador bo’lmagan Yangi Yil bayramini tortib olmaylik. O’zi shundoq ham ularga ko’p vaqt ajrata olmaymiz. Ular shu bayram kuni quvnasin, yangi yilni yaxshi niyatlar qilib birga kutib olaylik. Kim nima desa ishonib ketavermaylik. Islomda shialik, hanafiylik, molikiylik, shofiʼiylik, hanbaliylik, jaʼfariylik va yana bir qancha mazhablar bor. Bugun biz hanafiylik mazhabiga itoat etamiz. Lekin Muhammad s.a.v qaysi mazhabda bo’lganlar bilasizmi, hech qaysi. Sababi u paytda hech qanday mazhab bo’lmagan. Endi ayting sizu-biz payg’ambarimiz amal qilgan islomga amal qilyapmizmi?
Agar butunlay islomiy hayotga qaytsak na siz va na biz bu hayotga chiday olmaymiz. Sizu-biz borib tavof qilishni istaydigan Makka joylashgan Saudiya Arabistoni mamlakati ham Yangi yil bayramini nishonlaydi. Ishonmaysizmi unda mana bu linkka kirib ko’ring.
Birlashgan Arab Amirliklarida Yangi yil nishonlanishi
Misr Arab Respublikasida Yangi yil nishonlanishi
Pokiston Islom Respublikasida Yangi yil nishonlanishi
Indoneziya davlatida Yangi yil nishonlanishi
Malayziyada Yangi yil nishonlanishi
Qatarda Yangi yil nishonlanishi
Quvaytda Yangi yil nishonlanishi
Iordaniyada Yangi yil nishonlanishi
Iroqda Yangi yil nishonlanishi
Suriyada Yangi yil nishonlanishi
Ummonda Yangi yil nishonlanishi
Yana ko’plab musulmon mamlakatlarini misol tariqasida Yangi yil bayramini nishonlayotganliklari isbotini keltirishimiz mumkin. Bizdan ko’ra Islomga kuchliroq amal qilinadigan mamlakatlarda ham Yangi yil nishonlanmoqda. Sababi ular bu bayramni xristian diniga aloqasi yo’qligini juda yaxshi bilishadi. Ularda shayxlar fatvo bersa qirollar ham hech narsa qilolmay qoladi. Lekin shu shayxlar Yangi yilni nishonlashga ruxsat berganda, bizni chalasavod domlalarimiz kim bo’libdi. O’zi umuman qaysidir bayramni nishonlash uchun kimdandir ruxsat so’rashning nima keragi bor.
Yangi yilni nishonlamanglar deb ayuhannos solib chiqayotgan domlalarni uyiga boring, yangi yil dasturxonini ko’ring. Dinga chuqur berilish, hayotimizni jarga yetaklaydi. 21-mart Navro'z bayrami ham Zardushtiylikdan qolgan an'ana hisoblanadi. Uni ham nishonlamaylik. Maylimi?
Ha, biz insonmiz, biz mo‘jizalarga ishonuvchanmiz, hayotimizda mo‘jizalar ro‘y berishini juda ham xohlaymiz, ichimizda bir xohish borki, qani endi bir mo‘jizakor kuch bo‘lsa-yu, barcha muammolarimizni hal qilib tashlashasa.
Lekin bir narsa aniqki, hatto din ham mo‘jizalar asosida yaratilgan, undagi hikoyalar, rivoyatlar mo‘jizaviy ahamiyat kasb etadi, chunki inson ongi shunga ishonishga moyil, kimdandir najot kutadi, kimdir uning taqdirini uning o‘rniga hal qilishini xohlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, bayramni din bilan bog‘lamang, azizlar. Bayram bu bayram, tolerant bo‘laveraylik, har narsada dinni tiqishtirganligimiz sababli din borgan sari qiyinlashib bormoqda.
Biz Yangi yilni nishonlaymiz, nishonlamaymiz deb kichik ahamiyatsiz gaplar orasida o'ralashib yurgan paytimizda, xorijiy davlatlar kosmosni egallamoqda. Odamlar nanotexnologiya, biotexnologiya, fizika va gumanitar sohalarda ulkan ilmiy yutuqlarni qo'lga kiritmoqda.
Biz esa konditsionerdan oqqan suvga tahorat olsa bo'ladimi degan savolga hali ham javob izlab yuribmiz afsus!!!!